1-chizma. «Nestle» korporatsiyasi mahsulotlarni boshqarish va marketing xizmatlari bo‘limining tashkiliy strukturasi
Mahsulot dasturlari direktorlarining asosiy funksiyalari quyidagilardan iborat:
ayrim mahsulot turlari bo‘yicha mintaqaviy va global bozor strategiyalarini aniqlash;
yangi mahsulot g‘oyalarini izlash va ularni ishlab chiqishni tashkil etish;
mintaqa va bozorlar o‘rtasida mahsulotlar to‘g‘risidagi axborot almashinishni ta’minlash;
istisno hollarda mintaqalar o‘rtasida axborot almashinishda yordamga muhtoj bozorlarga tezkor yordam ko‘rsatilishini ta’minlash.
Mahsulot dasturi direktori bundan tashqari, mahsulot markasi, upakovkasi, mahsulotni sotish joyini aniqlash va reklama sohasida ham rahbarlik ko‘rsatmalarini beradi. Oliy rahbariyat bu ko‘rsatmalarni tasdiqlagandan so‘ng mintaqaviy boshqaruvchilarga yuboradi, ular esa mahsulot direktorlari strategiyalarini mahalliy bozor sharoitlariga moslashtiradilar. Bir qator hollarda bir turdagi mahsulotlar guruhi uchun turli xil bozor segmentlari tanlangan va ularning mahsulotni harakatlantirish bo‘yicha faoliyati bitta mamlakat doirasidan chetga chiqqanda mahsulot direktori turli mamlakatlardan ikki yoki undan ortiq tashkilotning marketing harakatlarini muvofiqlashtirishga harakat qilib ko‘rishi mumkin.
Mahsulot direktorlari shuningdek, mavjud tovarlarni yangi bozorlarga kiritish mkoniyatlarini ham izlaydilar. Iste’molchilar mahsulotlardan foydalangan yoki mahalliy xom-ashyo materiallari o‘ziga xos bo‘lgan hollarda mahsulot direktori tadqiqotchilik kompaniyalari bilan mahsulotni yangi sharoitlarga moslashtirish ustida ishlashi zarur. Mahsulot direktori mintaqaviy boshqaruvchini zarur investitsiyalar kiritishga undashi lozim.
Mintaqaviy boshqaruvchilar joriy faoliyat davomida investitsiya tavakkalchiligiga borishga javoban ularga yordam ko‘rsatilishini so‘rashi mumkin.
Mahsulot direktorlari shuningdek, tomonlar o‘rtasida bilim va tajriba almashish bilan ham shug‘ullanadilar. Marketing xizmatlari bilan birgalikda ular muayyan vaziyatlar bo‘yicha har oylik ichki «Marketing kommunikatsiyalari» nashri uchun maqolalar tayyorlaydilar. Bilim va tajriba almashish korporatsiya shtab-kvartirasi xodimlarining turli mamlakatlarda joylashgan tashkilotlarga tashrif buyurishi va marketing xizmati xodimlarining malakasini oshirish yo‘li bilan ham amalga oshiriladi.
Marketing xizmati rahbarlari marketing xizmatining alohida funksiyalari uchun ma’qullangan korporativ siyosatni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalarni bajarish doirasida mahalliy marketing tashkilotlari, mintaqaviy boshqaruvchilar va mahsulot direktorlarining maslahatchilari vazifasini bajaradi.
Reklama va sotuvni rag‘batlantirish bo‘linmasi o‘z rahbarini hisobga olganda 4 kishidan iborat bo‘ladi. Upakovka bo‘limining asosiy vazifasi sifatli va arzon o‘rov materiallarini ishlab chiqishdan iborat. «Nestle» korporatsiyasi upakovka va etiketkalarining uchdan ikki qismi (yiliga 2000ta upakovka va 3000ta etiketka loyihasi) mazkur bo‘linma tomonidan ishlab chiqilgan. Ko‘p hollarda bu bo‘linma xodimlari mahsulot direktorlariga va istisno tariqasida bevosita operatsion kompaniyalarga xizmat ko‘rsatadi. Ular shuningdek, korporatsiya shtab-kvartirasi tomonidan amalga oshiriluvchi savdo markasiga oid siyosatni ishlab chiqishda ham ishtirok etadilar.
Yuqorida aytilganlarni umumlashtirgach, marketing rahbarining quyidagi asosiy funksiyalarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
marketing strategiya va maqsadlarini tanlash, buning uchun zarur resurslarni aniqlash;
marketing faoliyatining, jumladan, sotuvning detallashtirilgan rejalarini ishlab chiqish;
marketing faoliyati natijalarini baholash;
marketing xizmati xodimlarini tanlash, o‘qitish va ularga maslahat berish.