“Sab’ayi sayyor” ishqiy sarguzasht dostoniga tavsif.Tarkibiy tuzilishi hikoyat tahlili
Reja:
Bahrom Go’r va Iskandar Zulqarnayn haqidagi sujet tarixiga oid ma’lumotlar.
Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviyning shu mavzudagi dotonlari.
“Sab’ayi sayyor” dostonining o’rganilishi, kompozitsiyasi va sujeti.
Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida an’ana va o’ziga xoslik.
Alisher Navoiy "Xamsa"sining to’rtinchi dostoni "Sab`ai sayyor" (yetti kezuvchi) deb ataladi. Asarning nomlanishi sababini shoir shunday izohlaydi:
Lutf bu nazm aro bag’oyatdur,
G’araz ammo yetti hikoyatdur.
Chunki qoyil yetti musofir edi,
Ki alar sayr ishiga mohir edi,
Bo’ldi chun bu raqam ishi tayyor,
Qo’ydum otini "Sab`ai sayyor". (10-tom, 409)
Alisher Navoiyning bu masalaga alohida urg’u berishi bejiz emas. Chunki bu bilan, ya`ni asarga nom qo’yish bilan o’z dostonining shu mavzuda bitilgan boshqa asarlardan ham shakl va mavzuning talqini jihatidan farq qilishiga ishora qiladi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy salaflaridan Nizomiy Ganjaviyning shu mavzuga bag’ishlagan asari "Haft paykar" (“Yetti go’zal”) deb atalgan bo’lsa, Xusrav Dehlaviy uni "Hasht bihisht" (“Sakkiz bihisht”), zamondoshi Ashraf Marog’aviy esa "Haft avrang" (“Yetti taxt”) deb nomlagan edilar.
Ularda asosiy diqqat Bahrom qissasiga qaratilgan bo’lsa, Alisher Navoiy asosiy e`tiborni musofirlar tomonidan aytilgan hikoyalarga qaratdi va Bahrom qissasini ana shu hikoyalarning aytilish vositasiga aylantirdi. Demak, Alisher Navoiy an’anaviy mavzuni yangicha talqin, yangicha tahlil bilan boyitib, nazirai benazirni (o’xshash-o’xshamas) maydonga keltirgan edi.
Alisher Navoiyning "Sab`ai sayyor" dostoni hijriy 889 yilning jumodiyussoniy oyida-melodiy 1484 yilning iyun oyida yozib tugatilgan:
Garchi tarixi erdi sekiz yuz,
Sekson o’tmish edi yana to’qquz.
Oyi oning jumodiyussoniy,
Panjshanba yozildi unvoni.
Varaqu satrin aylabon ta`yin.
Baytini besh ming ayladim taxmin. (10-tom, 411)
Shunisi ham borki, doston to’rt oyda, ya`ni 1484 yilning mart-iyun oylari oralig’ida yozilgan bo’lsa-da, ammo boshqa ishlar bilan band bo’lmaganda, uni to’rt hafta-bir oyda yozish ham mumkin edi, deydi shoir:
Menga ayyomi garchi yod emas,
Lek to’rt oydin ziyod emas.
Bo’lsam o’zga umurdin emin,
Bor edi to’rt hafta ham mumkin. (10-tom, 409)
38 bob, 5008 baytdan iborat bo’lgan asarning shu muddat ichida yaratilishi shoirning qaynoq buloqdek ijodiy ilhomi jarayonini anglash va tasavvur etishga imkon beradi. Alisher Navoiy dostonni yozishga kirishishdan oldin Bahrom qissasi bilan bog’li bo’lgan tarixiy-adabiy manbalarni sinchiklab o’rgandi. Bu haqda asar oxirida Bahrom tilidan shunday yozadi:
Sanga navbat chu yetti sa`y etting,
Qissaning harf-harfig’a yetting…
Sen bu ishning payig’a chun bording,
Eski daftar base ko’p axtarding.
Lojaram ko’p g’aroyib o’ldi ayon,
Ki bu afsona ichra topti bayon. (10-tom, 393-394)
Demak, Alisher Navoiy Bahrom qissasini, xususan, undagi yetti hikoyani shunchalik mahorat bilan yaratadiki, natijada, hatto, Bahromshoh ham o’zi haqidagi bu dostondan hayratda qolib, shunday deydi:
Bu ki tariximiz bayon qilding,
Elga ahvolimiz ayon qilding.
Til aning vasfidin erur ojiz,
Sehr xud bor, agar emas mo’jiz . (10-tom, 393)
Bahrom qissasiga bag’ishlangan bu doston o’zbek tilida, aruzning xafifi musaddas vaxbuni mahzuf vazniida yozilgan:
Ey siposing/demakda el/ tili lol,
Elga til sen/din o’ldi til/ga maqol.
– v – – / v – v – /v v ––
Do'stlaringiz bilan baham: |