Boshiga nisbatan bo’yni ingichka bo’lgan qushlar (qizilishton, o’rdak)ni
terisini ag’darishdan oldin terisini bo’ynini ustki tomonidan uzunasiga kesiladi.
Kesilgan joydan qushning boshi ensa tomoni bilan tashqariga chiqariladi.
Qushning boshi to’liq ochilgandan keyin, bo’yni ensa tomondan qaychi
bilan kesiladi. Qushning tanasi yorilib, jinsi aniqlanadi, jinsiy bezlari o’lchanadi
va oshqozoni hamda jig’ildoni (agar bo’lsa) ajratib olinadi. Undan keyin boshi
va bosh miya, ko’z kosalaridan va til ajratib olinadi. Buni uchun qisqich, qaychi
va skalpeldan foydalaniladi. Ko’z kosasi orasidagi suyak to’siq kesib olinadi,
keyin miya ajratib olinadi.
Qanotlaridan terisi yelka oldi bo’limining asosiga ajratiladi. Keyin yelka
suyagi muskullardan tozalanadi. Mayda qushlarning yelka oldi bo’limi osonlik
bilan tozalanadi. Lekin yirik qushlarni yelka oldi terisi kesiladi va tirsak va
bilak suyaklari muskul hamda paylardan tozalanadi. Undan keyin bu joyga
shpris bilan margimush yeritmasi yuboriladi.
Oxirida dum umurtqalari muskullar va dum bezi olib tashlanadi. Teridan
mayda muskul bo’laklari, biriktiruvchi to’qima pardalari va teri osti yog’
qatlami tozalanadi. Ozgina yog’ qatlami qolib ketsa, u teri tez kuyadi.
Tozalangan teriga margimush yeritmasi surtiladi.
Tayyor bo’lgan teri dog’lardan ho’l paxta bilan tozalanadi. O’ta iflos
bo’lsa teri hatto suvda sovun bilan yuviladi. Keyin teri quritiladi, buni uchun
teriga 2-3 marta un sepiladi.
Teri tayyor bo’lgandan keyin boshidan boshlab kiygiziladi. Bunda avval
bosh skeletiga tashqi tomonidan yaxshilab margimush surtiladi. Ko’z kosasi
o’rni paxta bo’lagi bilan to’ldiriladi, bosh skeleti esa tashqaridan yupqa
qatlamli paxta bilan uraladi. Bo’yin qismidagi terisiga ham margimush surtiladi.
Bo’yin qismidan kesilgan teri tikiladi.
Boldir suyagi yana tashqariga chiqariladi, margimush surtiladi va paxta
o’raladi. Keyin teriga kiygiziladi. Qanotga ham shunday ishlov beriladi, ya’ni
yelka suyagiga margimush surtiladi va unga paxta o’rab, teriga kiygiziladi.
Teri qanoti va oyog’i kiygizilgandan keyin, patlar tashqariga qaratiladi,
teriga ichki tomondan margimush surtiladi va qorin tomonini yuqoriga qilib,
stolga qo’yiladi.
Umurtqa pog’onasi cho’p yoki sim bilan almashtiriladi. Cho’p va
simning
uzunligi qush gavdasining uzunligiga teng bo’lishi lozim. Simning oldingi
uchiga tana bo’yniga o’xshatib paxta tiqiladi. Keyin tiqma orqasi bilan stolga
yotqiziladi, sim bilan teri orasiga paxta qo’yiladi. Simning keyingi uchi kloaka
xalqasiga kiritiladi va paxta bilan o’raladi. Undan keyin terisi ikki tomondan
tiqmaning o’rtasiga qarab tortiladi va tiqmaning bo’sh joylariga paxta tiqiladi,
shunday qilib tiqmaga shakl beriladi.
Qushlardan tiqma yasashning umumiy usuli shu aytilganlardek. Lekin
tutilgan qushga ishlov berish jarayonida bir qancha yangi usullar ham ishlatiladi.
Masalan mayda qushlarni ichiga sim yoki cho’p ishlatmasdan paxtani o’zini tiqish
mumkin. Buning uchun paxta o’ralib, konus holiga keltiriladi va uning o’tkir uchi
ensa teshigiga kiritiladi. Yirik qushlarni terisini qorin kesimi tikiladi. Tiqma
qushning tumshug’i albatta bog’lab qo’yiladi, buning uchun burun teshigidan
ingichka ip o’tkazib bog’lab qo’yiladi. Keyin tiqma qo’lga olinib, barmoq va
qisqich yordamida unga shakl beriladi, patlari tekislanadi to’g’rilanadi. Keyin
tiqma shakli buzilmasligi uchun qog’ozga urab qo’yiladi. Siqma qurigandan keyin
o’rab qo’yilgan qog’oz yechib olinadi.
O’lchami katta bo’lgan qushlardan tiqma tayyorlash yuqorida
aytilganlardan bir oz farq qiladi. Bu yerda ingichka sim o’rniga o’rtacha
qattiqlikdagi sim ishlatiladi. Simning uzunligi tumshuq uchidan dum uchigacha
bo’lgan uzunlikda bo’lishi kerak. Simning oldingi uchi o’tkir qilib egovlanadi
va tozalangan bosh skeletni tepa suyagga tiqiladi. Sim bukilib, bo’yin va qorin
tomonda halqa hosil qilinadi. Keyin simning bo’yin qismiga paxta o’raladi.
Undan simga paxta emas, balki poxol, yoki shunga o’xshash dag’al materiallar
bilan o’raladi, bo’yin, qo’ltiqdagi bo’shliqlarga paxta tiqiladi qorin tomonda
kesilgan teri tikiladi va qo’l hamda qisqich bilan patlar tekislanadi. Boshidan
chiqib turgan simning o’tkir uchi kesib tashlanadi. Tayyor bo’lgan qush tiqmasi
soya joyda quritiladi.
Undan keyin qushning jinsi aniqlanadi. Buning uchun terisidan ajratilgan
qushning tanasi qorin tomonidan bo’yiga qarab qaychi bilan yoriladi va ichki
organlari (oshqozon, ichagi) olib chetga qo’yiladi. Murakkab dumg’azaning ostida
buyrak va uning oldi tomonida jinsiy bezlar joylashadi. Erkaklarining urug’donlari
doimo juft, oval va tashqi yuzasi silliq bo’ladi. Urg’ochilarining tuxumdoni odatda
toq bo’lib, chap tomonda joylashadi va donador bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: