Qrimlik havaskor astronom Gennadiy Borisov 2019-yil avgust oyi oxirida o‘zga yulduz tizimidan Quyosh sistemasiga kirib kelgan “kelgindi kometa”ni kashf qilgan edi. Ushbu kashfiyot rasman tan olindi. Shuningdek, mazkur kometaga albatta kashshofning nomi qo‘shib aytiladigan bo‘ldi (uning rasmiy ilmiy nomi C/2019 Q4 Borisov tarzida bo‘ladi). Boz ustiga, Borisov kometasi yaqin oylar ichida Yerga yaqin masofadan taxminan 150 million kilometr naridan uchib o‘tadi. O‘shanda astronomlar bu g‘aroyib mehmonga yaxshiroq nazar tashlab olish imkoniga ega bo‘ladi.
Yodingizda bo‘lsa, bir necha oy muqaddam astronomlar shu singari “kelgindi” osmon jismlaridan birinchisini – Oumuamua asteroidini kashf qilingan edi. Mana endi yana bir shunga o‘xshash Quyosh sistemasiga tashqaridan kelgan jism aniqlandi. Bu degani, demak bu singari tashqi osmon jismlari Quyosh sistemasiga tez-tez kelib tursa kerak degan xulosaga olib kelmoqda.
Foto: Google Photos
Borisov kometasi shu yilning so‘nggi oylarida Yerdan yettinchi yulduz kattaligidagi yorqin obyekt sifatida ko‘rinish bilan yaqinlashib uchib o‘tadi. U shu qadar tez uchib kelmoqdaki, Quyoshning ulkan gravitatsiyasi ham uni tutib qola olmasligi tayin va shu sababli u 2020-yilning dastlabki haftalaridayoq Quyoshdan olislasha boshlaydi. Biroq uning Quyosh sistemasini tark etib chiqib ketishi uchun ming yilga yaqin vaqt ketadi baribir. Kashfiyot haqida Xalqaro astronomiya ittifoqiga qarashli tashkilotlardan biri – Mitti sayyoralar markazi (MPC – Minor Planet Center) rasmiy axborot bergan.
Qizig‘i shundaki, kometani kashf qilgan shaxs – Gennadiy Borisov aslida havaskor astronom xolos. U Shternberg nomidagi Davlat astronomiya institutida muhandis bo‘lib ishlaydi. Astronomiya institutida ishlagandan keyin albatta jarayonga qiziqib, aralashib yursa kerak-da. Ma’lum qilinishicha, Borisov shu choqqacha yettita oddiy, “o‘zimizniki” bo‘lgan kometani kashf qilgan edi; shu yilning 30-avgust sanasida esa unga yana bir bora omad kulib boqdi. Shu tuni Borisov qachonlardir o‘zi qo‘lbola yasagan 65 santimetrli kichikroq teleskop vositasida g‘ayrioddiy parametrlar bilan harakatlanayotgan g‘alati kometani ko‘rib qolgan.
Uning g‘alatiligi shundaki, kometa Quyoshga nisbatan nihoyatda tez harakatlanmoqda. Chunonchi, bir necha mustaqil astronomlar tomonidan hisoblangan tezlik soniyasiga 30,5 kilometr qiymatni taqdim etgan! Qolaversa, kometa orbitasi ekssentrisiteti shu qadar cho‘zinchoqki, uning qiymati uchdan katta ekani aytilmoqda. Shu choqqacha Quyosh sistemasidagi bizga ma’lum osmon jismlarining ekssentrisiteti 1,2 dan ortmagan.
Orbita ekssentrisiteti shunday tushunchaki, u mazkur orbitaning konus kesimi sifatidagi shakli ideal aylanadan qanchalik farq qilishini ko‘rsatadi. Agar muayyan osmon jismining orbita ekssentrisiteti nolga teng bo‘lsa, demak u ideal aylana bo‘ylab harakatlanadi; agar ekssentrisitet qiymati noldan katta va birdan kichik bo‘lganida, osmon jismi Quyosh atrofida ellips shaklidagi orbita bo‘ylab harakatlanadi. Bunda ekssentrisitet qiymati qanchalik birga yaqinlashgani sayin orbita ellipsi shunchalik cho‘zinchoq, oval shakliga kirib boradi. Ekssentrisitet birdan ortishi bilan osmon jismining orbitasi berk kontur bo‘lmay qoladi va avvaliga parabolik (ekssentrisitet bir bo‘lganda) va keyin giperbolik (birdan yuqori har qanday qiymatda) ko‘rinishga keladi. Ekssentrisitet qiymati cheksizlikka intilgani sari jism orbitasi to‘g‘ri chiziqqa aylanib boradi. Shunga muvofiq, ekssentrisiteti birda katta bo‘lgan har qanday jism ertami-kechmi Quyosh tizimini tark etib chiqib ketishi tayin demakdir. Biroq buning uchun jism tezligi ham yetarli bo‘lishi lozim. Fizikadan yaxshi xabardor kishilar darhol fahmlashganidek, “yetarli tezlik” bu uchinchi kosmik tezlik, ya’ni 16,4 kilometr/soniya bo‘lishi kerak. Shundan past tezlikda uchayotgan har qanday jismini oxir-oqibat Quyosh gravitatsiyasi tutib oladi va uning ekssentrisiteti albatta birdan pasayadi.
Borisov kometasidan avval ekssentrisiteti birdan katta bo‘lgan atigi ikkita osmon jismi fanga ma’lum edi. Ularning dastlabkisi 1980-yilda kashf qilingan C/1980 E1 (Bowel) kometasi bo‘lib, u 1,057 ekssentrisitetga ega. Shunga qaramay, u Quyosh tizimining oddiy, ichki kometasidir. 80-yillarda uni kuzatgan astronomlar mazkur kometa qanday qilib bunaqa katta ekssentrisitetga ega bo‘lib qolganini aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, u Yupiter yaqinidan uchib o‘tayotganida olgan qo‘shimcha tezlanish evaziga tezligini 23 kilometr/soniyagacha yetkazib olgan va endi Quyosh sistemasini tark etish yo‘nalishiga ega trayektoriya hosil qilib olgan.
Ekssentrisiteti birdan katta bo‘lgan ikkinchi obyekt albatta o‘sha Oumuamua yulduzlararo asteroidi bo‘lib, u o‘tgan yili kashf qilinganidan ko‘pchilik boxabar bo‘lsa kerak. Oumuamua 1,2 ekssentrisitetga va 26,33 kilometr/soniya tezlikka ega. Oumuamua shunchaki Quyosh sistemasi ichidan uchib o‘tib ketmoqda.
C/2019 Q4 (Borisov) kometasi esa Oumuamua asteroididan sezilarli darajada katta bo‘lgan tezligi bilan farqlanib turibdi. Boz ustiga, uning dumi mavjud va demak undan gazlarning faol ravishda sochilishi ro‘y bermoqda. Shu singari g‘alati parametrlari tufayli Xalqaro astronomiya ittifoqi ushbu kometani tan olishga avvaliga shoshilmadi va havaskor astronom Borisovning hisob-kitoblarini butun jahon bo‘ylab yana boshqa o‘nlab mustaqil astronomlar orqali qaytadan tekshirtirib chiqdi. Olingan natijalar haqqoniy ekanligini kuzatuvlar ham dalilladi va xatolik ehtimolini barcha mustaqil ekspertlar istisno qildi. Shundan so‘ng 2019-yilning 12-sentabr kuni tarixda birinchi marta “kelgindi kometa” aniqlangani rasman e’tirof etildi.