O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi:
– doimiy ravishda o‘zini o‘zi mustaqil va ijodiy rivojlantirish, hayot davomida mustaqil o‘qib-o‘rganish, mustaqil qaror qabul qila olish.
Darsning turi: Amaliy, nazariy, aralash, noan`aviy, ananaviy.
Darsning usuli: Aqliy hujum, savol-javob, guruhlarda ishlash.
Darsning jihozi: Darslik, ko’rgazmali qurollar.
Didaktik jihoz: Tarqatma materiallar, slaydlar ,bukletlar.
I.Tashkiliy qism: a)Salomlashish, b)tozalikni aniqlash,
d)davomatni aniqlash c) darsga tayyorgarlik ko`rish va dars rejasi
II. Ona tili darsligi bilan tanishtirish
III.Yangi mavzu bayoni:
Topshiriq. Berilgan qo‘shma gaplarda qismlar o‘rtasidagi sabab munosabatining aniq, ochiq va mantiqan ifodalanishini qiyoslang.
Barchamiz kitobni sevishimiz kerak, chunki kitob bilim manbayi hisoblanadi – Biz kitobni sevamiz: kitob bilim manbayi hisoblanadi. Kitob bilim manbayi hisoblanadi, shuning uchun biz kitob ni sevishimiz kerak – Kitob bilim manbayi hisoblanadi: biz kitobni sevishimiz kerak. Qo‘shma gaplar uni tashkil etadigan qismlar orasidagi mazmuniy munosabatlarni ifodalaydi, shu tariqa real olamdagi ikki voqea hodisa o‘rtasidagi aloqadorlikni, xususan, sabab-oqibat, maqsad, shart, to‘siqsizlik, payt kabi bir qancha munosabatlarni aks ettiradi. Qo‘shma gap qismlarining birikishida xilma-xil bog‘lovchi vositalar ishtirok etishi yoki ishtirok etmasligi mumkin. Bu bog‘lovchi vositalarning ishtirokiga ko‘ra tegishli mazmun ifodasida turli farq va o‘ziga xosliklar yuzaga keladi, bir-biri bilan ma’nodosh sintaktik birliklar paydo bo‘ladi. Ana shular hisobga olinsa, qo‘shma gaplarning qanchalik katta uslubiy imkoniyatlarga ega ekanligi ma’lum bo‘ladi. Qo‘shma gaplarning bog‘lovchili va bog‘lovchisiz turlari farqlanadi. Ularning bog‘lovchili turida voqea-hodisalar o‘rtasidagi munosabat aniq, ochiq va qabariq ifodalanadi, bog‘lovchisiz turida esa bunday emas. Masalan, quyidagi misolda sabab-oqibat munosabatining ifodalanishini qiyoslang: Til millatning bebaho mulki, shuning uchun uni hamisha muhofaza qilmoq lozim (sabab-oqibat munosabati shaklan ochiq aks etgan) – Til millatning bebaho mulki: uni hamisha muhofaza qilmoq lozim (sabab-oqibat munosabati shaklan aks etmagan). So‘zlashuv nutqida uzun va tarkibi murakkab jumlalarni tuzish imkoniyati chegaralangan, bu uslub qo‘llanadigan nutqiy sharoit ham bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shuning uchun so‘zlashuv uslubida qo‘shma gaplarning, asosan, bog‘lovchisiz turi ishlatiladi.
Ilmiy va rasmiy uslublarda esa mazmunni to‘liq va aniq ifodalash ehtiyoji bilan qo‘shma gaplarning bog‘lovchili turi afzal ko‘riladi. Badiiy va publitsistik uslublarda esa xilma-xil ma’no nozikliklari, uslubiy bo‘yoq, tasviriylik zaruriyatiga qarab, qo‘shma gaplarning har ikki turi qo‘llanaveradi.
101-mashq. Gaplarni o‘qing, ularda ifodalangan voqea-hodisalar o‘rtasidagi mazmuniy munosabatni izohlang.
1. Endi bu soatdan boshlab Marg‘ilondan roziman, negaki yo‘qlab kelguchi sizning kabi qadrdonlar ham bo‘lur ekan. (Abdulla Qodiriy) 2. Shodi akaning gaplarini eslayman, ammo qanday ko‘rinishi esimdan chiqib ketgan. (Ahmad A’zam) 3. Xuddi shu yerda o‘sha kuni Toshboltaning jomadonlari turgan, shuning uchun gilamni ko‘tarib qarash hech kimning xayoliga kelmagan edi. (Tohir Malik) 102-mashq. Qo‘shma gaplar o‘rtasidagi mazmuniy mutanosiblikka diqqat qiling, ular nimasiga ko‘ra farqlanayotganini tushuntiring.
1. Oraga tushgan sovuq vaziyatni yo‘qotish uchun tayinliroq so‘z qidirardim, ammo tilim kalimaga kelmasdi. (O‘. Hoshimov) – Oraga tushgan sovuq vaziyatni yo‘qotish uchun tayinliroq so‘z qidirardim, shu bois tilim kalimaga kelmasdi. – Oraga tushgan sovuq vaziyatni yo‘qotish uchun tayinliroq so‘z qidirardim, tilim kalimaga kelmasdi.
103-mashq. Bog‘lovchisiz qo‘shma gaplarni bog‘lovchili qo‘shma gaplarga aylantiring, mazmuniy munosabatning aniq ifodalanishiga e’tibor bering.
1. Kunduz kunlari bog‘larga sho‘ng‘ib ketamiz: sababi urush, bog‘lar qarovsiz qolgan... 2. O‘tmish tajribamdan bilaman: bunaqa xat olgan birorta qiz-juvon rad etgan emas! 3. Matluba... musobaqaga yig‘ilgan olomonni ko‘rib hayratda qoldi: odamning ko‘pligidan keng maydonga tanga tashlasa yerga tushmas edi.
104-mashq. Berilgan qo‘shma gaplarning mazmunini saqlagan holda boshqa turdagi qo‘shma gaplarga aylantiring. Mazmuniy munosabatlarning ifodalanishiga diqqat qiling.
1. Bu yoqqa tashib ovora bo‘lmayin deb, idish-tovoqlarni tashqari hovlida yuvdim. (Oybek) 2. Yozishga yozdim-u, o‘zimdan o‘zim afsuslanib qoldim. (O‘. Hoshimov)
Do'stlaringiz bilan baham: |