Chiroyli so‘rash - ilmning yarmi
Otam menga doim “Chiroyli so‘rash - ilmning yarmi”, deb aytardi. Bu haqda hadislarda ham keltirilgan. Ammo mag‘zini to‘liq chaqamagan ekanman. Bozorga ilk qadam qo‘yganimda, gazlama savdosini boshlayotgan vaqtlarimda o‘sha hikmatning asl ma’nosini anglab yetdim. Inson chiroyli so‘rab, o‘ziga kerak bo‘lgan ilm, tajribalarni olishi mumkin. Abdusalom bilan bir to‘p mato sotuvchisidan to gazlama ishlab chiqaruvchigacha yetib borganimiz haqiqiy isbot bo‘ldi. Biz oddiygina xiyla qildik. Ozgina moli bor odamdan ko‘p molni qisqa fursatda topib berishini talab qildik. Oqibat har bir tojir o‘zidan yirikroq savdogarning oldiga jo‘nataverdi. Nihoyat ishlab chiqaruvchining oldiga bordik. U bilan suhbatlashdik. Bu orqali ikki yengillikka erishdik. Birinchisi arzon narxda sotib olamiz, ikkinchisi chayqovchidan aziyat chekkan xalqqa arzon narxda sota olamiz. Natijada xaridorlarimiz ko‘payib, bozorni egallay boshladik. Men har bir ilm oluvchiga, har bir savdo qilguvchiga chiroyli so‘rashni maslahat beraman. Niyatni holis qilib, insonlar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, xalqqa osonlashtirish yo‘lini qidirish kerak. Bugun bir insonga oson qilsak, ertaga avlodlarimiz butun xalq yukini yengil qiladi. Insof bilan ishlab, chiroyli so‘rasak, baraka hech qachon arimaydi. Chiroyli so‘rash nafaqat ilmning, balki tijoratdagi foydaning ham yarmidir.
Saxiylik boylik garovi
Onam menga sahiylikning har bir shohi jannatga olib kirishi haqidagi hadisni aytib berardi. Yoshligimdan qizg‘anchiqlik hissidan yiroq o‘sdim. Ota-onamning mehnatlari evaziga sahiylikni o‘rgandim. Bolaligimdagi soddagina hayotimda ota-onam meni ko‘p imtihon qilardi. Bir kuni kamonbozlik musobaqasidan kelsam (o‘shanda o‘n yoshlarda edim), onam dasturxon yozayotgan ekan.
-Kel o‘g‘lim ovqatlanib ol, - deb dasturxonga chaqirdi.
Dasturxonda yarimtagina non bor ekan. Qornim juda och. Otam bog‘da ishlayapti. Onam nonni qo‘yib, ishga chalg‘idi. Ayni tushlik mahali. Biz doimo birga ovqatlanardik. Negadir ular kelmadi. Shu vaqt tilanchi kep qoldi. Yugurib chiqsam, non so‘rab turibdi. Dasturxondagi yarimta nonni berib yubordim. Bir muddat onamning ovqat suzib keltirishini kutdim. Ammo taomdan darak yo‘q. Onamdan qachon tushlik tayyor bo‘lishini so‘radim. Javobidan yig‘lab yubordim.
-O‘g‘lim bugun tushlik tayyorlolmadim. Uyimizda boya sen tilanchiga bergan nondan bo‘lak yeyishga hech vaqo yo‘q edi. Biz ham tuz totmadik. O‘sha nonni sen uchun asrab qo‘ygandim.
Men nima deyishni bilmay qoldim. Yugurib ko‘chaga chiqdim. Uzoq o‘ylanmay bozor tomonga yura boshladim. Shu vaqtgacha non uyga qaerdan kelishini bilmas ekanman. Ilm olib, jang san’ati bilan shug‘ullanib yuravergan ekanman. Endi ishlayman. Har kuni ishlayman. Bozorga borib, kattaroq bir do‘konga kirdim. Xo‘jayinidan ish so‘radim. Ish so‘rayapmanu, negadir uyalyapman. Xijolat bo‘lyapman. Savdogar insofli ekan. Menga butun do‘konni tozalashni, buyumlarni tartiblashni evaziga yaxshigina pul berishini aytdi. Kamida besh pora tilovat qilguncha vaqt sarflab ishni bitirdim. Menga bir dirxam berdi. Tangani oldimda, non rastasiga bordim. Ular pulni olib non berdi va qaytimini ham unutmadi. Qaytimiga meva sotib oldim. Qornim och va qattiq charchagan bo‘lsam-da, juda xursand edim. Ota-onam uchun non olib borayotganimdan shod edim. Hovliga kirib borishim bilan onamni chaqirdim. Yugurib oldimga keldi. Qo‘limdagi narsalarga qaradi. Keyin savollar berdi, men xursand javob berdim.
-O‘g‘lim qo‘lingdagi narsalarni qaerdan olding?
-Ishladim ona.
-Qaerda ishlading?
-Bozordagi bir do‘konni tozaladim, buyumlarini tartibladim. Evaziga bir dirxam berdi. O‘sha pulga non va meva sotib oldim.
-Voy o‘zimning arslonim. O‘g‘lonim, azamatim.
Onam yig‘lab yubordi. Shu payt qo‘shni chiqib qoldi. Uyiga shoshilinch mehmon kelganini, non so‘rab kelganini aytdi. Beixtiyor nonni ko‘ksimga bosibman. Onam qo‘limdagi non va mevalarni qo‘shniga shartta berib yubordi. Ichim uzildi, ammo bir so‘z aytolmadim. Indamay so‘riga chiqdim. Hali o‘ylab ulgurmasimdan onam issiq ovqat, non-choy olib keldi. Otamni chaqirdi. Men tushunolmay xayron edim. Onam kulib otamga qaradi. Otam tabassum bilan boshimni silab gap boshladi.
-O‘g‘lim, biz sendagi saxiylik, ishchanlik, tez qaror qabul qilishni sinab ko‘rdik. Allohga shukr hech kimga muhtoj emasmiz. Sen katta yigit bo‘lib qolding. Saxiylik uzoq mashqlar evaziga paydo bo‘ladi. Sen imtihondan o‘tding. G‘ayrating, sahiyliging, mehnatdan uyalmasliging sening ulkan yutug‘ingdir. Sen ikkilanmay charchashingga qaramay biz uchun non topishga urinding. Bu jasorat, haqiqiy saxiylikdir. Unutma sahiy inson boy bo‘ladi. Sahiylik faqat oltin-kumushlar bilan emas, kimdir ilmidan, kimdir tajribasidan, birov kuchidan, birov mehridan saxiylik qiladi. Bergan qo‘l olgan qo‘ldan xayrlidir, deyilgan hadislarda. Ha, o‘g‘lim, Muhammad sollollohu alayhi vasallamning o‘gitlari qiyomatgacha bandalar uchun hayotiy qo‘llanma bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |