Yangi dars bayoni:
Moslanish bu – organizmlarning ichki va tashqi tuzilishi, organlar funksiyasi, xulq-atvori va hayot tarzining muayyan yashash muhiti sharoitiga mos kelishidir. Barcha tirik organizmlarda mavjud bo‘lgan o‘ziga xos moslanish belgilari ularning o‘zi yashab turgan muhitda yashab qolishi, yashash uchun
kurashda g‘olib chiqishi, normal nasl qoldirib o‘z belgilarini kelgusi avlodlariga uzatishlari uchun imkon tug‘diradi. Moslanish organizmlarning yashovchanligi, raqobatchanligi va normal nasl qoldirishi bilan uzviy aloqadordir. Yashovchanlik deganda organizmlarning o‘zi tarqalgan muhitda genotipini keskin
o‘zgartirmagan holatda normal yashashi tushuniladi. Raqobatchanlik organizmlarning o‘lik va tirik tabiat, shu jumladan oziq topish, boshqa jins bilan qo‘shi-lish, yashash joyini egallashdagi qarshiliklarni yengishidir. Nasl qoldirish esa organizmlar urchishining normal kechishi bilan bog‘liq. Moslanishning bu uch komponenti o‘zaro bog‘liq bo‘lib, tabiiy tanlanish orqali tarkib topgan evolutsion natija hisoblanadi. Tashqi muhit sharoitlari turli-tuman bo‘lganligi sababli, organizmlardagi moslanish belgilari ham xilma-xil bo‘ladi. Morfologik moslanishlar. Tashqi muhit omillari ta’siri natijasida orga nizm lar tana tuzilishida shu muhitga mos xususiyatlar paydo bo‘ladi. Masalan, qushlarda tana shakli havo muhitida, baliqlarning tana shakli suv muhitida yashashga yordam beradi. Hayvonlardagi morfologik moslanishlarga himoya rangi, maskirovka, mimikriya, ogohlantiruvchi rang, chalg‘ituvchi rang misol bo‘ladi.Himoya rangi. Ko‘pchilik hollarda hayvonlarning tashqi rangi o‘zi yasha yot gan muhit rangiga mos bo‘lgani uchun ko‘zga kam tashlanadi (99-rasm). Odatda cho‘lda yashaydigan toshbaqa, kaltakesak, ilonlar qum rangida, shimoliy o‘lka hayvonlari – ayiq, kuropatka, tulkilar oq rangda, kvaksha, beshik tervatar, ninachilar yashil barglar orasida yashagani, karam kapalagi qurti uning barglari bilan oziqlangani sababli yashil rangda bo‘ladi. Agar muhit rangi fasllarga qarab o‘zgarsa, u holda hayvonlar rangi ham o‘zgaradi.
Etologik moslanishlar. Bu moslanish turi hayvonlarning xattiharakatlarida namoyon bo‘ladi. O‘ziga xos harakatlar orqali hayvonlar dushmanlaridan himoyalanadi, oziqa topadi va zaxiralaydi, yil mavsumlariga moslashadi, juft tanlaydi va ko‘payadi, naslini himoya qiladi. Hayvonlar dushmandan saqlanish uchun yashirinadi yoki qo‘rqituvchi xatti-harakatlarni amalga oshiradi. Nasl uchun g‘amxo‘rlik qilish turning yashab qolishida katta ahamiyatga ega. Amerika som balig‘i chavog‘lar rivojlanguncha tuxumlarni qorin tomonga yopishtirgan holda yuradi. Povituxa deb ataluvchi qurbaqa
otalangan tuxumlarini to yosh qurbaqalar rivojlanguncha orqa tomonda «opichlab» yuradi. Tuban umurtqalilardan farqli ravishda qushlar tuxumlarini maxsus inlariga qo‘yib o‘z tana harorati bilan ularni isitadilar. Tuxumlarini va jo‘jalarini ota-ona qushlar boqadi va himoya qiladi. Nasl uchun qayg‘urish bilan bog‘liq moslanishlar sutemizuvchilarda, ayniqsa, kuchli bo‘ladi.O‘simliklar olamidagi moslanishlar. Hayvonlar singari o‘simliklarda ham tashqi muhit omillariga nisbatan bir qancha moslanishlar mavjud. Masalan, nam tanqisligiga o‘simliklar turlicha moslashgan bo‘ladi. Bir xil o‘simliklarning bargi ustki tomondan mum qavat (fi kus), ikkinchi xillarda qalin tuklar (sigirquyruq)
bilan qoplangan. Saksovulda barglar kichik «tangacha»larga aylangan. Yantoqning barglari mayda va qattiq, ko‘pgina shoxchalari tikan shaklida. Kaktus, aloe, agavalar sersuv o‘simliklar hisoblanadi. Ba’zi o‘simliklarning vegetatsiya davri juda qisqa, masalan, ayiqtovon, yaltirbosh erta bahorda o‘sib, rivojlanib, urug‘ berishga ulguradi. Yantoq, shuvoq kabi o‘simliklar qurg‘oqchilik paytida barglarini to‘kish orqali o‘z hayotini saqlaydi.O‘simliklarda chetdan va hasharotlar yordamida changlanish bilan aloqador bo‘lgan bir qancha moslanishlar bor. Hasharotlar orqali changlanadigan o‘simliklarning gultojibarglari yirikligi, rangining xilma-xilligi, xushbo‘y hid tarqatishi, nektar ajratishi bilan hasharotlarni o‘ziga jalb qiladi. Aksincha, shamol yordamida changlanadigan o‘simliklarning gullari mayda, ko‘rimsiz, hidsiz, changlari juda yengil. O‘simliklarda meva va urug‘larning tarqalishiga nisbatan ham bir qancha moslanishlarni ko‘rish mumkin. Shamol yordamida tarqaladigan qayin, qayrag‘och, aylant, zarang meva va urug‘larida qanotsimon o‘simtalar, g‘o‘za chigitida tuklar bo‘ladi. Ittikanak, sariqchoy, qariqiz, qo‘yti kan mevalarida ilgak, tikan, tuklar bo‘lib, ular hayvonlarning juniga, qushlarning patiga, odamlarning kiyimiga yopishishi orqali uzoq masofalarga tarqaladi (102–103-rasmlar).
Do'stlaringiz bilan baham: |