7. O’simliklarning suvga bo’lgan munosabatiga qarab ekologik guruhlarga bo’linishi.
O’simliklar ichki tuzilishiga yorug‘lik, namlik, harorat, shamol, tuproq va boshqa omillar
kuchli ta’sir etadi. Bu ekologik omillardan eng ko‘p ta’sir ko‘rsatadigan namlik suv hisoblanadi.
Shunga binoan evolyutsiya jarayonida tuproqning har xil namlikda bo‘lishi, sharoitida o‘sa
olishiga qarab o‘simliklar to‘rt ekologik guruhga bo‘linadi: gidrofitlar, gigrofitlar, mezofitlar va
kserofitlar.
1. Gidrofitlar suvga tanasining yarmidan kam qismi botganligi yoki butunlay suvga
ko‘milib turadigan o‘simliklar kiradi (o‘q barg, suv ayiqtovoni). Bularda havo to‘planadigan
to‘qima (aerenxima) juda ham taraqqiy etgan, barglari tuksiz, epidermalari ingichka, havo
yo‘llari yaxshi taraqqiy qilmagan, hujayralarining osmotik bosimi juda oz bo‘ladi.
2. Gigrofitlarning epidermalarida tukchalar bo‘lmaydi, kutikulalari ham kuchsiz taraqqiy
etgan, barglari yirik, havo yo‘llari bargning ikki tarafiga joylashgan va ko‘pincha gidatodalari
bo‘ladi. Bularga sersuv joylarda o‘sadigan o‘simliklar kiradi.
3. Mezofitlar – o‘rtacha namli tuproq va yumshoq iqlimli sharoitda o‘suvchi o‘simliklar
kiradi. Ular ko‘pincha subtropika (Kavkaz va O‘rta Osiyo tog‘laridagi) o‘rmon-to‘qayzorlarda
o‘sadi. Bundan tashqari ekiladigan sabzavot-meva, g‘o‘za kabi o‘simliklar kiradi.
4. Kserofitlar – qurg‘oqchilik sharoitida (cho‘l, sahro) o‘sadigan o‘simliklar kiradi. Bu
tipdagi o‘simliklarning barg epidermisi har xil shakl tizimida bo‘lib, juda ko‘p tukchalar, efir
moylari chiqaradigan bezlar, qalin shakldagi kutikula bilan qoplangan (masalan, O‘zbekiston
cho‘llarida o‘suvchi ko‘kparang lagoxilus). Havo yo‘llari ancha botiq holda joylashgan:
ustunsimon parenxima kuchli taraqqiy etgan. Hujayraning osmotik bosimi 20-40 atm.ga etadi,
ular juda ko‘p suv yutib, ko‘p suvni bug‘lab chiqaradi.
O‘simliklarda barglarning anatomik tuzilishidagi farqlar nafaqat ularning har xil ekologik
sharoitda yashashiga, hatto bitta o‘simlikning har xil yaruslarida hosil bo‘lishiga qarab ham
farqini ko‘rish mumkin.
Yorug‘da va soyada barglarning morfologik va anatomik tuzilishdagi farqlar ayniqsa
daraxtlarda yaqqol ko‘rinadi. Chunonchi, yorug‘da joylashgan barglarda epiderma hujayralari
qalin kutikula bilan qoplangan, ustunsimon parenxima to‘qimasi ikki-uch qator hujayralardan
iborat bo‘ladi. Soyada o‘rnashgan barglarda ustunsimon parenxima faqat bir qator, g‘ovak
parenxima esa uch-to‘rt qator hujayralardan tashkil topadi.
Bargning hayotchanligi va xazonrezgilik. Barglarning hayotchanligi o‘simliklarning turi,
biologik xususiyati va ekologik omillarning ta’sir etishiga qarab har xil bo‘ladi. Mo‘tadil iqlim
sharoitida o‘suvchi daraxt, buta va ko‘p yillik o‘tchil o‘simliklarning barglari faqat bir
vegetatsiya davomida hayotchanligini saqlab, kuzda sarg‘ayib, yoki qizarib to‘kiladi (masalan,
olma, o‘rik, gilos, tol, terak, zarang, eman va boshqalar).
Tropik o‘rmonlarda o‘suvchi daraxt, buta va ko‘p yillik o‘tchil o‘simliklarning bir necha
yil davomida hayotchanligini saqlab, keyin to‘kiladi va o‘rniga yangi barglar hosil bo‘ladi.
Masalan, Avstraliya va Janubiy Amerika qit’alarida o‘suvchi, mezozoy erasidan saqlanib qolgan
relikt Araukariyaning bargi 15 yil, lavr daraxti 4 yil, Afrikadagi Sahroi Kabirda o‘suvchi
Velvichiya bargi 100 yilgacha hayotchanligini saqlaydi. O‘rta Osiyo tog‘larida o‘suvchi Tissning
bargi 6-10 yil, archaning bargi esa 5-7 –12 yilgacha hayotchanligini saqlaydi.
Barglarning o‘z vegetatsiyalarini tamomlab to‘kilishiga xazonrezlik deyiladi. Xazonrezlik
ma’lum qonuniyatga asoslangan bo‘lib, u yer yuzining har xil sharoitida o‘sadigan o‘simliklar
uchun xosdir.
Xazonrezlik o‘simliklarning irsiy belgisi va fiziologik holati bo‘lib, ular shu jarayon
natijasida tinim davriga o‘tib, yangi biologik jarayonlarini hosil bo‘lishi uchun zamin
hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |