REJA
1. «Din» tushunchasi va uning ijtimoiy mazmuni.
2. Kishilik jamiyati tarixida din va diniy e’tiqodning sotsiologik ahamiyati.
3. Dinning jamiyat hayotidagi sotsiologik ahamiyati va funksiyalari.
4. Din va uni davlat bilan o‘zaro munosabati
5. O‘zbekiston jamiyatida diniylik va dunyoviylik munosabatlari.
Din – kishining yorug‘ olamga kelishi va ma’lum bir vaqtdan keyin uni tark etishi orasidagi borliq masofasi, butun umri davomida uni tubdan o‘zgarishiga o‘z ta’sirini o‘tkazish salohiyatiga ega bo‘lgan voqelikdir. Ilmiy adabiyotlarda uning lug‘aviy ma’nosi turli-tuman qarashlar asosida ilgari suriladi.
«Din (arabcha. Ishonch, ishonmoq) – borliqni yaratuvchi va boshqaruvchi, adolatning yuksak namunasi, moddiy olamga xos bo‘lmagan va ayni vaqtda barkamollikning oliy ko‘rinishi sifatida tushuniluvchi oliy mavjudotga, ya’ni, xudoga munosabat, tasavvur, urf-odat va marosimlar majmuidir». 68
AQSHning Nyu-Gempshir (The University of New Hampshire) universiteti professori – Mishel Dillon (Michele Dillon) honim din hodisasiga quyidagi ta’rifini berganligi alohida e’tiborlidir:
«Din bu – zamonaviy Amerika va dunyoning boshqa mamlakatlarining ijtimoiy hayotini tushunishdagi tayanch konstruksiyadir. Aksariyat amerikaliklarning kundalik hayotlarini tushunishda dinning turli sotsial jarayonlardagi rolini aniqlash sotsiologlar uchun qiziqish uyg‘otadi».69
Dunyoviy adabiyotlarda dinlarning tasnifi quyidagi tarzda beriladi:
ibtidoiy jamoa sharoitlaridagi urug‘-qabila dinlari (fetishizm, totemizm, animizm, magiya). Ushbu dinlarda ajdodlar shaxsiga sig‘inish, urug‘-aymoqchilik aloqalari muhim o‘rin egallaydi. Bunda qabila boshlig‘ining shaxsi ilohiylik asosida haddan ziyod ulug‘lanadi. Hozirda bu dinlarning vakillari Janubi-SHarqiy Osiyo, Avstraliya, Okeaniya, Afrika aholisi va SHimoliy hamda Janubiy Amerikaning hindu qabilalarida istiqomat qiladilar;
milliy dinlar (konfutsiychilik, hinduizm, yahudiylik, sintoizm va boshqalar). Ular ayrim xalqlarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy va boshqa hayotiy xususiyatlarini aks ettiradi. Bu xalqlar o‘z dinlariga boshqa millat va xalqlarni qabul qilishmagani tufayli ularning dinlari jahon dinlari darajasiga chiqa olmadi;
jahon dinlari (xristianlik, islom va buddaviylik). Mazkur dinlar eng ko‘p e’tiqod qiluvchilarga ega hisoblanadi. Ularning geografiyasi juda katta hududni qamrab oladi. Bu dinlarning milliy dinlardan asosiy farqi shundaki, ularda kishilarning millati va irqidan qat’iy nazar e’tiqod qilish imkoniyatlari to‘liq mujassamlashgandir.
YUqorida ko‘rsatib o‘tilgan dinlar kishilik jamiyatining tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan va shunday qolmoqda. Ushbu tarixiy jarayonlarning vorisligi asosida din zamonaviy jamiyatlarda ham kishilarning turmush va tafakkur tarzi tizimining muhim elementi sifatida sotsial, mafkuraviy munosabatlarning o‘ta muhim muvofiqlashtiruvchi hamda etakchi kuchi bo‘lib kelmoqda.
G‘arbiy Evropa ma’rifatchilarining dinni barham topishi haqidagi g‘oyalari o‘zining to‘liq isbotini topmagan bo‘lsa-da, lekin bu mintaqadagi mamlakatlarda diniy e’tiqod masalalari ancha zaiflashganiga guvoh bo‘lib turibmiz. SHarq mamlakatlarida esa bu jarayonlar aksincha kechmoqda: din ijtimoiy hayotning muhim tarkibiy elementi sifatida kishilarning kundalik va ijtimoiy hayotlariga tobora chuqur kirib bormoqda.
Zamonaviy sharoitlarda diniy axloqning ijtimoiy me’yorni bir bo‘lagi sifatida insonning haddan ziyod ortib borayotgan moddiy ehtiyojlarini tartiblash hamda odamzotni ma’naviy kamolot sari yo‘naltirishga qodir salohiyati jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-siyosiy barqarorlikni ta’minlovchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Hozirda dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida davlat instituti o‘z mafkuraviy platformasini mustahkamlash va ommaning ijtimoiy ongiga ta’sir ko‘rsatishda din omilidan faol foydalanilmoqda. SHu nuqtai nazardan qaraganda, ma’lum bir ma’noda milliy g‘oyalarning o‘zagini diniy qadriyatlar tashkil etayotgani kuzatilmoqda.
Din hodisasining mohiyati va uni zamonaviy jamiyat hayotida tutgan o‘rnini tahlil qilishda o‘tmishda dinga bo‘lgan munosabatni ham unutmaslik kerak. Ayniqsa, dindan kamchiliklar qidirib, uning ahkomlari va qadriyatlari tanqidini davlat siyosati darajasiga ko‘tarish qanday ayanchli oqibatlarga olib kelganini har doim yodda saqlash lozim.
Sobiq totalitar tuzum davrida, mamlakatimiz ijtimoiy-gumanitar fanlari tizimida din va uning tadqiqotlari bir tomonlama, «kurashuvchan» ateistik70 ruhda olib borilgani bizga yaqin o‘tmishdan yaxshi ma’lumdir. Bu davrda din inson ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-siyosiy hayoti sharoitlarini nomunosib tarzda aks ettiruvchi salbiy hodisa sifatida talqin qilingan edi. Bu holat esa dinning haqiqiy sotsial ahamiyatini ochib berishga monelik qildi. G‘arb mamlakatlarida esa dinning sotsiologik tahlili ochiqlik ruhida, ilmiy dalillar va ishonchli tarixiy ma’lumotlar asosida va nisbatan xolislik tamoyiliga tayanilgan holda olib borilganini alohida ta’kidlash mumkin.
Demak, dinni ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlarning omili ko‘rinishida o‘rganish uni alohida ijtimoiy-madaniy tizim, murakkab sotsial fenomen sifatida, boshqa sotsial institutlar bilan chuqur aloqadorligi nuqtai nazardan turib tahlil qilishni taqozo etadi.
Ma’lumki, Evropadagi ma’rifatchilik harakati dinga funksionalizm tamoyili nuqtai nazardan murojaat qila boshladi. Buning natijasida esa dinning mazmunidan to‘liq yoki qisman voz kechish kayfiyati shakllandi. Lekin G‘arbda hamma ham bunday yondashuvga moyillik bildirmadi. Masalan, fransuz sotsiologi E.Dyurkgeym dinni jamiyatda muayyan ijobiy funksiyalarni bajarayotgan sotsial institut sifatida qabul qilishni taklif etdi. Uning bunday qarashlari keyinchalik amerikalik mashhur sotsiolog T.Parsons tomonidan yanada ijodiy ruhda rivojlantirildi.
Umuman olganda, din kishini transsendentallikka71 yo‘naltiradi. Boshqa dunyoviy ijtimoiy tizimlar esa jamiyat tomonidan belgilangan vazifalarni bajaradi.
Ma’lumki, din har qanday jamiyat hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan hodisadir. Aynan din kishilik jamiyatining sivilizatsiyasi rivojiga o‘zining ulkan hissasini qo‘shgan sotsial institutlar sirasiga taalluqli hisoblanadi. Insoniyat tarixidan yaxshi bilamizki, dunyoning hech bir mintaqasi, xalqi ma’lum bir din va e’tiqodlar tizimisiz o‘z shaxsiy va ijtimoiy hayotini tasavvur qila olmagan. Jamiyatning asosiy sotsial institutlari tarixiy davrning barcha bosqichlarida o‘z faoliyatlarini olib borish uchun u yoki bu diniy e’tiqod tamoyillariga tayanganlar. Mazkur holat barcha xalqlar va millatlarga xos bo‘lib keldi.
Albatta, ijtimoiy hayotning shakl va mazmunining transformatsiyasi jamiyat a’zolarining dinga bo‘lgan munosabatlarini ham tobora o‘zgarib borishga o‘z ta’sirini ko‘rsatishiga muvaffaq bo‘ldi. SHu nuqtai nazardan qaraganda, ibtidoiy jamoa kishisi bilan XXI asr kishisining dinga bo‘lgan munosabatlari va e’tiqodlari tizimidagi farq osmon va erchalik ekanligi yaqqol seziladi. SHuni alohida ta’kidlash lozimki, muayyan bir diniy e’tiqodga ega bo‘lish universal hodisa sifatida namoyon bo‘lib keldi va haligacha ma’lum bir ma’noda shunday bo‘lib kelmoqda.
To‘g‘ri, har bir xalq, har bir jamiyat a’zosi konkret kishilardan tashkil topishini e’tirof etib, din masalasiga ham turlicha yondashuvlar mavjudligini tan olish lozim. Din va uning arkonlari hamda hukmlari, avvalambor, mazlum, qalbi shikasta va ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilarni himoya qilishga xizmat qilgani tufayli jamiyatning zodagon kiborlar tabaqasi uni darhol hamda so‘zsiz qabul qilmaganliklarini tarixiy lavhalardan bilishimiz mumkin. Keyinchalik esa jamiyatning hukmron doiralari din arkonlaridan o‘z ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy mavqelarini mustahkamlash maqsadlarida foydalanishga intilib keldilar. Bunda ular o‘zlarining g‘ayri-insoniy xatti-harakatlarini ham amalga oshirishdan toymadilar.
Jumladan, ular ulkan ilmiy kashfiyotlarni amalga oshirayotgan olimlarni o‘z hukmronliklariga xavf-xatar solayotganlar sifatida tasavvur qilishdi va xristian dini nomidan ularga nisbatan inkvizitsiya siyosatini qo‘llab kelishdi. Pirovardida, ilg‘or fikrli olimlarni sexr-jodugarlikda ayblash, ularga nisbatan ommaviy tahqirlash hamda qatag‘on siyosati amalga oshirildi. Demak, bunday holatda biz hukmron siyosiy elitani diniy e’tiqodni yovuz-jinoiy va g‘arazli maqsadlariga erishish vositasiga aylantirish harakatlari bilan duch kelib turibmiz.
Agarda G‘arbdagi bu ijtimoiy illatni O‘rta asrlar sharoitlaridagi Movarounnahrda, Temuriylar davridagi hodisalar bilan qiyoslasak, shunday holatni kuzatamizki, islom dini ulamolari bu hududda yashab, ijod qilgan buyuk allomalarimizning dunyoviy-ilmiy faoliyatlarini din ahkomlariga zid, deb qoralamaganlar. CHunki islom ilm-fan va ma’rifatparvarlik dini bo‘lgani uchun olimlar va fozillar hamisha ardoqlanib kelingan.
Sobiq totalitar tuzum hukmronlik qilgan davrda, milliy-madaniy merosimiz g‘ayri-ilmiy tarzda talqin qilinayotgan sharoitlarda esa islom dini va diniy e’tiqodni ilm-fanning kushandasi qilib ko‘rsatishga astoydil kirishildi. Masalan, XX asrning 70- yillarida, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Odil YOqubovning «Ulug‘bek xazinasi» romani asosida olingan videofilmda Mirzo Ulug‘bekning o‘limida shayx Xo‘ja Ahror Valiy bosh aybdor qilib ko‘rsatilgani ma’lum.
Ushbu videofilm syujetida shayx Xo‘ja Ahror Valiy «otang koinot sirlari va sayyoralarni o‘rganish niqobi ostida kufr ishlarni olib borayapti va bu bilan ulkan darajada shakkoklik qilayapti» degan ma’noda Ulug‘bekning o‘g‘li shaxzoda Abdullatifni otasiga nisbatan qarshi qo‘yib, «kofirni o‘ldirish jihoddir va shu tufayli islomda katta ajr-savobga erishiladi» degan qabih fatvoni bergan, deb ta’riflangan edi.
Albatta, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tarixning soxtalashtirilgan lavhalariga mamlakatimiz adiblari va san’atkorlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalari yo‘q, chunki 1991 yilgacha mamlakatimiz tarixi totalitar tuzum markazidan berilgan ko‘rsatmalar asosida, soxta, yolg‘on va g‘ayri-ilmiy yondashuv ta’sirida yozilgan edi.
Mana endi mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritib, boy madaniy-tarixiy merosimiz olimlarimiz tomonidan ilmiy va xolislik asosida tadqiq etilib, ilgarigi kommunistik mafkuraning yolg‘on sarqitlaridan holi bo‘lmoqda. Bu sa’iy-harakatlar natijasida ataylab yashirib kelingan tarixiy haqiqat qayta yuzaga chiqmoqda.
Xususan, mamlakatimiz olimlari tomonidan shunday tarixiy fakt aniqlandiki, Mirzo Ulug‘bek haqiqatan o‘z o‘g‘li Abdullatif farmoni bilan qatl etilgan, lekin buning asosiy sababi uni toju taxtga ega bo‘lishdagi razil, pastkash va yovuz niyatini amalga oshirish harakati edi. Ushbu g‘ayrinsoniy maqsadiga erish uchun Abdullatif padarko‘shlikdan ham toymadi. SHayx Xo‘ja Ahror Valiy esa Ulug‘bek qatl qilinganda umuman Samarqandda bo‘lmagan, aksincha, u temuriyzodalar o‘rtasidagi toj-taxt uchun kechayotgan birordarko‘shlik urushlarining oldini olishga o‘zining astoydil va munosib ulushini qo‘shib kelgan ekan.
Darhaqiqat, temuriylar hukmronligi tanazzulga yuz tutishi bilan bizning yurtimizda ham din va uning arkonlaridan unumli foydalanish anchagina susaydi va bu hol o‘z navbatida ijtimoiy taraqqiyotga salbiy ta’sirini ko‘rsatishga ulgurdi. Ayniqsa, bu holat XVIII asr oxiri va XIX asr boshidan kuchayib bordi. Dinu diyonatdan uzoqlashish, islom axloqiga amal qilmaslik tufayli ayrim hukmdorlarimiz tobora razolat va fahsh botqog‘iga g‘arq bo‘la boshladilar, bunday jirkanchlik natijasida esa markazlashgan ulkan davlatimiz parchalanib, millatimiz tarqoqlik va qoloqlik darajasiga tushib qoldi. Ajdodlarimiz qoldirgan diniy qadriyatlarga tayangan yagona milliy g‘oyamizni mahalliychilik g‘oyasiga aylantirishimiz, buning natijasida esa tarqoqlilik va kuchsizlik girdobiga tushishimiz sababli avval chorizm mustamlakasiga, keyinchalik esa sobiq sovet imperiyasining arzon xom-ashyo etishtirib beradigan «viloyati»ga aylandik72.
XIX ikkinchi yarmi va XX asr boshidan Turkistonda keng quloch yozayotgan jadidchilik harakatining asl maqsadi qoloq feodal munosabatlarga asoslangan o‘lkani taraqqiy ettirishga yo‘naltirilgan edi. Jadidchilar o‘z davrining ilg‘or kishilari bo‘lib, ular ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni chuqur egallagan edilar. Bu harakat islom dinining mazmun va mohiyatini to‘g‘ri anglagan holda jamiyat a’zolari, ayniqsa, yosh o‘g‘il va qizlar diniy bilimlar bilan parallel uyg‘unlikda dunyoviy bilimlarni puxta o‘zlashtirgan xolatdagina hozirda qoloqlik darajasida qolayotgan jafokash Turkiston xalqi tez fursatlarda barqaror taraqqiyotga erishishiga qat’iy ishonganlar. Ana shu maqsadlar yo‘lida ular fidokorona va matonatli faoliyat olib bordilar.
Bu ezgu niyatlarni amalga oshirish ular uchun oson kechmadi. Ayniqsa, ijtimoiy yangilikka tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lganlar hudbin kishilar – qadimchilar jadidchilarni kofirlikda aylab, Buxoro qozisidan ularni jismonan yo‘q qilish fatvosini oldilar. O‘lkada yana qirg‘inbarot birodarkushlik harakati boshlandi. Bu jarayonlar esa Turkistonning eng ma’rifatli kishilarini bevaqt va fojeali o‘limiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Turkiston jadidchilarining etakchisi bo‘lmish muftiy Mahmudxo‘ja Behbudiy (1875-1919) ham shafqatsiz, johil va savodsiz aqidaparastlarning qurboni bo‘ldi.
Shunday musibatli kunlarni boshidan kechirib, og‘ir kurashlarda toblangan o‘zbek millati o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan kunidan boshlab muqaddas islom madaniyati va axloqiga asoslangan e’tiqodni milliy g‘oyaning ajralmas bir qismi sifatida tatbiq etgan holda ajdodlarimiz orzu qilgan farovon va erkin jamiyat qurish yo‘lidan sobitqadam bormoqda.
Ilmiy adabiyotlardagi ma’lumotlardan yaxshi ma’lumki, sotsiologiya termini lotincha «societas» - jamiyat va yunoncha «logos» - ta’limot so‘zlarining birikmasidan olingan bo‘lib, u bevosita jamiyat haqidagi fan ma’nosini anglatadi. Ushbu iborani ilk bor ilmiy muomolaga kiritgan mutafakkir bu-fransuz olimi Ogyust Kont (1798-1857).
1830 yilda o‘zining «Pozitiv falsafa ruhi» asarining ilk jildini nashr ettirib, u yangi ijtimoiy fan dunyoga kelganini e’lon qildi va o‘z ta’limotini pozitivizm, deb nomladi73.
O‘sha davrdan to hozirgi kungacha sotsiologiyaning tadqiqot ob’ekti - jamiyat hayotidagi mavjud sotsial muammolar bo‘lib, fanning maqsad va vazifalari esa ularni nazariy-amaliy jihatlarda tahlil qilish va ularning echimiga muvofiq keladigan taklif hamda tavsiyalarni ishlab chiqishdan iboratdir. Ushbu maqsad va vazifalarni bajarish jarayonida zamonaviy sotsiologiya fani tizimida bir necha maxsus va tarmoq yo‘nalishlari shakllandi va rivojlandi. Sotsiologiyaning maxsus va tarmoq yo‘nalishlari bu – alohida bir ob’ekt, yohud bir mavzuga qaratilgan tadqiqotlardir. Masalan, taraqqiyot sotsiologiyasi, sotsial institutlar sotsiologiyasi, sotsial munosabatlar, tafakkur tarzi sotsiologiyasi, din sotsiologiyasi va hakozolar. Maxsus va tarmoq yo‘nalishlaridan bugungi kunda eng rivojlanganlari esa quyidagilardir:
Iqtisodiy sotsiologiya;
Mehnat sotsiologiyasi;
Siyosiy sotsiologiya;
Madaniyat sotsiologiyasi;
Sanoat sotsiologiyasi;
Din sotsiologiyasi.
SHu nuqtai nazardan qaraganda, din sotsiologiyasi sotsiologiya fanining maxsus yo‘nalishlari orasida o‘ziga xos sotsial ahamiyatga ega bo‘lgan soha hisoblanib, u sotsiologiya fanida ishlab chiqilgan tushuncha va metodlarga tayangan holda dinni jamiyat hayotida tutgan o‘rni va rolini tahlil qiladi. Bunday sharoitda sotsiolog dinni o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sotsial institut sifatida tasavvur qilib, kishilar e’tiqodi darajasi, diniy guruhlar va tashkilotlarning faoliyat ko‘rsatishi hodisalarini empirik metodlar yordamida tadqiq qilishga harakat qiladi.
Din sotsiologiyasi fani tadqiq etadigan yana bir muammo bu – jamiyat a’zolaridagi mavjud diniy tafakkur masalasidir. Tafakkurning ushbu turi din arkonlaridan kelib chiqib shakllanadi va rivojlanadi. U boshqa tafakkur turlari ichida eng qadimiysidir. Ayrim tafakkur turlari diniy tafakkur bilan o‘zaro uyg‘unlashib ketadilar. Ayniqsa, an’anaviy, jamoaviy, ma’lum darajada hatto pragmatik tafakkur turlari va diniy tafakkur o‘rtasida yaqin aloqalar sodir bo‘ladi.
Masalan, diniy va pragmatik tafakkur turlarining o‘zaro munosabatlarga kirishishi, nemis olimi M.Veberning fikricha, G‘arbiy Evropada kapitalizmning vujudga kelishi va rivojlanishiga ma’naviy asos bo‘lib xizmat qildi. Demak, ijtimoiy hayotning muhim jabhasi bo‘lgan din va diniy e’tiqod masalasi sotsiologiya fanining dolzarb ob’ektlaridan biri hisoblanadi. Sotsiologiya jamiyat hayotini o‘rganar ekan, shu hayotning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan va ayni paytda unga kuchli ta’sir o‘tkazuvchi omil – din doimo uning diqqat markazida bo‘lgan.
Albatta, sotsiologiyada din hodisasini o‘rganish jarayonida dinning ijtimoiy hayotda bajarayotgan funksiyalariga murojaat qilishi lozim bo‘ladi. YUqoridagi fikrlardan kelib chiqib, dinning sotsial institut sifatida bajarayotgan funksiyalari haqida qisqacha to‘xtash mumkin bo‘ladi.
Rossiyalik professor YU.G.Volkov tahriri ostida nashr etilgan «Sotsiologiya» darsligida quyidagilar din institutining asosiy funksiyalari, deb talqin qilinadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |