Darsning borishi:
I. Tashkiliy qism.
a) salomlashish.
b) davomatni aniqlash. II. O’tilgan mavzuni takrorlash.
Xalq farovonligiga qanday sharoitda erishish mumkin?
Xalq farovonligi g‘oyasi deb nimaga aytmadi?
Prezidentimizning islohotlarning pirovard maqsadi haqida aytgan fikrlarini tushuntirib bering.
«Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun» degan qoida kim tomonidan aytilgan? Uning ma’nosini sharhlay olasizmi?
Xalq farovonligiga erishishda insondagi erkinlik hissi, tadbirkorlik va tashabbuskorlik tuyg‘usi qanday ahamiyat kasb etadi?
«Bir yigitga qirq hunar oz» degan ma’qolning ma’nosini siz qanday tushunasiz?
Ushbu rasmlarda aks ettirilgan kishilarning kasb xususiyatlari to‘g‘risida so‘zlab bering.
III. Yangi mavzuning bayoni
OBODLIK KO‘NGILDAN BOSHLANADI
(Amaliy mashg‘ulot)
Aziz o‘quvchi, Prezidentimiz o‘zining nutq va ma’ruzalari, jamoatchilik vakillari bilan bo‘lgan suhbatlarida alohida ta’kidlab aytadigan “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” degan hikmatli iboraning ma’nosi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz? Yurtimizda obod joylar ko‘p. Ularni mohir muhandis va me’morlar, qo‘li gul ustalar, bog‘bon-u sohibkor insonlar barpo etganini yaxshi bilamiz. Lekin ana shu obod maskanlarni bunyod etish fikri avvalo kimning ko‘nglida paydo bo‘lgani haqida ko‘pincha o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Holbuki, pok niyat, yaxshi orzu-o‘y va rejalar hamisha ko‘ngildan boshlanadi. Ayniqsa, bizning xalqimiz doimo ezgulikni o‘ylab yashaydi. Odamlarimiz tarixning eng qiyin pallalarida ham oila qursam, el-yurt xizmatiga yaraydigan, kuchli, aqlli va pahlavon farzandlar o‘stirsam, uy barpo etib, bog‘-u rog‘lar yaratib, avlodlarimga meros qilib qoldirsam, degan ezgu tilaklar bilan yashaydi. Vatanimizning bosh maydoni bo‘lgan poytaxtimiz Toshkent shahrining qoq markazidagi Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasi, Mustaqillik va ezgulik monumenti kabi zamonaviy me’moriy obidalar xalqimizning ana shunday ulug‘ fazilatlari sharafiga barpo etilgan. Mamlakatimizning qaysi burchagiga bormang, u erda albatta obodlik ramzi bo‘lgan yangi maktab, litsey yoki kollej binosini, so‘lim bog‘ yoki xiyobonni, yam-yashil dalalarni ko‘rishingiz mumkin. Ularning barchasi xalqimizning fidokorona mehnati tufayli shunday ko‘zni quvontiradigan darajaga yetgan. Ayni paytda ularning barchasi ming-minglab oddiy, kamtarin va mehnatkash insonlarning musaffo qalbi, bahor tongidek tiniq o‘y-xayollari, beg‘ubor orzulari mahsulidir. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, agar insonning ko‘ngli toza, niyati xolis bo‘lmasa, katta va ulug‘ ishlarni vijdonan, sidqi dildan amalga oshira oladimi? Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qarshi va Marg‘ilon kabi shaharlarimizda asrlar sinoviga dosh berib, hanuzgacha dunyo ahlini hayratga solib kelayotgan qadimiy binolarimizga e’tibor bering. Ana shu o‘lmas obidalarni barpo etgan me’mor va ustalarning ko‘ngli ham, qo‘li ham pok bo‘lmaganida, bu ulkan inshootlarning loaqal bitta g‘ishti noto‘g‘ri qo‘yilganida bormi, ular allaqachon shamol-u yomg‘irlar, qor-u qirovlar, jazirama va izg‘irinli kunlar ta’siriga dosh berolmasdan, allaqachon nurab, to‘kilib, yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lardi. Xuddi shu kabi, bugungi kunda ham dalalarda fermer va dehqonlarimiz, qurilish maydonlarida me’mor-u ustalarimiz, ishlab chiqarish korxonalarida muhandis-u ishchilarimiz, maktablar, litseylar, kollej va oliy o‘quv yurtlarida muhtaram ustozlarimiz, shifo maskanlarida tibbiyot xodimlari o‘z ishini sidqi dildan, ya’ni chin ko‘ngildan bajarmasa, 20 yildan ziyod vaqt mobaynida, ko‘hna tarix uchun juda qisqa bir muddatda — mustaqillik davrida mamlakatimiz bu qadar ulkan yutuqlarga erishishi, hech shubhasiz, qiyin bo‘lardi. Siz o‘zingiz yashayotgan qishloq yoki shaharda, tahsil olayotgan maktabda yurtimizdagi obodlikdan dalolat beradigan manzaralarni ko‘p ko‘rasiz. Deylik, maktabdan qaytishda daraxtzor xiyobonda, salqin shabada esib turgan, suv to‘lib oqayotgan ariq yoki soy bo‘yida dam olishingiz mumkin. Shu daraxtlarni ham kimdir ekkan, shu ariq yoki soyni ham kimlardir beg‘araz mehnat qilib qazigan, qum-shag‘allardan, xas-xashaklardan tozalagan, to‘g‘rimi? Sizningcha, ular qanday ko‘ngilli insonlar? Ular — ko‘ngli pok va ulug‘ insonlar! Shunday emasmi? Shu tarzda maktabingizni, uning sinfxonalaridagi o‘quv anjomlarini qurgan va yaratgan insonlar haqida, ularning qalbidagi orzu-umidlar to‘g‘risida o‘ylab ko‘rganmisiz hech? Yoki o‘zingiz taniydigan fermer, bog‘bon, shifokor yoki o‘qituvchining har kunlik mehnati uning qalb olamiga, ma’naviyatiga, orzu-o‘ylariga qanchalik uyg‘un ekani haqida fikrlab ko‘ring. Shu haqda sinfdoshlaringizga, ota-onangizga hikoya qilib bering. Bu haqda doimo o‘ylash hayotdagi ko‘pgina murakkab masalalarni tushunishda ham qo‘l keladi. Eng muhimi, siz bu dunyodagi barcha ezgu ishlarning manbai inson qalbi ekaniga, uning ma’naviy imkoniyati, kuch-qudrati cheksiz ekaniga, obodlik haqiqatan ham ko‘ngildan boshlanishiga ishonch hosil qilasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |