1.2. Tarjima nazariyasida antroponimlarning oʻrni.
Til osha tarjima natijasida esa kuyidagicha noxush manzara paydo boʻlganki, bu hol bilan murosaa qilish aslo mumkin emas:
Yuqoridagi misollarda keltirilgan olmoncha ismlarning ruscha va oʻzbekcha variantlarini xato deb oʻylaymiz. Chunki rus va, ayniqsa, oʻzbek tilida shu nomlarni asliyatiga yanada yaqinroq keltirish imkoniyatlari bor.
Masalan, Adelheid ni ruschaga “Adelxayd” deb oʻgirish mumkin. chunki rus tilida yumshoq “h” tovushi boʻlmasa-da, “ay” diftongi bor, masalan: may, ray, lay va hokazo; oʻzbekchada esa originalga muqobil, rus tilida yoʻq imkoniyat – yumshoq “h” va “ay” diftongi bor, Adelheid ni “Adelhayd” deb oʻgirsa boʻladi. Xuddi shunday imkoniyatlardan boshqa koʻp nomlar, masalan, joy nomlari (Leipzig – Leypsig – Laypsig va hokazo) va kishi nomlari “tarjimasi” uchun foydalansa ham boʻladi, yaʼni quyidagi olmoncha Auerbach, Bernhard, Einstein, Hans, Hegel, Johann, Feuerbach, Schoppenhauer, Hessling, Heine, Goethe kabi nomlarni Auyerbax, Bernhard, Aynshtayn (Eynshteyn emas), Hans (Gans emas), Hegel (Gegel emas), Haynrih (Genrix emas), Hayne (Geyne yoki Heyne emas), Yohan yoki Yohann (ammo zinhor Iogann emas), Foyerbax (Feyrbax emas), Gyote (Hyote emas) va hokazo. Fransuz tilidagi Gi de Mopassan emas, Gi doʻ Mopassan, de Balzak emas, doʻ Balzak, de Sossyur emas, doʻ Sossyur deb, Hemingwayni Xemenguey emas, Hemingvay tarzida yozish va, oʻqish asliyat ruhi va mohiyatiga mos. Bu bizning istagimiz emas, balki ona tilimizning butun salohiyatini namoyon etish va, shu bilan birga, chet el olim, adib va boshqalarning ism-familiyalarini oʻzlarida qanday boʻlsa, shunday yozish, oʻqishga daʼvatdir, xolos.3
Bu imkoniyatdan foydalanmay kelinayotganini tushunish qiyin (I. Mirzayev). Hatto bevosita tarjimalarda ham ruscha variantni qoʻllash hollari koʻp uchrashiga hayron qolasan kishi.
Keltirilgan misollar va oʻrganib chiqilgan materiallardan shunday xulosa chikadiki, nomlar tarjimasi, ularni bir tildan ikkinchi tilga oʻtkazish ishi muhim va mushkul masala hisoblanadi. Bu muammoni hal etish bir qancha faktlarga bogʻliq, jumladan:
Kishi nomlari – antroponimlar va joy nomlari – toponimlar tarjimasiniig umumilmiy asoslarini alohida tillar juftligi materialida ishlab chiqish.
Tarjima nazariyasi va amaliyotiga tayangan holda ikki tilli va koʻp tilli realiyalar lugʻatlarini yaratish.
Bevosita tarjima ishini kengaytirish va ragʻbatlantirish.
Chet el adabiyotidan qilinayotgan til osha tarjimalarni albatta mutaxassis tilshunos-germanist, romanist va sharqshunoslarning jiddiy taqrizi, tahlili va tahriridan oʻtkazish kabi qator chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.
Bu borada qiyinchiliklar, “chet tilidan oʻzbek tiliga kirgan soʻzlarning hozirgi zamon imlosi ananaga aylanib qolgan-ku” qabilidagi eʼtirozlar boʻlishidan qatʼi nazar, shuni ham eʼtirof etish kerakki, keyingi paytlarda kishi nomlari va joy nomlarini yanada aniqroq va asliyatga imkon qadar yaqinroq tarjima qilish tendensiyasi rivojlanib, davlat miqyosida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Tilda oʻrnashib, qoʻllanishi odat va anʼanaga aylanib qolgan chet tildagi ismlar va nomlarning xato transliteratsiyasi – yozuv shaklini oʻzgartirish, albatta, qiyin, ammo zinhor amalga oshirib boʻlmaydigan yumush emas.
Xuddi shu masalaga toʻxtalib, bolgar tarjimashunoslari S. Vlaxov va S. Florinlar shunday deydilar: “Ism-shariflarning eng gʻaliz chiqqan taranskripsiyalarini asta-sekin oʻzgartirish zaruratini keskinroq qoʻyish kerakligini taʼkidlash lozim, qani endi, masalan, ruscha yozilib kelingan Geyne va Gyugo oʻz ism-shariflari boʻlmish “Hayne” va “Yugo”day yozila boshlasa; turli millatlar – ingliz, fransuz, olmon, shved va boshqa millatlar qirollari umumiy Karl degan shaklda emas, balki inglizcha Charlz, fransuzcha Sharl, olmoncha Karl, shvedcha Karlos va Karli kabi shakllarda yozilsa. Hozirgi Uilyamlar rus tilida Vilyamlarga, Helmutlar Gelmutlarga aylanib qolmasa, ayni muddao boʻlardi. Bu xil jarayon boshlanganiga ishoralar bor-u, biroq ular juda ishonarsiz hamda izchil emas”.
Naqadar adolatli, qonuniy umid, talab va xolis fikr. Bu borada olmon-oʻzbek tarjimachiligida tetapoya qadamlar qoʻyilmoqda. Masalan, olmon yozuvchisi B. Apitsning “Qashqirlar changalida” romanini oʻzbekchalashtirgan tarjimon Yanglish Egamova asar qahramonlarini oʻzbekchada ham olmon tiliga muqobil ohanglarda qayta nomlagan. Ammo mashhur shoir Heinrich Heine ning ismi-sharifi oʻzbek shoiri Abdulla Sher qalamida yana avval Genrix Geyne, keyin Henrix Heyne boʻldi va nihoyat bizning mulohazalarimizdan soʻng Haynrih Haynega aylandi.
Kuzatishlardan maʼlumki, olmon ismlarini oʻzbekchalashtirishda yoʻl qoʻyilgan xatolar bir tomondan ei, ie, au, a, u, kabi unli tovushlar va diftonglar, ikkinchi tomondan g, h, ch, sch, sh, tsch kabi undosh va afrikatlarni qayta tiklash jarayonida sodir boʻlmoqda.4
Bizningcha, olmoncha – ei, eu, ai, ay diftonglarini oʻzbekcha – ay bilan, olmoncha au ni au, av bilan, äu, yeu ni oʻzbekcha – oy bilan, h ni h, ü ni yu yoki uy, iy va ie ni – iy, iye bilan, ch ni soʻz boshida x, soʻz (boʻgʻin) oxirida h bilan oʻtkazish shu unli va undoshlar uchragan olmoncha ismlarning oʻzbek tili alifbosida qayta yozilishiga – tarjimasiga asos boʻladi.
Yuqorida aytilgan fikrlar masalaning asosan bir tomoni, yaʼni ismlarning imlosi va talaffuzida milliy oʻziga xoslikni saqlab qolishiga tegishli. Bu shunchaki oddiy masala emas, chunki imlo va talaffuzning buzilishi ismlar maʼno va mazmuniga ham putur yetkazadi. Chunki shakl va mazmunning oʻzaro dialektik aloqadorligi ismlar va ularning tarjimasidagi qonuniyatlarni namoyon qiladi. Masalan, oʻz ona tilimizda qizlarga ezgu niyat bilan qoʻyilguvchi Gavhar ismini olaylik. Naqadar goʻzal, nafis va purmaʼno ism. Shu oʻzbekcha ismni oʻzbeklarimizning oʻzlari ham doim toʻgʻri aytavermaydilar: yo erinadilar, yoki sheva taʼsirida “Govxar” deb talaffuz qilishadi. Shunday talaffuzli ism qulogʻiga chalingan tojik va fors tillari vakillari nima deb oʻylashini bir tasavvur qilib koʻring-a (“gov” sigir, “xar” esa eshak manosini anglatadi). Koʻrdingizmi, oʻzbek ismidagi bor-yoʻgʻi bir unli a – o ga va bir undoshning qattiq yoki yumshoqlik belgisi h – x ga oʻzgarsa, maʼnoning qanchalar oʻzgarishiga olib keladi.
Ismimizni oʻz tilimizda va boshqa xalq tilida toʻgʻri aytilishini istar ekanmiz, keling, yaxshisi, oʻzga xalqlar ism-shariflarini ham tilimiz imkoniyatlaridai kelib chiqib asliyaticha saqlashga harakat qilaylik. Macalan, nemischa Reinhold (Raynhold) – “Azizlarning azizi” demakdir. Oʻzbek tilidagi “Azizxoʻja” ismi shu niyatda qoʻyilsa kerak. Bu ismni agar Rayngold deb oʻgirsak – “sof oltin” maʼnosi paydo boʻladi. Tarjimalarda esa koʻpincha “Reyngold” shakliga duch kelamiz, yaʼni oltinning sofligi yoʻqolib, azizlik tillaga aylanib qoladi va ism butunlay oʻzgaradi, maʼnosiz boʻlib qoladi. Xuddi shunday holat mashhur olmon faylasufi Ludvig Foyerbax ismini rus tili orqali oʻzbekchalashtirganda ham sodir boʻlgan. Rus traditsiyasi taʼsirida olmon allomasi Ludwig Feuerbach Lyudvig Feyerbaxga aylangan. Feuer – foyer “olov, oʻt, yonmoq” maʼnolarini, Bach esa “buloq, ariq” maʼnolarini anglatadi. “Feyerbax” da olov, oʻt, yonish maʼnolari yoʻqolib qolgan. Foyerverk nimaligini bir eslang. Xullas, “yonarbuloq”dan hech narsa qolmagan. Oʻzbekchada Ludwig ismini ham Lyudvig emas, Ludvig deb berish toʻgʻriroq boʻlardi.
Shuningdek, olmon fizik olimi Georg Simon Ohm ning ism-sharifini rus tili orqali oʻzbekcha Georg Simon Om deb oʻtkazishgan. Vaholanki, asliyatga, olmoncha qomuslarga murojat qilib, Georg Simon Oum tarzida oʻgirish ayni muddao boʻlur edi.
Masalaning yuridik tomoniga ham eʼtibor berish kerak. Oʻz ism-familiyasi yordamida kishilar turli xil yuridik va ijtimoiy munosabatlarda muomalada boʻladilar. Ammo ijtimoiy munosabatlarning shunday jabhalari borki, ism va familiyalar alohida konunlar bilan muhofaza qilinadi. Ilmiy va badiiy adabiyot vakillari, sanʼat namoyandalari, ixtirochilar, ratsionalizatorlarning ism-familiyalari ana shunday nomlardan hisoblanadi. Ularning nomini na oʻz tilida, na oʻzga tilda buzib aytish va yozish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |