1) talab yoki taklif egiluvchanligi koeffitsiyenti 1 dan katta (ET, ETf>1). Bunday talab yoki taklif «egiluvchan» yoki «nisbatan egiluvchan» deb ataladi. U talab yoki taklif etilayotgan tovar miqdorining foizdagi o‘zgarishi narxning foizdagi o‘zgarishiga qaraganda ahamiyatli darajada ro‘y berishini anglatadi;
2) talab yoki taklif egiluvchanligi koeffitsiyenti 1 ga teng (ET, ETf=1). Bunday talab yoki taklif «birga teng egiluvchan» deb ataladi. U talab yoki taklif etilayotgan tovar miqdorining foizdagi o‘zgarishi narxning foizdagi o‘zgarishi bilan teng borishini anglatadi;
3) talab yoki taklif egiluvchanligi koeffitsiyenti 1 dan kichik (ET, ETf<1). Bunday talab yoki taklif «noegiluvchan» yoki «nisbatan noegiluvchan» deb ataladi. U talab yoki taklif etilayotgan tovar miqdorining foizdagi o‘zgarishi narxning foizdagi o‘zgarishiga qaraganda ahamiyatsiz darajada ro‘y berishini anglatadi.
Tovarlarning talab yoki taklif bo‘yicha egiluvchanlik darajasini bilish real hayotda ularning narx strategiyasini ishlab chiqish hamda tovar sotishdan olinadigan yalpi daromadni eng yuqori hajmiga yetkazishda ham muhim rol o‘ynaydi.
16-ma’ruza: Bozor kon’yunkturasi va unga ta’sir qiluvchi omillar
Reja: 1. Bozor kon’yunkturasi haqida tushuncha. 2. Kon’yunkturani shakllantiruvchi omillar.
3. Bozor kon’yunkturasi holati va istiqboldagi rivojlanish ko‘rsatkichlari hamda baholash uslublari.
4. Kon’yunkturani bashorat qilish.
Bozor kon’yunkturasi haqida tushuncha.
Marketing faoliyatida bozorni o‘rganishning asosiy elementlaridan biri bozor konyunkturasini o‘rganish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Konyunktura deganda ma’lum omillarning ta’siri natijasida vujudga keladigan qisqa muddatli shart-sharoitlar tushuniladi. Omillarning o‘zgarishi konyunkturaning o‘zgarishiga olib keladi.
Marketingda esa bozor konyunkturasi deganda belgilangan vaqtda maqsadli bozorda vujudga keladigan iqtisodiy shart-sharoitlar majmuasi tushuniladi. Bozor konyunkturasini o‘rganish zarurati quyidagilarga bog‘liq bo‘ladi:
odatda bozorning sig‘imi, segmentlanishi va talab qayishqoqligi o‘zgarib boradi, shu sababli ularning monitoringini amalga oshirish lozim;
bozordagi omillar kompleks ravishda ta’sir o‘tkazishi sababli ularni alohida o‘rganish tegishli samara bermaydi;
bozor to‘g‘risidagi ma’lumotlar odatda retrospektiv harakterga ega, shu sababli rejalashtirish uchun maxsus usullar talab qilinadi.
Bozor konyunkturasini o‘rganish mazmuni va tartibi firma tomonidan ko‘zlangan maqsadga bog‘liq bo‘ladi va uch turga bo‘linadi: konyunktura axborotnomasi, konyunktura tahlili va konyunktura prognozi.