Samarqandni oʻrganilishi va tadqiqi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Samarqandni arxeologik jihatdan oʻrganish ishlari XIX asr oxirlarida boshlangan edi. 1895-yilda sharqshunos olim V.V.Bartoldning tashabbusi bilan tuzilgan „Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi“ aʼzolari Samarqanddagi Afrosiyobni koʻp asrlar xazinasi deb qarab, unda keng koʻlamdagi arxeologik qazishma ishlarini olib bordilar. Vasiliy Vyatkin, N.I.Veselovskilar oʻtkazgan arxeologik qazishmalar natijasida turli xildagi qadimiy buyumlar topilib muzeyga berildi. 1908-yilda V.L.Vyatkin Samarqand chekkasida joylashgan Ulugʻbek rasadxonasining oʻrnini aniqladi va qazish ishlarini oʻtkazdi. Natijada rasadxona harobasi hamda uning yer ostidagi butun qolgan qismi qazib ochildi. Oʻsha davrdan boshlab Oʻrta Osiyo xalqlarining qad. madaniy merosini oʻrganishda dastlabki qadamlar qoʻyildi. 1912—13, 1929—30 yillarda V.L.Vyatkin, 1912-yil M.Ye.Masson Afrosiyobda qazish ishlarini olib bordilar. A.I. Terenojkin 1945—48 yillarda S 2500-yillik tarixga ega deb belgiladi; shahar tarixi davrlashtirildi.
1950-yillardan boshlab Afrosiyobda muntazam arxeologik qazishmalar oʻtkazish, ayniqsa, 1958-yildan V.A. Shishkin rahbarligida, 1966-yildan boshlab esa Ya.Gʻ.Gʻulomov boshchiligida faollashdi. Afrosiyobni oʻrganish ishlari koʻlamini kengaytirish maqsadida, 1966-yilda doimiy harakatdagi Afrosiyob kompleks arxeologiya ekspeditsiyasi tashkil etildi. 1970-yilda Samarqandda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining mustaqil Arxeologiya instituti tashkil etilishi Samarqanddagi arxeologik qazishmalarni yanada keng koʻlamda olib borishga imkoniyat yaratdi. Arxeologik qazishmalar natijasida Samarqandning yoshi aniqlandi va 1970-yilda shaharning 2500-yillik yubileyi keng nishonlandi. 1971—77 yillarda Sh. Toshxoʻjayev, 1978—85 yillarda G.V. Shishkina qazishma ishlarini olib bordilar. Mustaqillik yillarida arxeologik qazish va ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida fransiyalik akademik, sharqshunos arxeologlar Pol Bernar va Frans Grene, oʻzbek arxeolog olimlari prof. M. Isomiddinov, A.Anorboyev va tadqiqotchi A. Otaxoʻjayevlar bilan hamkorlikda ishladilar. Natijada, Afrosiyobdagi eng quyi madaniy qatlamlarni oʻrganish jarayonida yer sathidan 10–15 metr chuqurlikda miloddan avval IX—VII-asr oʻrtalariga oid ashyolar topildi. Bular qoʻlda yasab rangli naqsh berilgan sopol idishlarning parchalari va shuningdek, guvaladan tiklangan 7 metr qalinlikdagi mudofaa devori qoldiklaridir. Afrosiyobning 19 gektarlik ark qismi devor bilan butunlay oʻrab olingan. Afrosiyobning boshqa joylari ham tekshirib koʻrilganda quyi qatlamlaridan shunga oʻxshash va miloddan avval IX—VII-asrlarga oid ashyolar topildi.
Afrosiyobdan topilgan ushbu namunalar Fransiyada radiokarbon tadqiqot usulida oʻrganilib, ular miloddan avval VII-asrga, aniqrogʻi 2750 yoshga taalluqliligi isbotlandi.
Samarqand bunyod boʻlganidan buyon u Oʻrta Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida katta mavqega ega boʻlib keldi. Shaharning Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashganligi, bu yerda qadimdan hunarmandchilikning shoyi toʻqish, mashhur Samarqand qogʻozi ishlab chiqarish, kulolchilik, temirchilik, novvoylik, qandolatchilik, badiiy kashtachilik va boshqa turlari hamda savdosotiq ishlarining rivojiga turtki boʻldi. Samarqandda qadimdan ravnaq topgan hunarmandchilik turlari mahallaguzarlarning nomlarida saqlanib qolgan, mas. „Soʻzangaron“ (igna tayyorlovchilar), „Kamongaron“ (oʻqyoy yasovchilar) va boshqa nomlar hozirgi kungacha yetib kelgan.
Samarqand — aholisining soni va sanoatining koʻlami boʻyicha Oʻzbekistonda yetakchi oʻrinlardan birida. 1930-yil larda pillakashlik va shoyi toʻqish fabikalari, meva konserva zavodi, choy qadoqlash fabrikasi qurildi. 1940—70-yillarda Samarqandda „Krasniy dvigatel“, „Kinap“, tamakifermentatsiya zavodlari, yigiruv fabrikasi, superfosfat zavodi, poyabzal va tikuvchilik fabikalari, uysozlik kombinati, chinni zavodi va boshqa korxonalar qurib ishga tushirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |