S.MATYAKUPOV, H.ALLAMBERGENOV
NAVOIYSHUNOSLIK
NUKUS - 2011
Ushbu o`quv qo`llanmada buyuk so`z san`atkori A.Navoiy ijodining turli davrlarda o`rganilishi va taraqqiyot bosqichlari, navoiyshunos olimlar to`g`risida ma`lumotlar berilib, mutafakkir shoir hayoti va ijodi to`g`risida yaratilgan ilmiy-tadqiqotlar tahlili orqali Navoiy hayoti va ijodini chuqur o`rganish ko`zda tutiladi hamda shoir ijodining o`ziga xos qirralari haqida atroflicha mulohazalar yuritiladi.
Qo`llanma oliy o`quv yurtlari filologiya fakul`teti talabalari, magistrantlar hamda Navoiy ijodi ixlosmandlariga mo`ljallangan.
Mas`ul muharrir: filologiya fanlari doktori,
professor K.QURAMBOEV
Taqrizchilar: filologiya fanlari nomzodi
K.TASHANOV
Filologiya fanlari nomzodi
I.QURBONBAEV
K I R I SH
Nizomiddin Mir Alisher Navoiy jahon adabiyoti xazinasini boqiy asarlari bilan boyitgan namoyanda, g`azaliyot osmonida chaqnagan yulduz, mangulikka musharraf bo`lgan so`z san’atkoridir. Uning o`lmas asarlari xalqimiz milliy ma’naviyatining ko`rki bo`lib kelmoqda. Undagi xilma-xil fikrlar, chuqur va boy mulohazalar, teran ma’nolarga inson aqli lol qoladi. Navoiy ijodi davrga qarab tuslanib turlanmaydigan, o`z bag`riga mustahkam e’tiqodini jo qilgan, insonni yaxshilikka chorlovchi, quyosh kabi o`zidan doimo ziyo taratuvchi ijoddir.
Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida Alisher Navoiyga “Agar bu ulug` zotni avliyo desak, avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”1 deb ta’rif berilishi bejiz emas.
Navoiy asarlari millat ma’naviyatini boyitishga xizmat qiladi. Shoirlarning ijodini o`rganish nafaqat adabiyot mashg`ulotlarida, balki talabalar bilan o`tkaziladigan darsdan tashqari tadbirlar, tarbiyaviy soatlar, turli badiiy kechalar va uchrashuvlar orqali singdirib borish bugungi kun o`qituvchisining mas’uliyatli vazifalaridandir.
Oliy o`quv yurtining namunaviy o`quv rejasi asosida ishlab chiqiladigan ishchi o`quv rejasiga “Navoiyshunoslik” kursini kiritishdan bosh maqsad uzluksiz ta’lim tizimini ta’minlash, ya’ni magistratura mutaxassisligi uchun asos, poydevor yaratishdan, talaba yoshlarni Navoiy ijodini adabiyotshunoslikda o`rganilishi masalalari, bugungi kunda shoir ijodini o`rganishdagi dolzarb vazifalarni belgilab olishdan iborat. Ana shuni inobatga olgan holda “Navoiyshunoslik” kursi ta’limning bakalavriat yo`nalishiga mo`ljallangan. Unda o`zbek tili va adabiyoti mutaxassisligida ta’lim olayotgan talabalarga Alisher Navoiy hayoti va ijodining adabiyotshunoslikda o`rganilishi, uning taraqqiyot bosqichlari, o`zbek navoiyshunos olimlari to`g`risida ma’lumotlar beriladi. Asosiy e’tibor esa, Navoiy hayoti va ijodi to`g`risida yaratilgan monografiya, risola va ilmiy maqolalar, ularning tahlili orqali Navoiy hayoti va ijodini kengroq va chuqurroq o`rganish ko`zda tutiladi.
Ma`lumki, Alisher Navoiy o`zbek adabiyoti taraqqiyoti va o`zbek adabiy tili ravnaqiga ulkan hissa qo`shgan ijodkordir. Biror adabiy til hech qachon biror adibning nomi bilan atalmagan. Ammo XV asrdan boshlab o`zbek tili Navoiy tili nomi bilan tanila boshlagan. Sharq mamlakatlarining ko`plarida Navoiy an`analarining davomchilari paydo bo`ldilar.
Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning o‘g‘li Shoxrux mirzo davrida Hirot shahrida tug‘ildi. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb yozadilar. “Nizomiddin” – din-diyonat nizomi, “Mir” – amir demakdir. Otasi G‘iyosiddin Muhammad (G‘iyosiddin kichkina) temuriylar saroyining amaldorlaridan, onasi amirzoda Shayx Abusaid Changning qizi bo‘lgan, bobosi Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh (ko‘kaldosh) bo‘lgan, buvilari temuriy shahzodalarning enagasi bo‘lgan. Uch-t‘ort yoshlarida Qosim Anvor she’rlarini yod aytgan. To‘rt yoshida o‘qishga borgach, u yerda Husayn Boyqaro bilan ta’lim oladi.
1447-yilda Shohruh mirzo vafotidan keyin temuriylarning toj-taxt talashi keskinlashgach, Alisherning oilasi Iroqqa ko‘chib, Taft shahrida yashay boshlaydi. Bu yerda u mashhur shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan tanishadi.
1451-yilda uning oilasi yana Hirotga qaytadi.
1452-yilda Abulqosim Bobur Mirzo taxtga o‘tirgach, G‘iyosiddin Sabzavor hokimi etib tayinlanadi. Bu paytda Alisher Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarlarini o‘qir va yod olardi. Shuningdek, Xo‘ja Yusuf Burhondan musiqa ilmini o‘rganadi, tarix, adabiyot, husnixat va boshqalar bilan jiddiy shug‘ullanadi.
Shoir ona tiliga juda erta muhabbat qo'ygan edi. U 10-12 yoshlaridan boshlab, shaklan go'zal, mazmunan mukammal g`azallar yarata boshlagan.
Orazin yopqach ko'zimdin sochilur har lahza yosh,
Do'stlaringiz bilan baham: |