Tilning aniqligi, ravonligi, tushunarliligi va emocionalligi
.
Bolalarga atalgan
badiiy asarning tili umumbadiiy tilning normalariga va grammatik qurilishiga amal qilgani
holda bolalarcha tafakkur qilishning o`ziga xos ifodaviy vositasi bo`lmog`i, shu bilan birga,
bola nutq boyligini muttasil oshirib borishga xizmat qilmog`i shart. Bunda nuqul bolaga
moslashib qolmay, balki uni ergashtirib borishga intilib, bolaga notanish so`z va iboralarni
izohtalab qilib qo`ymay, kontekstdayoq anglashilarli etib ifodalashga e`tibor bermoq lozim.
Eng muhimi, N.G.Chernishevskiy ta`kidlaganidek: «Bolalarga juda ko`p narsalarni osongina
qilib tushuntirish mumkin, bunda avvalo o`sha tushuntiruvchining o`zi nimani
gapirmoqchiligini o`zi anglab etkan va uni inson tilida ravshan ifodalay ololsin». Yozuvchi
qaysi yoshdagi bolani mo`ljallab asar yozayotganini hisobga olib, o`sha yoshdagi kichkintoy
lug`at boyligi imkoniyatlarini ko`zda tutgan holda ish tutmog`i lozim. Aks holda uning asari
adresatini tayinlash mumkin bo`lmay qoladi. Chunonchi, Sh.Sa`dullaning «Yil fasllari»
she`ridagi:
Milt etib chiqdi quyosh,
Dedi:-Do`stlar, qish odosh,-
satrlariga boqqan zahoti-ularning maktabgacha yoshdagi bolalarga mo`ljallanganini sezish
qiyin emas. Chunki mazkur satrlardagi so`zlar maktabgacha yoshdagi bolalar nutqiga xos
lug`at aks etgan. Shoir bunday ekspressiv nutq zamirida bahor faslining shu yoshdagi
kichkintoylar hali sezishga ulgurmagan ikki xususiyatini-bahor qishdan so`ng kelib, qishga
xotima («qish odosh») yasashini hamda endilikda haroratli kunlar («quyosh chiqishi»ni)
boshlanishini, aniqrog`i, bahor fasli tabiatining belgili xossalarini saviyaga muvofiqlashtirib
ma`lum qilmoqda. Bolalar lug`at boyligi-ular saviyasining mezoni. Bolalar ulg`aygani sayin
voqelikni o`zlashtirish imkoniyatlari ham kengaya boradi, binobarin, ular so`zni
o`zlashtirish evaziga ularning saviyalari ham ko`tariladi,didlari o`sa va dunyoqarashlari
shakllana va to`lisha boradi. So`zni tushunish va o`zlashtirish bolalarda tasavvurni
chuqurlashtiradi, narsa va hodisalar haqida o`z fikrini tug`diradi. Bolalar uchun ijod
etuvchilar ana shu holat bilan hisoblashmoqlari shart. Zotan, bolaga atalgan asarning tili
qancha aniq, ifodalari teran, qisqa va obrazli bo`lsa voqea ham, ifodasi ham ixcham, yorqin
va sodda bo`lsa asar shuncha ta`sirchan bo`ladi, unda ilgari surilgan g`oya xotiraga
mustahkam o`rnashgan syujetni idrok qilish asosida yosh kitobxonning intellektual dunyosi
mahsuliga aylanadi.
Bolalar murakkab qurilmali gaplardagi mazmunni ilg`ashga qiynaladilar, xususan,
bunday gaplarda izohtalab arxaik so`zlar qalashib kelsa-taqatlari toq bo`ladi. Binobarin,
gaplar ham sodda, mantiqdor, jonli, hayajanbaxsh va savodli qurilmog`i, g`ashga teguvchi
qaytariqlar va mavhum iboralardan xoli bo`lmog`i lozim. Poetik obrazlar mavhum yoki
qalashib ketgan sifatlashlar (epitetlar) asosida qurilmasligi darkor, bolalar kitobida har bir
ifoda tabiiy, yorqin ma`noli va zavqovar bo`lishi-uni tushunib o`qish va uqib olishning
muhim sharti hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |