Budjet tasnifi Budjet tasnifi Davlat budjeti tuzilmasiga kiruvchi budjetlar daromadlari va xarajatlarini, shuningdek uning taqchilligini moliyalashtirish manbalarini guruhlashdan iboratdir.
Budjet tasnifi Davlat budjetini tuzish, ko‘rib chiqish, qabul qilish hamda ijro etish maqsadida budjet ma’lumotlarini tizimga solish uchun foydalaniladi va u budjet ma’lumotlari xalqaro tasnif tizimlarining aynan shunday ma’lumotlari bilan qiyoslanishini ta’minlaydi.
Budjet tasnifi:
Davlat budjeti daromadlarining tasnifini;
Davlat budjeti xarajatlarining vazifa jihatidan, tashkiliy va iqtisodiy tasnifini;
Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish manbalari tasnifini o‘z ichiga oladi.
Davlat budjeti daromadlarining tasnifi qonun hujjatlariga muvofiq ularni turlari va manbalari bo‘yicha guruhlashdan iborat bo‘ladi.
Davlat budjeti xarajatlarining vazifa jihatidan tasnifi davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek boshqa budjet tashkilotlari tomonidan ijro etiladigan asosiy vazifalar bo‘yicha xarajatlarni guruhlashdan iborat bo‘ladi.
Davlat budjeti xarajatlarining tashkiliy tasnifi budjetdan ajratiladigan mablag‘lar ularni bevosita oluvchilar o‘rtasida taqsimlanishini aks ettiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar va tadbirlar turlari bo‘yicha xarajatlarni guruhlashdan iborat bo‘ladi.
Davlat budjeti xarajatlarining iqtisodiy tasnifi to‘lovlarning iqtisodiy vazifasi va turlari bo‘yicha xarajatlarni guruhlashdan iborat bo‘ladi.
Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish manbalari tasnifi taqchillikni moliyalashtirishning ichki va tashqi manbalari bo‘yicha guruhlashdan iborat bo‘ladi.
Budjet tasnifi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Davlat budjeti daromadlari Davlat budjeti daromadlari:
1) qonun hujjatlarida belgilangan soliqlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa majburiy to‘lovlar;
2) davlatning moliyaviy va boshqa aktivlarini joylashtirilishi, foydalanishga berilishi va sotilishidan olingan daromadlar;
3) qonun hujjatlariga muvofiq meros olish, hadya etish huquqi bo‘yicha davlat mulkiga o‘tgan pul mablag‘lari;
4) yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet el davlatlaridan kelgan qaytarilmaydigan pul tushumlari;
5) rezident-yuridik shaxslarga va chet el davlatlariga berilgan budjet ssudalarini qaytarish hisobiga tushadigan to‘lovlar;
6) qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar hisobiga shakllantiriladi.