7. Refren va absolut qolip hosil qilish funksiyalari. Ma’lumki, she'riy nutq prozaik nutqqa nisbatan yuksak, o'ziga xos g'oyaviy-ekspressiv imkoniyatlarga ega. She'riy nutq – xarakter – kechinma, poetik leksika, intonatsiya, ritm va musiqiylik komponentlaridan iboratdir. She'riyatda musiqiylik ritmning vujudga kelishida so'z va iboralarning refren, qofiya, radif sifatida takror qo'llanishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. So'z va iboralarning bunday takrorlari “misralarning parallelligini kuchaytiradi, chegarasini eslatadi, muhim tushunchani ta'kidlaydi, musiqiylikni uyushtirishda qatnashadi, she'r tuzilishining doimiy elementlari hisoblangan vazn, qofiya va band bilan uzluksiz aloqada yashaydi “7.
Refren she'rda har qaysi banddan keyin qaytariladigan bir xil misralar bo'lib8, ba'zan ana shunday takrorlanuvchi, qaytariluvchi misralar vazifasini iboralar ham bajarishi mumkin. Masalan, shoir G'.G'ulomning “ Bizning ko'chada ham bayram bo'lajak “ she'ri 13 banddan iborat bo'lib, har band oxirida “ Bizning ko'chada ham bayram bo'lajak “ misrasi takrorlanadi. Bu misra aslida rus tilidagi “Будет и на вашей улице праздник “ iborasi sanaladi9.
Shuningdek, shoirning “ Biri biriga shogird, biri biriga ustod “ she'rida ham sarlavhaga chiqarilgan ibora 6 band oxirida refren sifatida takrorlanadi.
8. Absolut aniq qofiya xosil qilish funksiyasi. Qofiya bir-biriga ohangdosh so'zlarning birin-ketin tizilib kelishini ifoda etadi. Ritmik jihatdan uyushgan nutqda so'zlarning ohangfosh bo'lib tizilib kelishiga qofiya deb ataladi. Omonim so'zlar va frazemalarning muayyan komponenti o'zaro qofiyadosh bo'lib kelgan she'riy misralarni absolut aniq qofiyadosh misralar deyish mumkin. Tadqiqotchi F.Rayhonov bunday qofiyalarni omonimik qofiya deb hisoblaydi10. Masalan, Hamzaning eski saylovga bag'ishlab yozilgan asarida “ Ikki dunyodagi mushkullarni oson qilaman “, “ Yer bilan yakson qilaman “, “ Miyangni talqon qilaman “ singari qofiyadosh misralar asarning ritmik-intonatsion yaxlitligini ta'minlashga vosita bo'lgan.
Alisher Navoiyning g'azallarida ham frazeologizmlardan tuzilgan qofiyalar mavjud. Masalan, “ Navodir ush-shabbob “ dagi 606-g’azalda Alisher Navoiy “ chekmoq “ fe'lining rang-barang ma'nolaridan foydalanib, “ haydu hasham chekmoq “, “ alam chekmoq “, “ xunobi g'am chekmoq “, “ raqam chekmoq “ singari iboralar hosil qilgan va ular qofiya-radif vazifasini bajargan11.
Xulosa
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, xalqimiz tarixining asosiy va ajralmas qismi bo'lgan tilning uning o'ziga xos fonetik, leksik, semantik grammatik strukruraviy jihatlarini o’rganish tarixiy ana’analarimiz va kelajagimiz, taraqqiyotimiz uchun muhim omillardan biri sifatida ahamiyat kasb etadi. Mazkur kurs ishimiz orqali frazeologik birliklarning uslubiy funksiyalarini o’rgandik. O’zbek tilshunosligida ham iboralarning uslubiy funksiyalarini o’rganish sohasida muayyan yutuqlarga erishilgan. Bu jihatdan I.Qo’chqortoyev, A.Abdunazarov, H,Qahhorova, A.E.Mamatovlarning nomzodlik dissertatsiyalari diqqatga sazovordir desak mubolag’a bo’lmaydi. Shuningdek, badiiy asar tili va uslubini tadqiq etishga bag’ishlangan ayrim ishlarda ham tilning boshqa tasviriy vositalari qatori iboralarning uslubiy imkoniyatlari haqida ham fikr yuritilgan. Ammo shu kunga qadar frazeologik birliklarning uslubiy funksiyalari sistemalashtirilib, yaxlit holicha o’rganilgani yo’q. Bundan tashqari, bir qancha ilmiy ishlar , kitoblar va asarlarni o’qib chiqdik. Olimlarning fikricha, “ Frazeologizmlar tilning ortiqcha faktlari qatoriga kiradi. Ularning mavjudligi fikr predmetini baholash, ekspressiv xarakteristika berish extiyoji bilan bog'liq “.Mening fikrimcha, frazeologizmlar nutqning ortiqcha faktlari qatoriga kirmaydi. Chunki nutqimizda frazeologizmlar bo'lmasa ortiqcha so'zlar ko'payib ketadi. Frazeologizmlarning borligi uchun nutqimiz ixcham, so'zlarimiz ta'sirchan bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |