"Shamol ortidan yugurib"(taqriz) yo xud vijdon azobi
"Kattalar urushining eng dahshatli oqibati- bolalar qalbi va jismining shikastlanishidir."
Yuliyan Semyonov
"Shamol ortidan yugurib" - 2005-yil AQSHda “Eng ko’p sotilgan kitob”, u asosida ishlangan kino “Oltin globus” g’olibi,
ikki yil davomida “Nyu-York Tayms”ning birinchi raqamli bestselleri va 2004-yilda “Exsclusive Books Boeke Prizde” mukofoti sohibi amerikalik afg'on yozuvchisi Xolid Husayniyning birinchi romanidir. Bu kitob 2003-yil 29-mayda “Riverhead books” tomonidan nashr etilgan bo'lib,
u Kobulning Vazir Akbar Xon tumanidan bo'lgan yosh bola – Amir va uning yaqin do'sti Hasan haqida hikoya qiladi. Bu voqea dahshatli hodisotlar fonida Afg'oniston monarxiyasining qulashi bilan Sovet harbiy aralashuvi, Pokiston va AQShga qochqinlarning ko'chishi va Tolibon rejimining ko'tarilishi bilan bog'liq.
Asarda Amir, Hasan va Amirning otasi – Bobolar asosiy rolni o’ynashdi. Keling, shu uchchala obraz haqida ozgina to’xtalib o’tsam :
Amir badavlat afg'on oilasida tug'ilgan. U bolaligidanoq hikoyalar yozishni yaxshi ko'rar edi, butun umri davomida u yozuvchi bo'lishni xohlardi, o'g'il bolalar uchun odatiy qiziqishlarga e'tibor bermasdi, faqat otasining ko'ngli o’g’lidan o’ksib qolmasligi uchun oz-moz varrak o’ynar edi. Uning fe’li yoshligida yaxshi emasdi, vaqt sayin u yaxshilanib bordi.
Hasan - xizmatkorning o'g'li, Amirning yarim sutli ukasi. U butun umri davomida bir necha bor Amirdan xiyonat ko’rishiga qaramay, Amirga sadoqatligini hech qachon yo’qotmagan.
Bobo - Amirning otasi. U qadimiy an'analarni hurmat qilgan holda "yumshoq" ateyizmga moyil edi. Xotinining vafotidan keyin u o'zining xizmatkori Alining xotini bilan yaqin munosabatda bo'ldi, shu munosabat bilan Hasan tug'ildi. Lekin, bu sir edi, sirni esa faqatgina uning do’sti Rahimxon bilardi xolos. Hayotning ushbu davri Bobo uchun burilish nuqtasi bo'lgan, u gunohini yuvishni talab qiladigan deb hisoblagan va butun hayoti davomida u boshqalarga imkon qadar yordam berishga harakat qilgan. U jasoratligi va erkinligi bilan ajralib turardi.
Syujet :
Bu voqea 1979-2001-yillarda Kobulning Vazir Akbar Xon tumanida bo’lib o’tgan. Amir badavlat otasi Baba bilan yashagan va onasi tug'ish paytida vafot etgan. Bolaligidan Amir otasi uni yaxshi ko'rmasligi, xotinining o'limi bilan bog'liq aybni kechira olmasligi hamisha uni qiynab kelgandi. Yoshligidan boshlab, Amirning yaqin do'sti Hasan edi, u otasining xizmatkori Hazora (Afg'onistonning milliy ozchiliklaridan biri bo'lib, ular ko'pincha "ikkinchi darajali" odamlar deb hisoblanardi) Alining o’g’li edi. Biroq, Amirning otasi Hasanga iltifot ko'rsatib, unga qimmatbaho sovg'alar berarfi va Amir o'z do'stidan otasini qizg’onardi. Hasan Amirga to'la sodiq edi, uni o'zining eng yaxshi do'sti deb hisoblardi, janjallarda unga yordam qilardi.
1975-yilda Kobulda odatdagidek, bolalarning yillik sevimli tadbirlaridan biri bo'lgan varrak uchirish tanlovi bo'lib o'tdi. Bu musobaqada g'alaba qozonish Amirga otasining ko'nglini olishga yordam berardi, deb qaror qildi. U va Hasan birinchi g'alabani qo'lga kiritishdi hamda Amir maqsadiga yetgandi. Hasan varrak qayerga tushishini bashorat qilish qobiliyatiga ega edi va uni ushlashga yugurdi. Uzoq vaqtdan beri qaytib kelmaganini ko'rib, Amir uni qidirishga ketdi va millatchi qarashlari bilan ajralib turadigan yosh Asef va uning ikki do'sti Hasanni qo’lga olib, masxara qilayotganini ko'rdi. Asef Hasanni zo'rlagan bo'lsa ham, qo'rquvdan Amir aralashmadi. Amir nima bo'lganini kattalarga ham, ko'rganini Hasanga ham aytmadi. Hasan oldida o'zini aybdor his qilgan Amir, avvalgi do'stligini qaytarishga harakat qilgan bo'lsa ham, ularning munosabatlarini to'xtatishga qaror qildi.
Buning uchun Amir bema'nilikni o'ylab topdi: u tug'ilgan kuni uchun sovg'a qilingan soat va pulni olib, Hasaning yotoqiga qo’ydi. Hasan nima bo'lganini tushundi, lekin shunga qaramay aybni o'ziga oldi - uning Amirga bo'lgan sadoqati sinovdan o'tgandi. Garchi Bobo Hasanni kechirgan va otasi Alidan uyida qolishini iltimos qilgan bo'lsa ham, ular boshqa shaharga ketdilar. O'sha yili Sovet Ittifoqi Afg'onistonga o'z qo'shinlarini yubordi. Urushdan qochgan Baba va uning o'g'li AQShga jo’nashdi. U yerda Bobo yoqilg’i quyish shaxobchasida ishlaydi va bozorda ham ishlardi. Bobo o’g’lini o’sha davrdagi mashhur kollejlardan birida shifokorlikka o’qittirdi. Vaqt o'tdi, Amir o’z yurtidan bo’lgan oiladan bo'lgan bir qizga oshiq bo'ldi va unga uylandi, lekin ularning farzandlari yo'q edi.
Yillar o'tdi. Amirning otasi saraton kasalligidan vafot etdi va o'zi yozuvchiga aylandi.
Bir kun unga Pokistondan otasining eng yaqin do’sti, yozuvchi bo’lishiga sababchilardan biri – Rahimxondan qo’ng’iroq bo’lgandi, qo’ng’iroqda Rahimxon uning yoniga kelishi va muhim so’zi borligini aytib, oxirida “haliyam xatoni tuzatish imkoni bor” deya suhbatga yakun yasalgandi. Amir Pokistonga borganda Rahimxon Amirning oilasini sirini ochib berdi. Ma'lum bo'lishicha, Hasan va Amir aka-uka ekanlar. Bundan tashqari, Hasan Amirning xiyonati haqida bilganligi, ammo uni kechirgani va umrining oxirigacha uni do'st deb bilganini maktubida ma'lum qilgandi. Afsuski, Hasan Toliblar hukmronligi davrida etnik tozalash paytida rafiqasi bilan vafot etdi, ammo uning bolalar uyiga yuborilgan kichkina o'g'li Suhrob tirik qolgandi. Endi esa, Rahimxon Amirga xatosini tuzatish payti kelganligini, Suhrobni Amerikaga olib ketishini so’radi. Amir ikkilanibroq, rozi bo'ldi.
Afg'onistonga kelgan Amir o'z vatanining bir paytlar quyoshli va go'zal, ammo hozirda bombardimon qilinayotgan yerlarini ko'rishdan dahshatga tushdi. U Suhrob yuborilgan yetimxonani qidirdi, ammo bola yetimxonada yo'q edi, uni Toliblar olib ketishgandi. Amir Toliblarnikiga bordi va u yerda ularning sardori o'sha Asef bo'lib chiqdi: Suhrob u yerda o'yinchoq sifatida birga edi. Asef Amirni tanidi va uni masxara qilib, qattiq kaltakladi. Yaxshiyamki, Suhrobning jasorati tufayli ikkalasi ham qochishga muvaffaq bo'lishdi.
Bolani Afg'onistondan AQShga olib ketish juda qiyin ekanligi ma'lum bo'ldi. Suhrob bolalar uyidan boshqa har qanday variantga rozi bo'ldi. Amir unga bolalar uyiga bormasligiga va'da berdi. Afsuski, AQSH ga oborishni yagona yo’li Suhrobni ma’lum vaqt bolalar uyida qolsa, imkoni bo’lardi. Buni bilgan Suhrob o’ziga qasd qiladu. Lekin u tirik qoldi, ammo yakkalanib qoldi. Amir Suhrobni AQShga olib ketdi. U va uning rafiqasi uni asrab oldilar, lekin qancha harakat qilishmasin ham, yaxshi hayot o’tkazishmayotgandilar...
Bir safar varrak sotuvchisini ko'rib, Amir Suhrobga varrak sotib olgandi. Amir varrak bilan shamolda yugurgandi, buni ko’rib turgan Suhrob unga jilmayib qo'ygandi. Voqea yakunida muallif kitobxonlarga eng yaxshi narsani qoldirgandi - bu umid edi...
Kitobda tugun varrak o’yinida ko’rsatilgandi. Ya’ni, Amirning vijdon azobi mana shu o’yindan so’ng boshlangandi.
Asarda Rahimxonning Amirga oilasining siri, ya’ni Hasan bilan aka-ukaligini aytishi kulminatsiya bo’lib xizmat qilgandi.
Yechim esa tuguning yechilishi bo’ldi. Ya’ni, asar xotimasidagi varrak o’yini uni vijdon azobidan xalos etgandi.
Parcha :
“Chor-atrofni qichqiriq tutdi. Ana, otam, menga mamnun qo'l silkimoqda. Tug'ilganimdan beri otamni qoyil qoldiradigan ish qilmagandim.
- Amir og'a, sen yutding! - Bu meni bag'riga bosib turgan Hasanning do'stona tabrigi edi.
«Yo'q, men emas, biz yutdik!» - bu mening aytishim lozim bo'lgan, ammo aytmagan gapim. Ha, agar Hasan bo'lmaganida men g'olib bo'lolmasdim. Hali mutlaq g'alabaga bir oz bor edi. Buning uchun o'lja - raqib varragini qo'lga kiritishim lozim edi. Qoida bo'yicha «o'lja»ni ilib qaytish qurolbardorning ishi.
- Amir og'a, men varrakni topib kelaman.
- Albatta, - dedim men g'olibona tabassum bilan.
- Varraksiz qaytma!
- Sen uchun... ming martalab!
Uning bu so'zlari qulog'im ostida jarang berib qoldi: «sen uchun... ming martalab!»
***
Odamlar, daraxtlar, shamol tegirmonlari... bari-barini pastda qoldirgancha varraklar San-Fransisko osmoni uzra bearmon uchardi. Shu onda qulogʻimga Hasanning soʻzlari chalingandek boʻldi: “Sen uchun ming martalab...” “
Holid Husayniyning bu romanida asosiy g’oya bu – vijdon azobi o’ziga tilab olgan o’limdan ham battaroq jazodir.
Asarda yozuvchi “Inson qanchalar dahshat ichida bo’lmasin baribir u inson.” degan leytmotiv(yetakchi g’oya)ni oldinga surdi.
Yozuvchi hech qanaqa yangi kashfiyot yo xud shov-shuvni yozmadi. U shunchaki, vijdon azobi ortidagi dahshatni yoki dahshat ortidagi sadoqatni yozdi. Va bu shedevr edi.
Bu asarni o’qigandan so’ng, bugungi kungi har bir inson shukur hissini botiniy olami ila sezadi. Bu esa, insonda go’zal Vatan ishqini tarannum etadi.
Menimcha, tavsiya shart emas. Chunki, bu kitobni o’qimagan kitobxon deyarli yo’q bo’lsa kerak. O’qimaganlar bormi? Bor bo’lsa, nimani kutyapsiz? Hoziroq toping, o’qing, rohatlaning!..
Xotimani bir Kaliforniyalik yozuvchining asar haqida bildirgan fikri bilan yasasak :
“Shafqatsiz, shafqatsiz, shafqatsiz…"
Holid Husayniy 1965 yilda Kobulda afg‘on diplomati oilasida tug‘ilgan. 1980 yilda uning oilasi AQShga ko‘chadi. Shu erda u tibbiyot fakultetiga o‘qishga kiradi. Uning ilk romani «Shamol ortidan yugurib» AQShda yangi asrning bestseller asariga aylanadi. Mazkur asar dunyoning qirqdan ortiq tillarida 10 million nusxada nashr qilingan. Bu kitob asosida Gollivud kinoijodkorlari film ham suratga olishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |