§. Fanning vujudga kelishi va shakllanishi. Fan obyektiv reallikning in’ikos shaklidir
Fan ilmiy bilimlar tizimidir. Fan o‘zining ilmiy tushuncha, uslublari va metodologiyasiga ega bo‘lgan, olamni bilish va o‘zlashtirishning maxsus usuli, ilmiy bilimlar tizimidir.
Fan – bu olam haqida obyektiv bilimlar ishlab chiqarishga qaratilgan yuksak darajada tashkil topgan va maxsus faoliyatdir. Fan ijtimoiy ong shakllaridan biridir. Fan olam haqidagi bilimlar tizimi. Fan yangi bilimlarni egallashdagi inson faoliyati. Fan jamiyat, davlatni tashkil qilish shakl (institut)laridan biri hisoblanadi.
Sharqda hamisha bilimlar oliy qadriyat sifatida qabul qilingan. XII asrda yashab ijod etgan mutafakkir Ahmad Yugnakiy fan va bilim haqida shunday deydi: «Olim odamlarga yaqinroq bo‘lgin. Bilimlar senga keng yo‘lni ochib beradi, bilimlarga intilgin, baxt yo‘lini izlagin. Olim odam dinordan qadrli, bilimsiz odam mevadan arzon. Endi o‘zing sinab ko‘r, o‘ylab ko‘r, bilimdan ham afzalroq narsa bormi ekan. Bilim olimni ulug‘laydi, bilimsizlik insonni obro‘sizlantiradi».
Fanning paydo bo‘lishi haqida turli yondashuvlar mavjud. Masalan, fan jamiyat paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan yoki fan jamiyat paydo bo‘lgandan keyin ma’lum bir vaqt o‘tishi natijasida paydo bo‘lgan degan fikrlar. Pozitivizm namoyandasi G.Spenser (1820-1903)
«Fanning paydo bo‘lishi» nomli asarida fan jamiyat bilan bir vaqtda paydo bo‘lgan degan fikrni inkor etadi. U kundalik va ilmiy bilim bir-biri bilan mutanosibdir deb e’tirof etadi. Fan hayoti – inson hayotining bir qismi sifatida namoyon bo‘ladi.
Fanning XVII asrda rivojlanishi insonni turmush tarzini o‘zgartirib yubordi. Ingliz mutafakkiri B.Rassel ta’kidlaganidek Yangi dunyoni
avvalgi asrlardan farqlantiradigan narsalarning deyarli barchasi XVII asr fani yutuqlari natijasidir. Bu albatta birinchi navbatda amaliy fanlarga bog‘liq edi.
Fanning mohiyatini, inson va jamiyat hayotidagi o‘rnini bilishda uning quyidagi xususiyatlarini e’tiborga olish muhimdir:
inson faoliyatining o‘ziga xos turi;
alohida ijtimoiy institut sifatida fan ilmiy bilimlar yig‘indisi;
insoniyatning ma’naviy salohiyati, olam, tabiat, jamiyat va inson to‘g‘risidagi tasavvur va qarashlarni shakllantiradi;
olamni o‘zlashtirish va o‘zgartirish vositasi hisoblanadi.
Fan o‘z oldiga ilmiy bilimlar yaratishni maqsad qilib qo‘yadi. Ilmiy faoliyat moddiy ne’matlar ishlab chiqarish faoliyatidan keskin farq qiladi. Kishilar mehnat faoliyati, siyosat, ma’naviyat, din va hokazo sohalardagi faoliyatlari jarayonida ham bilim orttiradi. Lekin ilmiy bilimlar izchilligi, tizimliligi va haqiqiyligi bilan ajralib turadi.
Fanlar klassifikatsiyasi.
Antik davr falsafasidan bilamizki, qadimgi davrda yakkayu-yagona falsafa fani mavjud bo‘lgan, u o‘zida barcha fanlarni qamrab olgan. Miloddan oldingi III asrdan boshlab falsafadan matematika va meditsina ajralib chiqa boshlagan. Qadimgi yunon falsafasi tabiat falsafasi (naturfalsafa) sifatida rivojlanishda davom etgan. Fanlar tasnifi haqidagi birinchi ta’limotlar Demokrit, Platon va Aristotel asarlarida ishlab chiqilgan. Platon fanlar tasnifi masalasini hal qila turib, birinchi o‘ringa dialektikani kuyadi. Uning fikricha, dialektika fizika va etikani qamrab olgan. Bu davrda Aristotel nisbatan chuqur ishlab chiqqan mutafakkir Aristotel hisoblanadi. Aristotel fanlar tasnifi masalasiga asosan «Metafizika», «Topika» va
«Nikomax etikasi» asarlarida batafsil to‘xtalgan.
Forobiy ham uz zamonasidagi fanlarni klassifikatsiya qilgan. Uning tabiiy-ilmiy fanlar haqidagi qarashlari «Ilmlarning kelib chiqishi va tasnifi» asarida batafsil yoritilgan. Kitobda o‘rta asrda ma’lum bo‘lgan 30 dan ortiq fanning ta’rifi, ahamiyati ko‘rsatib beriladi. Barcha fanlar 5 guruhga ajratiladi: 1) til haqidagi ilm (7 bo‘lim – grammatika, orfografiya, she’riyat);
mantiq va uning bo‘laklari; 3) matematika (arifmetika, geometriya, optika, astronomiya, muzika, og‘irliklar haqidagi ilm, mexanika); 4) tabiatshunoslik va metafizika (8 bo‘lim – bashorat qilish, tibbiyot, alkimyo); 5) shahar haqidagi fanlar – siyosiy ilm, fiqh, kalom (etika, pedagogika).
Fanlarning bu tasnifi o‘z davrida ilmiy bilimlarni ma’lum tizimga solishning mukammal shakli bo‘lib, bilimlarning keyingi rivoji uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Shu narsa diqqatga sazovorki, Forobiy tabiiy va ijtimoiy fanlarni vazifasidan kelib chiqib to‘g‘ri farqlagan. Uning talqinicha, matematika, tabiatshunoslik, metafizika fanlari inson aqlini bilimlar bilan boyitish uchun xizmat qilsa, grammatika, mantiq, she’riyat kabi ilmlar fanlardan to‘g‘ri foydalanishni, bilimlarni boshqalarga to‘g‘ri tushuntirish, ya’ni aqliy tarbiya uchun xizmat qilgan. Siyosat, axloq, ta’lim-tarbiyaga oid bilimlar esa kishilarning jamoalarga birlashuvini, ijtimoiy hayotga tegishli qoidalarni o‘rgatadi.
Abu Abdulloh al-Xorazmiy ham fanlarni tasniflagan. Fanlar tasnifiga bag‘ishlangan uning asari «Mafatih al-ulum» deb ataladi, ya’ni
«Fanlar kaliti». Muallif asarda o‘sha davrdagi fanlarni tartiblashtirish va tasniflashni asosiy maqsad qilib qo‘yadi. Asar ikkita qismdan iborat. Birinchi qismi shariat fanlari, u bilan bog‘liq bo‘lgan arab fanlari, ikkinchi qismi esa yunon fanlaridir. Shunday qilib, al-Xorazmiy fanlarni shariat va arablarga bog‘liq bo‘lmagan fanlarga bo‘lgan. Shariat fanlari – musulmon huquqi, kalom, tarix, arab tili grammatikasi va boshqalarni, arablarga bog‘liq bo‘lmagan fanlar – falsafa, mantiq, tibbiyot, arifmetika, geometriya, astronomiya, ximiya va boshqalarni qamrab olgan.
Dastlab fan fundamental va amaliy fanlarga bo‘lingan. Fundamental fanlarga bog‘liq holda texnika va texnologiya rivojlandi.
Ilmiy bilimlar hosil qilish usullariga qarab, fanlar eksperimental va fundamental fanlarga ajraladi. Ular o‘rganish obyektiga ko‘ra – tabiiy, ijtimoiy – gumanitar va texnik fanlarga bo‘linadi.
Boshqacha bo‘lish ham mavjud: tabiatshunoslik va ruh haqidagi fanlar. Tabiatshunoslik fanlari: fizika, kimyo, biologiya, geologiya va boshqalar, ya’ni tabiatni o‘rganadigan fanlar. Ruh haqidagi fanlar: psixologiya, antropologiya, sotsiologiya, ekologiya kabilar.
Hozirgi davrda fanlarni tiplarga ham bo‘lishyapti, uni asosan uch tipini ko‘rsatishyapti: formal, deskriptiv va aksiologik.1 Formal fanlarga matematika, mantiq; deskriptiv fanlarga fizika, ximiya, geologiya, biologiya; aksiologik fanlarga politologiya, sotsiologiya, tarix, psixolo- giya, yurisprudensiya, tibbiy, texnik, qishloq xo‘jalik, ekologik fanlar kiradi.
Formal fanlar formal ko‘rinishga ega bo‘lgan fanlardir. Formal fanlar hamisha formallashgan ko‘rinishga ega bo‘lavermaydi, lekin mantiq va matematika doimo formallashgan ko‘rinishga egadir. Formal fanlar deskriptiv va aksiologik fanlardan hamisha farq qiladi. Deskriptiv
1 Paнкe B.A. Филocoфия для юpиctob. – M., 2011.
(ingl. descriptive – tasvirlash(opisatelno‘y) degan ma’noni anglatadi) fanlar yozib oluvchi yoki semantik fanlar deyiladi.
Aksiologik (grek. axios – qimmatli va logos – ta’limot) fanlar qadriyatlar va insonlar normalari bilan ish olib boradi. Bu fanlarni ko‘pincha amaliy fanlar yoki ba’zilar masalan inglizlar axloqiy fanlar deyishadi.
Tabiatshunoslik fanlari ko‘pincha aniq fanlar deb ham ataladi. Odatda aniq fanlar deganda matematika, fizika, va boshqalar tushuniladi. Chunki aniq fanlar deyilishiga sabab ular mantiqiy kategoriyalarga ega. Masalan, katetlar kvadratining yig‘indisi gepatenuza kvadratiga teng bo‘laveradi. Yoki jismni tezlanishi ta’sir qilayotgan kuchga to‘g‘ri proporsional, uning massasiga teskari proporsionaldir.
Falsafani ham aniq fanlar qatoriga qo‘shish mumkin. Chunki u ham o‘z mantiqiy kategoriyalariga ega, asoslardan natijalarni keltirib chiqarish bilan xulosalarni shakllantiradi. Aniq fanlar o‘z predmetlarini mohiyatini chuqur tahlil qiladi, bu ularning kuchli tomoni hisoblanadi. Ularning kuchsiz tomoni ular oxir oqibatda modellarga tayanib qolishadi (aytaylik fizik, matematik model). Masalan, biz qandaydir bir hodisani modelini yaratsak, o‘shandan natijalarni keltirib chiqaraveramiz. Albatta, biz modelni aniq yaratishimizga bog‘liq. Modellar aks ettirilayotgan hodisani soddalashtiradi. Har qanday soddalashtirish nimanidir yo‘qotishga olib boradi. Keyinchalik shu yo‘qotilgan ahamiyatsiz narsa juda katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Aniq fanlar: matematika, fizika murakkab tarkibga ega. Ular turli darajadagi izlanishlarga ega. Gumanitar fanlarda izlanishlar darajalari kamroq.
Bundan tashqari aniq fanlar terminlarga aniq ta’rif berilgandan keyin foydalanishni tavsiya qiladi. Gumanitar fanlar esa termin aniq ta’rifga ega bo‘lmasa-da, lekin nima haqda gap borayotganligi ko‘pchilikka umumiy tarzda tushunarli bo‘lsa, undan foydalanaveradi. Gumanitar fanlarda aniq ta’riflarni yo‘qligi uning kuchsizligi emas, balki kuchli tomonini aks ettirilishidir. Masalan, qattiq yoki gaz holatidagi predmetlar haqida gap borsa, biz ular nima ekanligini aniq tasavvur qilamiz. Agar adabiyot tarixi haqida gapirishganimizda biz klassitsizm qayerda tugaydi, romantizm qayerda boshlanadi, buni aniq tasavvur qila olmaymiz. Ular bir-biriga tabiiy holda o‘tadi, shuning uchun ular haqida tushunchalar ham har xildir.
Fan tarixida shunday hodisalar bo‘lganki, bir hodisani bir vaqtda bir- necha olim bir-biridan bexabar holda o‘rganishi mumkin. Buning
natijasida bir narsa bir-necha olim tomonidan bir vaqtda kashf qilinishi mumkin. Masalan, noevklid geometriyasi. U bir vaqtda uchta olim tomonidan kashf qilingan. Dastlab uni nemis olimi Gauss ochgan, lekin uni e’lon qilib, chop etmagan. Keyin uni rus olimi Lobachevskiy ochgan va uni e’lon qilgan, u Gauss ishlaridan bexabar bo‘lgan. Lobachevskiy bilan bir vaqtda shu yo‘nalishda venger matematigi Bolyai ham ish olib borgan. Lekin Bolyai o‘z ishlarini Lobachevskiydan olti oy keyin e’lon qilgan va chop ettirgan. Xuddi shunday voqea «Neptun» planetasini ochilishida ham kuzatilgan. Yosh (25 yoshlarda) ingliz olimi Djon Adams 1841-yil «Neptun» planetasi borligini aniqlagan, keyin uni aniqroq bilmaguncha e’lon qilmagan. Bu haqda Dj.Adams o‘rtog‘i Chalmsga aytgan. 1846-yilda fransuz olimi Leverye bu planetani kashf qilganligini e’lon qilgan.
Shuni ham ta’kidlash lozimki hozirgi zamon texnikasi kapitalizm va amaliy fanlarni birlashishi natijasida vujudga kelgan. Ammo har qanday texnika ham ilmiy hisoblanmaydi. Masalan, Xitoyda bizning eramiz- gacha texnika rivojlansa-da, fizika fani mavjudligidan bexabar edi.
Fan inson bilish faoliyatining asosiy shakllaridan biridir. Hozirgi. kunda fanning ahamiyati o‘sib boryapti va bizni o‘rab turgan voqelikning tarkibiy bir qismiga aylanmoqda. Bu haqda Respublikamiz Prezidenti I.Karimov o‘zining «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida shunday yozadi: «Mamlakatni jadal rivojlantirish borasidagi dasturiy vazifalarni amalga oshirishda fanni va ilmiy infrastrukturani rivojlantirish g‘oyat muhim ahamiyatga ega.
Respublika fani qudratli intellektual salohiyatni yaratgan. U hayotimizning ko‘pgina sohalarida amalda qo‘llanmoqda. Vatanimizning milliy davlatchiligi va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Tarixan O‘zbekiston Respublikasida shakllangan intellektual salohiyat XXI asr bo‘sag‘asida o‘zining rivojlanish darajasi jihatidan, innovatsion kashfiyotlar, imkoniyatlari bilan hozirgi vaqtda jahondagi ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlardan ilgarilab ketgan.
Fanimiz, aql-zakovat salohiyatimizning noyob va go‘zal binosiga bundan ko‘p asrlar muqaddam poydevor solingan edi. Bilimlar xazinasini ochgan buyuk ajdodlarimizning nomlari butun dunyoda mashhur. Bular buyuk matematik va astronomlar al-Xorazmiy, Farg‘oniy, Javhariy, Marvaziy, Ulug‘bek; faylasuf va ilohiyotchi-
huquqshunoslar Forobiy, Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy, Marg‘inoniy, Nasafiy; qomusiy olimlar Beruniy, Ibn-Sino; tilshunos – shoirlar Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Xojib, Zamahshariy, Alisher Navoiy; tarixchilar Bobur Mirzo, Abulg‘ozi Bahodirxon, Ogohiy va boshqa ko‘pgina zotlardir.
Hozirgi zamon fani bundan 100-150 yil oldingi fandan har tomonlama farq qiladi. Uning xarakteri va jamiyat bilan munosabati butunlay o‘zgardi.
Hozirgi zamon fanining inson va jamiyat hayotining turli sohalariga qanday ta’sir qilishini u amalga oshiradigan uchta asosiy funksiyasida kuzatish mumkin.
Bu ijtimoiy funksiyalar quyidagilar:
madaniy – dunyoqarashlik;
fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuch ekanligi;
v) ijtimoiy kuch ekanligi.
Feodal jamiyatning yemirila boshlashi bilan fanning dunyoqarashga ta’siri sezila boshladi. Shu davrda Fan ijtimoiy institut sifatida shakllana boshladi. Bu davrda ijtimoiy hayotning barcha tomonlarida din, diniy dunyoqarash hukmron edi. Bu davrda fan va din o‘rtasida kuchli kurash borar edi. N.Kopernik amalga oshirgan kashfiyotdan keyin fanning dunyoqarashga ta’siri kuchaydi va ilmiy bilimlar insonlar dunyoqa- rashida salmoqli o‘rin egallay boshladi. N.Kopernikning geliosentrik nazariyasini qabul qilish oson emasdi, chunki oldingi dogmalardan voz kechish zarur edi. O‘sha davrdagi dramatik hodisalar – D.Brunoning gulxanda yondirilishi, Galileyning tavba qilishga majbur qilinishi, CH.Darvin ta’limotidan noroziliklar, – esdan chiqishi uchun va fanning dunyoqarash shakllanishidagi ta’siri kuchayishi uchun vaqt zarur edi. Shu tariqa fanning madaniy – dunyoqarashlik funksiyasi kuchaya bordi.
Fanning bevosita ishlab chiqarish kuchiga aylanishi funksiyasi bugungi kunda nafaqat sezilarli bo‘lib qoldi, balki birinchi darajali bo‘lmoqda. Hozirgi zamon ilmiy texnik taraqqiyotining ko‘lami ijtimoiy hayotning barcha tomonlarida o‘sib boryapti.
Fan ijtimoiy institut sifatida shakllanib borishida «fan – texnika – ishlab chiqarish»ni birlashtirish imkoniyatlari vujudga keldi. Bu zarurat o‘ziga muvofiq tafakkurni shakllantirdi. Texnika rivoji ham fan bilan bog‘liqdir. Texnika rivojida vujudga keladigan muammolar fanning izlanish predmetiga aylana borgan. Bu jarayon ba’zan yangi fanlarni ham vujudga keltiradi. Masalan, gidravlika, termodinamika.
asr o‘rtalarigacha fan yutuqlari kamdan-kam hollarda sanoatga, qishloq xo‘jaligiga tatbiq etilgan. Empirik bilimlarning rivojlanib borishi fanning ishlab chiqarishga kuchli ta’sirini sezish imkonini berdi.
Fanning ishlab chiqarish kuchiga aylanishida fan yutuqlaridan foydalanish kanallarini vujudga keltirish lozim. Unga xizmat qiladigan fanlarni yaratish lozim. Masalan, amaliy matematika, amaliy fizika va hokazo. Ilmiy izlanishlarni, ilmiy-texnik axborotlar tizimini va boshqa- larni yaratish zarur.
Bugungi kunda fanning ijtimoiy kuch sifatida funksiyasi yanada rivojlanib bormoqda. Fan ijtimoiy taraqqiyotga bevosita ta’sir qilib ijtimoiy kuchga aylanyapti. Bugungi kundagi ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishdagi katta reja va dasturlarda ilmiy izlanish natijalari va usullaridan samarali foydalanilmoqda. Ushbu reja va dasturlarni amalga oshirish ijtimoiy, tabiiy va texnik fanlarni o‘zaro munosabatini taqozo qiladi.
Hozirgi zamon global muammolarini hal qilishda fanning ijtimoiy kuch sifatidagi roli katta ahamiyatga ega. Masalan: ekologik muammoni hal qilish. Ilmiy texnik taraqqiyot ekologik tanazzulning sabablaridan biridir. Inson va jamiyat hayotiga zararli atmosfera, suv, yerning vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga fan ekologik tanazzuldan chiqishning, zararsiz texnologiyalar yaratish imkoniyatiga ega. Fan global muammolar haqida birinchi bo‘lib xabar bergan. Fan global muammolarni vujudga kelish sabablarini, undan qutilish yo‘llarini yoki bartaraf etish yo‘llarini ochib beradi.
Fanning asosiy funksiyalari sifatida M.A.Axmedova, V.S.Xan rahbarligi ostida chiqqan «Falsafa asoslari» kitobida quyidagilar keltirilgan:
ilmiy bilimlardan ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish yo‘lida foydalanish (fanning texnologik funksiyasi);
ilmiy bilimlardan fanni o‘zini rivojlantirish yo‘lida foydalanish;
v) ilmiy bilimlarni inson rivojlanishi yo‘lida foydalanish;
g) fandan turli xil tabiiy va ijtimoiy jarayonlarni boshqarishda foydalanish.
Do'stlaringiz bilan baham: |