Ijtimoiy ishdagi kasbiy tajribaga egalikning o‘nta asosiy sohalari quyidagilardan tashkil topgan:
1. Muloqot malakalari
- mijozlar, bolalar, hamkasb va boshqa mutaxassislar bilan shaxslararo muloqotga kirishish malakalari;
- verbal va noverbal muloqot.
2. Baholash va rejalashtirish malakalari
- to‘liq baholash uchun ma’lumotlarni to‘plash va tahlil etish;
- mijoz vaziyatini baholash asosida aniq reja va kelishuvlarni ishlab chiqish;
- erishilgan natijalarni doimiy tarzda baholash va tahlil etib borish.
3. Aralashuv malakalari
- mijoz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlash;
- hamkasb va boshqa mutaxassislar bilan hamkorlik qilish;
- zaruriyatga qarab tahlil qilish va rejani o‘zgartirish.
4. Ishchi yozuv qaydlarini olib borish malakalari
- ish bo‘yicha yozuvlarni qayd etib borish;
- hisobot va xatlarni yoza bilish.
5. O‘z tashkiloti manfaatlarini tushuna bilish va taqdim eta olish malakalari
- tashkilot siyosati, ish tartibi, maqsad va vazifalarini bilish va tushunish;
- tashkilot missiyasini taqdim etishni bila olish.
6. Hamkasb va boshqa mutaxassislar bilan ishlay olish qobiliyati
- samarali ishchi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;
- g‘oya va ma’lumotlarni birga baham ko‘ra bilish qobiliyati.
7. O‘zini boshqarish malakalari
- o‘z ishi va vaqtini tashkillashtira olish;
- o‘zining ojiz va kuchli tomonlarini bilish.
8. Rahbar kuzatuvi ostida ishlay olish qobiliyati
- amaliy jihatlari (masalan, tayyorlov, aniqlilik);
- o‘qishga tayyorlilik.
9. Kasbiy qadriyat va munosabatlar
- ijtimoiy ish etikasini bilish va tushunish;
- doimiy ravishda o‘z bilimlari saviyasini oshirishga intilish.
10. egallangan nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay bilish qobiliyati
- ijtimoiy ish nazariyasini bilish va tushunish;
- amaliy faoliyat uchun mos nazariyani tanlay bilish va uni qo‘llay olish qobiliyati.
Shu bilan bir qatorda ular o‘z ishlarida kasbiy xulq-atvorning quyidagi umumiy qoidalarga amal qilishlari kerak:
1. Ijtimoiy ishchilar o‘zlarining ishlarini samarali bajarilishi uchun zarur bo‘l-gan malaka va kompetensiya (huquq, vakolat) darajasini doimo ko‘tarib turishlari va rivojlantirishlari kerak.
2. Ijtimoiy ishchilar o‘z malakalarini (mahoratlarini) odamlarning azobga so-linishi yoki terrorizm kabi noinsoniy maqsadlarda qo‘llanilishiga yo‘l qo‘ymas-liklari kerak.
3. Ijtimoiy ishchilar vijdonan, halol yo‘l tutishlari kerak.
4. Ijtimoiy ishchilar birga ishlaydigan insonlarga hamdardlik, xayrixohlik va g‘amxo‘rlik bilan muomala qilishlari kerak.
5. Ijtimoiy ishchilar mijozlarining qiziqish va talab-ehtiyojlarini shaxsiy qiziqish va talab-ehtiyojlariga bo‘ysindirmasliklari kerak.
6. Ijtimoiy ish xodimlari sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari uchun o‘z ish joylarida, umuman, jamiyatda o‘zlari haqida ham g‘amxo‘rlik qilishlari kerak.
7. Ijtimoiy ishchilar mijozlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni konfidensialligini saqlashlari kerak.
8. Ijtimoiy ishchilar mijozlari, hamkasblari, ishchilari, professional tashkilotlar va qonun oldida o‘z harakatlari uchun javobgar bo‘lishlarini anglashlari kerak.
9. Ijtimoiy ishchilar ijtimoiy ish maktablari bilan hamkorlik qilishlari va bu maktablar talabalariga sifatli amaliy treninglar va zamonaviy amaliy bilimlarni taqdim etgan holda ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lib turishlari kerak.
10. Ijtimoiy ish xodimlari hamkasblari bilan doimo kasbiy axloq masalalarini muhokama qilishlari va axloqiy tomonlariga e’tibor bergan holda qarorlar qabul qilishlari kerak.
11. Ijtimoiy ishchilar o‘zlari qabul qilgan qarorlarining sabablarini va izohini tushuntirib berishga doimo tayyor bo‘lishlari kerak.
12. Ijtimoiy ishchilar hujjatlarda bayon etilgan tamoyillar, shuningdek, mamlakat hujjatlarida qabul qilingan qoidalar doimo muhokamada bo‘lib qadrlansa, mazkur hujjatning bajarilishi uchun o‘z agentligi va davlatida kerakli bo‘lgan shart-sharoitlarning yaratilishi ustida ishlashlari kerak.
Ba’zi bir kasbiy sifatlar samarali shaxslararo munosabatlarni qurishning zarur shartlaridan hisoblanadi. Jumladan, ijtimoiy ishda ham. Zarur bo‘lgan sifatlarning asosiy guruhini quyidagilar tashkil etadi:
- munosabatlardagi iliqlik;
- ochiqlilik;
- empatiya;
- o‘zga kishilarga nisbatan ijobiy munosabat.
Bu shaxsiy sifatlar “malaka” bo‘lib hisoblanmaydi, lekin malakalardan o‘rinli va diqqat hamda e’tibor bilan unumli foydalanishni ta’minlaydi. Ular kishilar orasidagi barcha munosabatlar zaminida mavjud bo‘lib, o‘z samaradorligiga ega bo‘ladi. Shaxslararo munosabat malakalariga o‘rgatish ishini shu tushuncha bilan bog‘liq bo‘lgan ustanovka va shaxsiy sifatlar tushunchasini muhokama qilmay turib boshlab bo‘lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |