NAVOIY MEROSINI O'RGANISHNING DASTLABKI BOSQICHI
Alisher Navoiy o’zining faoliyati va olijanob insoniy fazilatlari bilan hayotligi vaqtidayoq juda katta obro’ va hurmatga sazovor bo’lgan. Shuning uchun uning hayoti, faoliyati, ilmiy va adabiy merosini o’rganish, shaxsiy fazilatlarini yoritish, unga baho berish, uni ibrat-namuna sifatida e’tirof etib keng targ’ib etish o’sha vaqtdan, ya’ni XV asrning ikkinchi yarmidan boshlangan.
Alisher Navoiy haqida hozircha birinchi ma’lumot 875-hijriy-1470-melodiy yilda yozilgan «Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul bahrayn» (ikki saodat bag’ishlaguvchining boshlanishi va ikki dengizning birlashuvi) nomli tarixiy asarda uchraydi. Asarning muallifi Abdurazzoq Samarqandiy bo`lib, mazkur kitobning ikkinchi jildida 1470-yilning safar – avgust oyigacha sodir bo’lgan voqyealar bayoni jarayonida Alisher Navoiyni «Amir Alisher» tarzida tilga oladi, uning hayoti va ijtimoiy faoliyati haqida mo’jazgina ma’lumot beradi. Bu manbada Alisher Navoiyning Sulton Husayn Boyqaro taklifi bilan Samarqanddan Hirotga kelib, «Hiloliya» qasidasini buyuk hayit kuni Sulton Husayn Boyqaroga taqdim etgani uqtirilgan. Shuning bilan birga Alisher Navoiy Samarqanddaligi vaqtida Xoja Fazlulloh Abulaysiy hamda Xoja Ubaydulloh-Xoja Ahrori Vali so’hbatlaridan bahramand bo’lganligi ham birinchi marta tilga olinadi.
Navoiyning faoliyati va merosini o'rganish uzoq va murakkab tarixga egadir. Bu tarix XV asrning o'zidan, Navoiy zamondoshlarining asarlaridan boshlanadi. Besh asrga yaqin davr ichida Naoviyning faoliyati va merosini o'rganish murakkab taraqqiyot bosqichlarini kechib o'tdi.
Alisher Navoiy yaratgan asarlarni o’z davrining mashhur xattotlari bo’lmish Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Abduljamil kabilar go’zal tarzda ko’chirish bilan ularning avlodlarga yetib kelishiga bois bo’ldilar.
Navoiyning hayoti va faoliyatini o'rganishda birinchi manba Navoiyning o'z asarlaridir. Navoiyning deyarli barcha asarlarida, xususan, uning "Munshaot", "Vaqfiya", "Xamsat-ul-mutahayyirin", "Xutbai davovan", "Majolis-un-nafois" va "Mahokamat-ul-lug'atayn" kabi asarlarida uning hayoti va faoliyatiga doir ko'p va qimmatli faktlar, ma'lumotlar bor. Bu fakt va ma'lumotlar Navoiyning shaxsiy hayoti, uning ijodiy faoliyati, ayrim asarlarining yozilish tarixi, rejalari va orzu-intilishlari, madaniy hayot va obodonchilik sohasidagi xizmatlari, xalqning osoyishtaligi uchun kurashi, muhrdor va vazir sifatida qilgan ishlari, do'stlari, hamkorlari, raqiblari va dushmanlari bilan bo'lgan munosabatlari kabi masalalarni qamrab oladi.
"Majolis un-nafois" asarida Navoiy o'z salaf va zamondashlaridan farqli o'laroq tazkira materiallariga buyuk so'z san'atkori va adabiyot tanqidchisi sifatida yondashadi va asos e'tibori bilan uni o'z zamondoshlariga bag'ishlaydi. Bu asari orqali Navoiy o'z davri adabiyotiga o'zining ilg'or maqsadlari asosida muayyan yo'nalishi berishga intiladi, adabiyotning mohiyatini talqin etish, uni baholashda adabiyotning yuksak badiiiyligi va g'oyaviyligi uchun kurashishda davrining ilg'or gumanisti va xalqparvari sifatida fikr yuritadi.
Alisher Navoiyning hazil-mutoyibaga munosabati, uning yumori, badihago’ylik, hozirjavoblik, zarofat va boshqalar borasidagi sifatlari haqida aniqroq tasavvurga ega bo’lish uchun uning o’z asarlaridan, “Majolisun-nafois”, “Xamsatul-mutahayyirin” va boshqalardan bir necha parchalarni ko’rish mumkin. Zotan, Navoiy haqidagi zamondoshlarining hikoya va latifalari o’z xususiyatlari bilan Navoiyning o’z yumoriga, sodir bo’lgan voqeani hikoya qilish manerasiga ham o’xshab ketadiki, bu hikoya va latifalarning Navoiy davridagi janr va uslub mushtarakliklarini yoritish uchun muhim ahamiyatga egadir.
Endi «Holoti Pahlavon Muhammad» dan bir kechmish voqea bayonini keltiramiz: «Aning (Pahlavon Muhammadning) zehn va zakosi latofatidin va hofizasi tezligi va zarofatidin bir necha kalima xotirga kelur; ado qilmog’i holi az munosabate emas. Sulton Abusaid Mirzo zamonidakim, Xuroson ahli Samarqand ahlig’a asir erdilar va har naf zulm va taaddiki, alardin voqe’ bo’lsa bu asirlar mute va farmonpazir.
Bu faqirni ayni ixlos va falokat va sarnavish va ranjur ish Mashhad sori tortib eltdi va anda yongandin so’ngra mafosil marazi jori bo’lib bir go’shada yiqildim. Ittifoqo Pahlavon xizmatlari ham ul ayyomda Mashhadda erdi. Bu faqirning holidin xabar topmog’idin so’ngra har kim qadam ranja qilib ulcha qoidayi shavqat va yorliq va tariqiy muhabbat va g’amxorliq bajo kelturur erdilar – angachaki maraz daf’ bo’ldi… Qazoro, bir kunkim, sahari faqir shu she’rni aytib erdim, matlai budurkim:
Har qayon boqsam yuzumga ul quyoshdin nur erur,
Har sori qilsam nazar ul oy manga manzur erur.
Va bu she’r yeti bayt erdi na musavada qilib jaybimg’a solib erdim va hanuz kishiga o’qimaydur erdim va ko’rsatmaydur erdim… (Keyin so’z Lutfiy va Nasimiy xususida davom etadi.)
… Pahlavon e’tiroz yuzidin kinoyatomuz dediki:
- Ravo bo’lg’ayki, Said Nasimiy borida Lutfiy nazmini pisand qilg’aysen va xod ulkim, Said Nasimiyning nazmi zohir yuzidin majoz tariqiga shomildur va ma’ni yuzidin haqiqat tariqiga yuqori bitgan baytni o’qudukim, faqir bu sahar aytib erdim. Chun matla’ni o’qidi o’zga ab’yotin ham mutaoqib bayon qildi va taxalluskim, va nav’ voqe’ bo’lubturkim:
Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko’rsa ranj,
Yo’q, ajab, nevchunki xom etgan kishi ranjur erur.
Navoiyni Nasimiyga tag’yir berib o’qudi va filvoqe’ bu baytda Navoiy lafzidin Nasimiy lafzi munosibroqdur va faqir mutaajjib bo’ldum. Ohistaroq ilgimni jaybimg’a elttim va ul she’rning abyotini mukarra o’qur erdi… Zarurat yuzidin so’rdumki:
Bu she’rni qachon yod qilib tutub erding?
Dediki:
O’n ikki yil bo’lg’ayki, Bobir Mirzoning majlisida bu she’r o’tar erdi, menga bog’oyat xush keldi, bitib olib yod tutum.
Bori har hol bila bukun o’tti, o’z tak’yasiga bordi. Tongla hamul dastur bila yana keldi, yana suhbat bo’ldi, yana so’z oraga tushdi. Yana faqir so’rdum va ilhoh qildikim, bu ish kayfiyatin ma’lum qilg’aymen. Bu qatla hud dediki:
Ul vaqtki, men bu she’rni yod tuttum, kushtigirlardin ham nechasi bor erdilar, (alar) ham o’rgandilar, - deb uch – to’rt piyoda sort qushtigirniki, aning bila kelib erdilar, tilab dediki: «O’qung, andoqki mening bila o’rganib erdingiz». Alardag’i paydar – pay ravon o’qudilar, faqirg’a taajub ustiga taajub voqe’ bo’ldi va Pahlavon sidqida mubolag’a qilur erdi. Agarchi mubolag’a xojat emas erdi, nevchunkim sidqi davosida necha tanug’ ham o’tkazdi. Oqibat andoq ma’lum bo’ldikim egnimni ulaydurg’onda jaydunda qog’oz ko’ribdur, ohistalik bilan ul qog’ozni chiqorib ko’ribtur va ma’lum qilibdurki ushbu yaqinda aytilg’on she’rdur. Ul qog’ozni ochuq yonida qo’yibdur va yor tutubdur va chirmab chaybimg’a solibdur. Oqshomki, tak’yasig’a borubdur, kushtigirlariga taklif bila o’rgatibdur va buyurubdurki, ehtimomi tamom bila takror qilibdurlarki, o’qur chog’da ravon o’qug’aylar.
Pahlavonning ul nav’ g’arib ishlari va ajib zarofaatlarikim, tabg’a mujibi taajub va aqlg’a boisi taxayyul bo’lg’ay - ko’p erdi».
Navoiy bayonati bir necha jihatdan ahamiyatlidir:
Unda Abusaid hukmronlik qilgan davr haqida ma’lumot berilgan va Abusaid adolatsizligiga qarshi Navoiyning norozilik kayfiyati ifoda etilgan.
Bayonat avtobiografik hamiyatga ega bo’lgan Navoiyning yigitlik pallasi, Mashhadda kechirgan oxir kunlari haqida ma’lumot berilgan.
Pahlavon Muhammadning hazil - mutoyibasi Navoiy davri ziyolilari, ilm - urfon va san’at adabiyot ahllari doirasida uchun xarakterli hazil – mutoyibadir;
Kechmish voqea Alisher Navoiy tomonidan hududi bir badiiy asardek zavq – shavq bilan ifodalandiki, uni voqea hikoya deb ham atamoq mumkin. Bayon usuli va uslub jihatidan bu voqea hikoya bilan Navoiyning hamma zamondoshlarining shu zayldagi boshqa hikoyalri ma’lum mushtaraklikka egadir. Bu Alisher Navoiy haqida uning zamondoshlari yozib qoldirgan hikoyalariga ham taaluqlidir. Binbarin, Navoiy haqidagi uning zamondoshlari asarlari berilgan hikoyalariga o’tishdan oldin Navoiy davri yumori to’g’risi yumoristik voqea hikoyalardan bir nechta misol keltiramiz. Bu misollarni o’zga mualliflardan emas, balki Navoiy asarlaridan, «Majoliun – nafois», «Xamsatul – mutahayyirin» dan keltiramiz.
«Mavlono Masihiy… derlarki Ka’ba safarlarida Mavlono bodiyadan xorg’o0n mahalidakim, mog’lon yog’ochi ko’lankasida oyog’idan tikan sug’irgan mashg’ul ekandur. Qofiya shul toblaridan biri bu baytni debdurkim:
Az ranchi rahi duru sarhori Mo’g’ilon,
Az omadani Ka’ba pushaymon shuda boshi»1
Mavlono Sog’ariy haqida : «Xamsatul - mutahayyirin» dan:
«Alar (Mavlono Jomiy) Sg’ariy bila ko’p mutoyiba qilurlar erdi. Bir kun alar xizmatida mavlono Sog’ariy hozir erdi. Alr aning she’rin ta’rif qilur rangda aning bilan mutoyiba qilur erdilar. Va mavlono Sog’ariy o’z sherin bog’oyat ehtimom yuzidin karru far2 bila o’qug’uvchi erdi. Andoqqqi, bir oz nima bevuqufroq kishi qoshida o’qusa erdi, ko’p yaxshilikg’a o’tkarur erdi. Faqir o’qumog’in ham ta’rif qildimkim, bovujudi ayttilarkim: «Bizga mundoq boziy berur». Alar bu qit’ani aytib erdilar.
Navoiyning hayoti va faoliyatini o'rganishda uning zamondoshlari tomonidan yaratilgan asarlar ham juda qimmatli manbadir. Bular Xondamirning "Makorim-ul-axloq" ("Yaxshi xulqlar"), "Habib-us-siyar" ("Suyukli xislatlar"), "Xulosat-ul-axbor" ("Voqealarning xulosasi") Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat-ush-shuaro" ("Shoirlar tazkirasi") asarlari, Boburning "Boburnoma"si, Vosifiyning "Badoyi-ul-vaqoye" ("Go'zal voqealar") kitobi va boshqalardir. Shu bilan birga, Abdurahmon Jomiyning "Yusuf va Zulayho", "Xiradnomai Iskandar" va "Bahoriston" kabi asarlarida hamda boshqa mualliflarning kitoblarida Navoiyning faoliyati va ijodiyotiga doir muhim ma'lumot, ta'rif va baholar berilgan. Bu manbalarda faktik material va ob'ektiv fikr-mulohazalar bilan birga, ba'zan Navoiy bilan Husayn Boyqaroning do'stligini ortiq darajada bo'rttirib yuborish, ularning o'rtasidagi ixtiloflardan ko'z yumish, Navoiyning ayrim fazilatlarini ilohiylashtirish kabi kamchiliklar ham bor. Binobarin, Navoiyning hayoti va faoliyatini, XV asr tarixiy voqealarini yoritishda bu manbalardan tanqidiy foydalanish zarurdir.
1470-yildan so’ng yozilgan tarixiy («Ravzat us-safo»), ilmiy («Nafahot ul-uns», «Tazkirat ush – shuaro») va badiiy («Haft avrang», «Bahoriston») asarlarda ham Alisher Navoiyning nomi zikr qilindi, uning haqida turli xildagi ma’lumotlar keltirildi. Hatto unga bag’ishlangan maxsus holot-manoqib («Makorim ul –axloq») asari ham yaratilib, unda Alisher Navoiy hayoti, shaxsiyati, faoliyati, merosi, ijodiy aloqalari, turli yozishmalari, ayrim asarlarining yaratilish sabab va tarixi haqida nodir hikoyat va hujjatlar to’plandi.
Alisher Navoiy Davlatshoh Samarqandiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Haydar (“Tarixi Rashidiy”) va boshqalarning ma’lumoticha, nozik tabiatli kishi bo’lgan, o’rinsiz tabiatli kishi bo’lgan, noxush kishilarni o’z majlisiga yo’latmagan. Alisher Navoiy mijozidagi bu xususiyatlarni ayrim kishilar davlat va matsab kibri g’ururiga yo’yganlar. Aslida esa nozik tabiatlilik Navoiyning tug’ma xislati bo’lgan. “Alisherning mijozi, – deydi Bobur, – nozuk bila mashhurdir. El nazokatini davlatining g’ururidan tasavvur qilur erdilar. Andoq emas ekandur. Samarqandda ekanda ham ushmundoq nozuk mizoj ekandur”1.
Xondamirning yozishiga qaraganda, 1476-1477- yillarda Alisher Navoiyning qurdirgan «Ixlosiya», «Nizomiya» madrasalari singari «Xisraviya» madrasasida ham ming – minglab talabalar o’qigan. Navoiy talabalarning osoyishta bilim olishlari uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilgan, hatto ularning faqat o’qish bilan mashg’ul bo’lishlari uchun ularga nafaqalar ham belgilangan. Keyinchalik ana shu talabalar orasidan katta olimlar yetishib chiqqanligini Xondamir mamnuniyat bilan yozadi: «… shuningdek, tahqiq va ishonch arboblarining qiblasi bo’lgan bu zot (Navoiy) Sohibqironning podshohligi zamonida atoqli olimlar va hurmatga loyiq san’at ahllarining darajalarini ko’tarishga va martabalarini oshirishda qo’ldan kelgan qadar harakat qildi. Talabalarning tinch bemalol ilm olishlari uchun ularga nafaqalar belgilab, madrasa va xonaqohlar bino qildi. «Injil» nahri bo’yiga nihoyat zeb – ziynatli qilib ishlangan madrasai «Ixlosiya» solindi… Madrasai «Nizomiya» Hirot shahri ichida… Madrasai «Xisraviya» Marv shahrida bino qilingan. Donishmand arboblarning xotirida yashirin qolmasinki, yuqorida zikr qilingan binolarning sharofati va barakati butun dunyoda shu qadar mashhurki, bundan ziyodani xotirga keltirib bo’lmaydi».2
Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, shogirdlaridan biri, tarixchi olim Xondamir o`zining «Makorim ul-axloq» asarida shunday deb yozgan edi: «Xitoy va Xo`tan mamlakatlarining chegaralari boshlab to Rum va Mag`ribzamin mamlakatlarining oxirigacha shoh va gado, yosh va qari, musulmon va g`ayridin, yaxshi va yomon og`zidan ul hazratning go`zal nazmlari mashhur va butun xalq ommasi va ayrim tabaqalarning ko`ngil sahifalarida va qalb lavhalarida muborak she’rlari naqshlangandir»
Navoiy she’riyatining bundan besh asr ilgariyoq jahonni zabt etganligidan guvohlik beruvchi bu haqqoniy so`zlarning qadri hozir ham zarracha kamaygan emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |