Hayvonlardagi tafakkur kurtaklari
Yuqori darajada taraqqiy qilgan hayvonlarning (masalan, it, maymunlarning) ba’zi harakatlarini ko’rganimizda ba’zan ularga «ziyrak», «sezgir», «tiyrak» degan va boshqa shu kabi sifatlar beramiz.
Hayvonlarda shunday harakatlar ko’rinadiki, bu harakatlardan bizga hayvon qanday bo’lmasin maqsadga yetish yo’llari yoki vositalarini tanlaganday, qanday bo’lmasin masalani hal etganday, avvalgi tajribani yangi sharoitga qarab tatbiq etganday tuyuladi. Hayvonlarning tafakkuri haqidagi masala sohasida so’nggi vaqtlarda g’oyat ko’p eksperimental tekshirish o’tkazildi, bu tajriba ishlarining ko’pchiligi maymunlarning turli zotlari ustida olib borildi.
Masalan, N.N.Ladigina Kotsning tekshirishlari shimpanzeda boshlang’ich abstraksiya qobiliyatlari borligini ko’rsatadi: maymunlar o’zi idrok qiladigan narsalarning rangini shakli va hajmidan ajratar ekan, shuningdek, shaklni rang va jismdan ajrata olar ekan.
Hatto tuban darajadagi maymunlarda ham anchagina murakkab tanlash-ajratish qobiliyati borligini tajriba ko’rsatib berdi.
Professor Roginskiy mana bunday tajriba qilgan: maymunlar oldiga turli tomonga qaratib, uzun-uzun bir necha tasma va arqon uzala yotqizib qo’yilgan. Shu tasma va arqonlardan ba’zilarining uchiga yemish bog’lab qo’yilgan. Maymunlar bu tasma va arqonlarni bir-biridan farq qilmay bir necha marta ushlab ko’rganidan keyin, oxiri, tasma va arqonlarning qay xilda cho’zilib yotganidan qat’iy nazar, yangilishmay xuddi o’sha yemish bog’langan tasma va arqonlarni darrov ajratib, topib olganlar.
Odamsimon maymunlarning sun’iy suratda yaratilgan sharoitda o’zlari uchun yangi, murakkab harakatlarni bajarishga qobil ekanliklari ma’lum bo’ldi. Mahsus tajriba qilib ko’rilganda shu narsa ayon bo’lganki, maymunlar baland joyga qo’yib qo’yilgan yemishlarni tushirib olish uchun yonlarida turgan yog’ochni «qurol» tariqasida ishlata olganlar, ayrim hollarda esa yemishlarni tushirib olish uchun yog’ochlarni bir-biriga ulaganlar yoki buyumlarni qalashtirib, ustiga chiqib olganlar.
Odamsimon maymunlarning tafakkurini tekshirishda I.P.Pavlovning xizmati ayniqsa kattadir. I.P.Pavlov sinchiklab tajriba qilib, maymunlarning fahm bilan aloqador harakatlar qila olishini ko’rsatib berdi. Masalan, tajriba qilingan Rafael deb atalgan maymun eshiklarning turli xil zanjir va ilgaklarini ularning har biriga yarasha asbob bilan ochishga, olovga suv sepishga, yashiklarni taxlab zinapoyacha qilib, balandga chiqishga o’rgandi.
I.P.Pavlov o’z tajribalariga, shuningdek, boshqa tekshiruvchilarning tajribalariga asoslanib, maymunlarning fahm bilan aloqador harakatlarini materialistik asosda o’qtirib berdi. Maymunlarning fahm bilan aloqador bu harakatlari ular miyasining shartli reflektor faoliyatidir, albatta. I.P.Pavlov maymunlarning tafakkuri, fahmi o’ylashda emas (maymunlar o’ylamaydi), balki harakatidadir degan xulosa chiqaradi. «Maymunning tafakkurini uning harakatlarida o’z ko’zingiz bilan ko’rasiz», «maymunning goh uni, goh buni qo’liga olib ko’rib qilayotgan barcha ish-harakatlari, o’z ko’zingiz bilan ko’rib turganingizdek, ish-harakatda namoyon bo’lgan tafakkurdir. Bu qisman avvallari hosil qilingan, qisman hozir ko’z o’ngingizda hosil bo’layotgan, ko’z oldingizda bir-biriga qo’shilayotgan bir qancha assosiasiyalardir. Albatta, bu fahm eng elementar fahmdir» - deydi I. P.Pavlov.
Bu tafakkurning elementar tafakkurligi shundaki, hayvonlar shu paytda o’zi idrok qiladigan voqye’lik doirasidagina «fikrlaydi», ularning fahm bilan aloqador harakatlari faqat biologik ehtiyojlarni qondirish yo’lidagi harakatlardir, xolos.
Hayvonlar o’ylamaydi, ularning fikrni ifodalaydigan va ma’lum bir shaklga kiritadigan tili yo’q. Yuqori darajada taraqqiy qilgan hayvonlarda faqat birinchi signal sistemasining muvaqqat bog’lanishlari tafakkurning nerv fiziologik mexanizmlari bo’lib xizmat qiladi.
Hayvonlarda vujudga kelgan harakat usullari biridan ikkinchisiga o’tmaydi. Bu harakat usullarini qaysi hayvon topgan bo’lsa, faqat o’sha ayrim hayvonniki bo’lib qoladi. Hayvonlarning kurtak holidagi tafakkuri taraqqiy etmaydi. Bu tafakkurning zohir bo’lishi tafakkurning navbatdagi, yuksak va murakkabroq formalari taraqqiy etishi uchun bir bosqich bo’lolmaydi. Hayvonlarning tafakkuri namoyon bo’ladigan harakatlar ularning fe’l-atvorida asosiy o’rin tutmaydi. Hayvonlarning fe’l-atvori (xatti-harakatlari)dagi asosiy formalari instinktlari bilan ko’nikmalardan iborat. Hayvonlarning ana shu oddiy kurtak holidagi tafakkur faoliyati ayni vaqtda hayvon psixika taraqqiyotidagi yuksak bosqich hisoblanadi.
Hayvonlar psixologiyasi – zoopsixologiya degan mahsus fan hayvonlar psixikasini tekshirish bilan shug’ullanadi. Bu fan hayvonlardagi psixik hayot formalarining taraqqiyotini ulardagi nerv sistemasining taraqqiyotiga va biologik sistematikaga (hayvonlarning har xil turlariga), shuningdek, hayvonlarning hayot kechirish hususiyatlariga qarab o’rganadi.
Zoopsixologiya turli hayvonlar psixikasining taqqoslab tekshirganidan chog’ishtirma psixologiya deb ham ataladi. Shu psixologiyaning o’zi psixika taraqqiyotini hayvon organizmlarining biologik tuzilishiga qarab tekshirgani uchun yana biologik psixologiya deb ham yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |