Qiyosiy pedagogika rivojlanishining beshinchi bosqichi – integratsion bosqich (XX asrning 80-yillaridan hozirgi kungacha).
―Integratsiya turli qismlar, bo‘laklarning bir tizimga birlashish, uyg‘unlashish jarayonidir. Agar ushbu tushunchani madaniyatlararo aloqalarga tatbiq etsak, turli milliy madaniyatlarning umuminsoniy madaniyat atrofida birlashish jarayonidir desak bo‘ladi.
Integratsion bosqichning o‘ziga xosligi globallashuv va uning zamonaviy ta‘lim rivojlanishiga ta‘siri bilan xarakterlanadi.
Globallashuv – bu avvalo hayot sur‘atlarining beqiyos darajada tezlashuvi demakdir. Bugungi kunda zamonaviy axborot maydonidagi harakatlar shu qadar tig‘iz, shu qadar tezkorki, endi ilgarigidek: ha, bu voqea bizdan juda olisda yuz beribdi, uning bizga aloqasi yo‘q, -deb beparvo qarab bo‘lmaydi. Ana shunday kayfiyatga berilgan xalq yoki millat taraqqiyotdan yuz yillar orqada qolib ketishi hech gap emas. Bugungi zamonda mafkura poligonlari yadro poligonlaridan ham ko‘proq kuchga ega. Masalaning kishini doimo ogoh bo‘lishga undovchi tomoni shundaki, agar harbiy, iqtisodiy, siyosiy tazyiq bo‘lsa, buni sezish, ko‘rish, oldini olish mumkin, ammo mafkuraviy tayziqni, uning ta‘siri va oqibatlarini tezda ilg‘ab etish nihoyatda qiyin. Globallashuv jarayonining tezlashish omillaridan biri internetdir. Ta‘lim sohasida samarali faoliyat olib borish, raqobatbardosh kadrlarni voyaga etkazish, zamonaviy texnika jihozlarini amalda qo`llay olish uchun turli rivojlangan davlatlar ta‘lim sohasidagi yangiliklardan doimo xabardor bo‘lib, shunindek, axborotlarni qisqa muddatda almashish borasida internetning ahamiyati beqiyosdir.
Hozirgi ommaviy globallashuv sharoitida nafaqat ta‘limni, balki madaniyat, kinomatografiya, musiqa, san‘at kabi inson ma‘naviyatini shakllantirish hamda rivojlantirishga yordam beradigan sohalarni milliy mentalitetni saqlagan holda qiyosiy tahlil etish har tomonlama rivojlangan yoshlarni voyaga etkazish imkoniyatini beradi. Buni G‘arb va Sharq hududlaridagi hozirgi kunda rivojlangan ikki davlat – Germaniya va Yaponiya misolida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.
Nemis xalqinnng o‘ziga xos qadriyatlari va o‘zigagina xos dunyoni anglash tajribasi–insoniyatning mushtarak manfaatlarini mujassamlashtira olganligi va bu tajribalarni millat taraqqiyotining asosiga qo‘ya olganligi sababli XIX asrning birinchi yarmida qoloq mamlakatdan, asr oxirida Yevropa taraqqiyotining avangardiga aylangan edi. Nemis xalqiga xos yana bir fazilat o‘z faoliyatlarini maqsadga muvofiqligi tomon yo‘naltira olish va o‘ta mehnatkashlik hisobidan bunday yuksak taraqqiyotga erisha olgan edi.
Yaponiya XIX asrning so‘nggi choragida dunyoviy taraqqiyot yo‘liga kirgan bo‘lsa ham, lekin ularning davlat mafkurasida sharqona mustabidchilikka xos elementlar kuchli tarzda saqlanib qolgan edi, bularni biz sintoizmni umumyapon millatining manfaatlarini ifoda etuvchi yagona mafkuraga aylantirilganligi va imperator shaxsini ilohiylashtirilishi natijasida o‘ta markazlashgan hokimiyat tizimining shakllanishida ko‘ramiz va bu Yaponiyaning XX asr o‘rtalarigacha dunyoviy, demokratik davlat bo‘lib shakllanishiga xalal beradi.
Yaponiyaning dunyo taraqqiyotidagi xozirgi mavqeiga ega bo‘lishi uchun zarur eng muhim omil ularning milliy ruhida, milliy an‘anasida o‘z aksini topganligidadir.
Milliy ong va tafakkurning kanday mazmunda ekanligiga va uning dunyoviy taraqqiyotiga mos kelishi darajasiga qarab millatning shu bugungi xolatini aniqlash mumkin.
Demak, millatga xos belgilar, an‘analar, urf-odat va marosimlar qay darajada dunyoviy taraqqiyot mezonlariga mos kelishi yoki kelmasligi saralab olinadi va millat taraqqiyotining asosiga quyiladi. Shuning uchun ham har qanday millatga xos bulgan an‘ana, urf-odatlar muqarrar tarzda milliy meros tushunchasi ostiga kiradi. Lekin ana shu milliy merosning millatning keyingi dunyoviy taraqqiyotiga xizmat qila oladigan qismi milliy qadriyatlar sifatida e‘zozlanishi zarur.
O‘zbek xalqi xam Germaniya va Yaponiya tajribalarini umumlashtirib olgan holda dunyoviy taraqqiyot asoslarini yaratishdek buyuk maqsadni o‘z oldiga qo‘yar ekan, butun odamlar bir tanu bir jon bo‘lib ishlashi, harakat qilishi zarur.
Ko‘rinib turibdiki, ta‘limni isloh qilish va rivojlantirish asosidagi milliy istiqlol g‘oyasi biqiq hodisa emas, balki ajdodlarimiz va insoniyat erishgan eng namunali yutuqlardan oziq oladigan hayotbaxsh hodisadir.
Maktab va pedagogik muammolarni mamlakatimizda, shuningdek, butun dunyoda ro‘y berayotgan voqealardan ajratgan holda muhokama qilib bo‘lmaydi. Yevropa va Sharq, Yaqin va O`rta Sharqning bozor iqtisodiyotiga o‘tishi, amalga oshirilayotgan demokratik o’zgarishlar, yangi siyosiy fikrlashning vujudga kelishi, davlatlarda ichki va tashqi ziddiyatlarni muzokara va bitimlar yo‘li bilan bartaraf etishga intilish, sayyoramizda ijtimoiy moddiy madaniyatning rivojlanishi yangi bosqichga kirganini ko‘rsatmoqda. Insoniyatning ijtimoiy va tabiiy muhitdagi yashash muvozanati beqarorligi, uning tabiatga tushadigan og`irligi nihoyat darajada kengayotgani va tabiatga munosabat shunday davom etsa butun yer biosferasida halokatli o`zgarishlar sodir bo’lishini anglatmoqda.
Mana shu umumlashtiruvchi ijtimoiy tadqiqotlar orqali tabiat va jamiyatining o‘zaro bog`liqligini, mufassal o‘rganish zarur.
Hozirgi kunda qator xalqaro muammolarning yechimini topish uchun maktab
va pedagogika fani yangicha yondashishi, butun dunyoda inson huquqlarining yuksak darajada ustunligini tan olishi, xalqlarning intelektual boyliklari jahon ijtimoiy fan texnika taraqqiyotining qudratli omili bo‘lishi, ta‘limga innovatsion yondashuv rivojlanishi lozim. Jamiyat yangilanishining hozirgi bosqichida maktab ta`limini demokratlashtirish, insonparvarlashtirish va tabaqalashtirish sohasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Maktabni qayta qurish prinsiplarini amalga oshirish har doim istalgan natijani bermaydi, ba‘zan o‘ziga xos ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Demokratlashtirish o‘rniga o‘zboshimchalik, intizomning bo‘shashib ketishi, ta‘lim sifatining pasayib ketishi, tabaqalanish o‘rniga tor yo‘nalishdagi mashqlarga alohida e‘tibor berish, ayrim fanlarni afzal ko`rish va boshqa fanlarni pisand qilmaslik hollari kuzatilishi mumkin. Natijada o‘qitish va tarbiyalash ishlarida tartibsizliklar sodir bo‘lishi, umumiy ta`lim saviyasining pasayishi yuzaga kelishi mumkin.
Amaliyotdan ma‘lumki, ta‘limning dolzarb muammolarini hal qilish uchun xalqimizning madaniy me‘rosini o‘rganish, chet el tajribalarini o‘zlashtirish talab etiladi. Shuning uchun oliy o‘quv yurtida pedagogika fanining strategik yo‘nalishlari: ta‘lim-tarbiyada pedagogik merosni o‘rganish va uni hozirgi bosqichdagi ta‘lim bilan taqqoslash; o‘qituvchilarning amaliy tayyorgarlik saviyasini oshirish; qobiliyatli, iste‘dodli o‘qituvchilarni aniqlash; umumiy yo‘nalishlar va kasb-hunar ta‘limini innovatsion texnologiyalar bilan boyitish zarur. Ta`lim tizimimiz va boshqa milliy ta‘lim tizimlari shakllanish tarixi baynalminallikdir. Bu baynalminallik faqat pedagogik hamkorlikka emas, balki o‘xshash jarayonlarga iqtisodiy, ijtimoiy voqealarga, yangi axborot texnologiyasi va ta`limning qudratli infrastrukturasiga bog’liqdir.
Hozirgi pedagogika fani hamda ta‘lim muassasalari oldida o’rganish, taqqoslash, xulosalash zarur bo‘lgan qator muammolar turibdi. Ularni hal qilish, samaradorligini oshirish va xalq ta‘limi tizimiga joriy qilish muhimdir:
1.Ta‘lim tizimi rivojlanishini rag‘batlantiradigan qonunlar qanday bo‘lishi kerak?
2.Ta lim va tarbiya vositalarining samaradorligini oshirish uchun nima qilish zarur?
Kelajakni ta‘minlash va erishilgan yutuqlarni yo`qotmaslik uchun ta‘lim mazmuni qanday bo’lishi kerak?
Yetarli darajada yuqori saviyali ilmiy bilim berish uchun nima qilish kerak?
O’qitish jarayoniga innovatsiyani joriy etish, turli xalqlarning madaniyatini o`rganish, ta‘limda ulkan amaliy tajribalarni umumlashtirish zarur.
Zamonaviy ta‘lim mazmunini yoritish, jahon ta‘lim tizimiga integratsiyalash, ta‘lim sohasidagi innovasiyalar va yangiliklarni qo‘llagan holda jamiyatning rivojlanishini ta‘minlaydigan yoshlarni voyaga etkazish va tarbiyalash borasida mustaqillik yillarida bir qator o‘zbek olimlari faoliyat olib borishdi. Bular qatoriga: M.Ochilov, K.Hoshimov, A.Munavvarov, R.Mavlonova, S.Nishonova, O.Musulmonova, K.Zaripov, O.Roziqov, X.Ibragimov, TERDU rektori va hokazolarni kiritish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |