Mashg’ulot № 5 (Laboratoriya mashg’uloti)
Mavzu: Titrimetrik tahlil. Neytrallash usullari
Titrimetrik tahlil eritmalar konsentratsiyasini titrni aniqlash orqali topishni o’rgatadi. Shulardan biri hajmiy tahlildir.
Titrlash jarayoni deb konsentratsiyasi aniq eritmani noma`lum konsentratsiyali eritma ustiga tomchilatib quyib turishga aytiladi. Konsentratsiyasi aniq bo'lgan eritmalar titrlangan yoki ishchi eritmalar deyiladi.Titrlash ekvivalent nuqtagacha davom ettiriladi. Ekvivalent nuqta shunday holatki, bunda titrlash vaqtida reaksiyada ishtirok etayotgan moddalar bir biri bilan ekvivalent miqdorda o'zaro ta'sirlashadi. Shuning uchun reaksiya oxirini bilish yoki ekvivalent nuqtani aniq topish katta ahamiyatga ega. Ekvivalent nuqtani aniqlash uchun indikatorlardan foydalaniladi. Indikatorlar shunday moddalarki, ular reaksiya vaqtida ishtirok etib, ekvivalent nuqtaga yetganda ko'z bilan seza oladigan (rangning o'zgarishi, cho'kma hosil bo'lishi va h.k.) biror o'zgarish hosil qilish xususiyatiga ega. Ba'zan indikatorlar vazifasini reaksiyaga kirishayotgan moddalardan biri bajarishi mumkin.
O’tkazilayotgan reaksiya turiga ko’ra hajmiy tahlilning quyidagi usullari tafovut etiladi: neytrallash, oksidimetriya, cho’ktirish, komplekcometriya.
Ishchi eritma turiga ko’ra hajmiy tahlil usullari quyidagilarga bo’linadi: alkalimetriya, atsidimetriya, permanganatometriya, yodometriya, xromatometriya, argentometriya, kompleksonometriya.
Shuningdek, titrlashning fizik-kimyoviy usullari keng qollaniladi, ular qatorida: konduktometriya, potensiometriya, amperometriya, polyarografiya.
Neytrallanish usulining asoslari
Neytrallanish usuli kislota va asos о‘rtasidagi neytrallanish reaksiyasiga asoslangan. Ishchi eritmaning tabiatiga kо‘ra (odatda bu kuchli kislota yoki asos bо‘ladi) titrlash usullari yana turlarga bо‘linadi. Agar ishchi eritma ishkor bо‘lsa neytrallanish usulining bu turi alkalimetriya, agar kislota bо‘lsa, atsidimetriya deyiladi.
Suvdagi eritmalarda kislota-asosli indikatorlar kuchsiz kislota yoki kuchsiz asos xossalarini namoyon qilib, ularning dissotsilanmagan molekulalari bir xil rangda, dissotsiyalanganda hosil bo'ladigan ionlari boshqa rangda bo'lish xususiyatiga ega. Masalan, fenolftalein, metiloranj va lakmus kuchsiz kislotalar deb qaralsa, ularning dissotsilanishini umumiy holda quyidagicha yozsa bo'ladi:
Hind ↔ H+ + Ind-
O'zida indikator saqlagan eritma ustiga kislota qo'shilsa:
HC1 = H+ + Cl-
vodorod ionlari indikator ionlarini bog'laydi:
H++ Ind- → HInd
natijada muvozanat chapga — indikator molekulalari hosil bo'lishi tarafiga siljiydi.
Eritmaga ishqor qo'shilsa:
NaOH = Na+ + OH-
hosil bo'lgan OH- ionlari H+ ionlari bilan birikib kam dissotsiatsiyalanadigan suv molekulalarini hosil qiladi:
H++ OH- = H2O
Natijada muvozanat o'ngga siljiydi, ya’ni eritmada indikator anionlarining Ind- konsentratsiyasi oshadi:
HInd → H+ + Ind-
Ishqorning ozgina ortiqcha miqdorda qo'shilishi eritma rangini indikator ionining rangiga aylanishiga olib keladi. Demak, indikator rangining o'zgarishi eritmaning pH qiymatiga bog'liq.
Indikatorlar o'z rangini asta-sekin o'zgartirishi mumkin bo'lgan pH qiymatining ikki oralig'i shu indikatorning o'tish oralig'i deyiladi. Neytrallash usulida qo’llanadigan indikatorlar: fenolftalein (ΔpH=8-10), metiloranj (ΔpH=3,1-4,4), metilqizil (ΔpH=4,4-6,2), lakmus (ΔpH=5-8). Indikatoruing rangini o'zgartirish oralig'ida bo'lgan va titrlash tugagan nuqtasini ko'rsatuvchi pH qiymati indikatorning titrlash nuqtasi deyiladi (titrlash ko'rsatkichi).
Do'stlaringiz bilan baham: |