Texnik-iqtisodiy asoslash (TIA) – investitsiya loyihasini amalga oshirishning tanlov savdolari asosida va loyihani moliyalashtirish shartlarini hisobga olgan holda aniqlangan yakuniy, eng samarali texnik, tashkiliy va moliyaviy-iqtisodiy echimlarini belgilovchi loyiha oldi hujjati.
Tender (ing. tend – xizmat ko’rsatish) – 1) ochiq turdagi yoki cheklangan sondagi ishtirokchilar uchun yopiq turdagi raqobatli savdo-sotiq; buyurtmani joylashtirishning tanlov shakli; 2) qimmatli qog’ozlarga obuna bo’lish, muddatli shartnoma bo’yicha tovarlar etkazib berish, shartnomalar tuzish to’g’risidagi ariza, yozma taklif; 3) xalqaro bozorda mashina-uskunalar xarid etish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, injiniring xizmatlari ko’rsatish uchun tanlov asosida buyurtmalar berish. O’zbekiston iqtisodiyotida bozor munosabatlarini shakllantirishda va rivojlantirishda tender keng qo’llaniladi. Davlat tasarrufidan chiqarilgan korxonalarning aktsiyalarining yirik paketlarini sotishda, katta qurilish ishlarini olib borishda xalqaro loyihalarni amalga oshirishda tender e’lon qilinadi. Savdoni tashkil etish uchun vaqtinchalik organ bo’lgan tender qo’mitasi tuziladi.
Transmilliy korporatsiya – 1) xorijiy aktivlarga ega bo’lgan, operatsiyalarining kamida ¼ qismini mamlakat tashqarisida, o’zi ro’yxatga olingan chet mamlakatda amalga oshiradigan yirik korporatsiya; 2) bosh kompaniya bir mamlakat kapitaliga tegishli bo’lgan kompaniya; 3) xorijiy aktivlarga ega bo’lgan milliy monopoliyalar; 4) filiallari dunyo bo’ylab tarqalib ketgan kompaniyalar.
Tratta – (ital. tratta – o’tkazma veksel) – tashqi savdodagi asosiy hisob-kitob hujjati. Kreditorning qarzdorga (odatda, bankka) yozma buyrug’i. Unda bankning uchinchi shaxs (remitent – taqdimchi)ga yoki trattani taqdim qilganga muayyan summadagi pulni to’lashi ko’rsatiladi.
To’lov balansi – ma’lum bir davr mobaynida mamlakat tomonidan xorijga to’langan to’lanmalar va xorijdan olingan to’lovlar o’rtasidagi nisbat. O’z ichiga tegishli davrda mamlakat tovarlari eksporti va importi qiymatlarini ifodalovchi savdo balansini, xizmatlar balansini va notijorat to’lovni oladi. Bularning barchasi joriy operatsiyalar bo’yicha to’lov balansini shakllantiradi. Mamlakatning umumiy to’lov balansi joriy operatsiyalar bo’yicha to’lov balansi, kapitallar va kreditorlar harakati balansi, shuningdek, oltin va valyuta zaxiralari harakati balansidan tashkil topadi.
Unitar korxona – mulk egasi tomonidan o’ziga birkitib berilgan mulkka
egalik qilish huquqi berilmagan tijorat tashkiloti ko’rinishidagi davlat yoki mahalliy boshqaruv idoralari korxonasi. Unitar korxona o’z majburiyatlari bo’yicha o’ziga tegishli jami mol-mulki bilan javob beradi, lekin, mol-mulk egasi majburiyatlari bo’yicha javobgar emas.
Ustav kapitali – aktsiyadorlik jamiyati ustavida qayd etilgan pul ifodasidagi dastlabki, boshlang’ich kapital. Ustav kapitali aktsiyalar sotishdan tushumlar, ta’sischilarning xususiy qo’yilmalari va davlat qo’yilmalari hisobidan yuzaga keladi. Ustav kapitaliga badallar faqat pul mablag’lari ko’rinishida emas, balki mulk shaklida, masalan, imoratlar, er, shuningdek, intellektual mulk ob’ektlari: patentlar, litsenziyalar, loyihalar shaklida ham bo’lishi mumkin. Ustav kapitali balansning passivida qayd etiladi.
Ustav fondi – ta’sischilar – ishtirokchilarning o’zlari tashkil etgan kompaniya, xo’jalik jamiyatiga dastlabki kiritgan va doimiy ulush hisoblanadigan moddiy va pul mablag’lari majmui. Ustav fondi kompaniyaning xo’jalik faoliyatidan olinadigan foyda hisobiga ko’payib borishi mumkin. Ustav fondi kompaniya, jamiyatning asosiy va aylanma mablag’lari qiymatini tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |