2-4-mavzu. G‘afur G‘ulom. “Shum bola” qissasi. (3 soat, A2+: 5 soat) G‘afur G‘ulomning hayoti va ijodi haqida qisqacha annotatsia.
“Shum bola” qissasida topqir, hozirjavob bola obrazining hajviy talqin etilishi. Hayotiy hodisalarga kulgi nazari bilan qarash, qissada yozuvchining tarjimai holiga doir unsurlarning ifodalanishi va bu holning yozuvchi ijodiy uslubiga xos xususiyat ekanligi. Asar tilidagi xalqchillik, jamiyatning turli tabaqalariga xos jihatlarning mohirona tasvir etilganligi.
5-6-mavzu. Turob To‘la. “Do‘nan” hikoyasi. (“Yetti zog‘ora” qissasidan) (2 soat, A2+: 3 soat) Turob To‘laning hayoti va ijodi to‘g‘risida ma’lumot.
Adibning “Yetti zog‘ora” qissasida bolalik xotiralari bilan bog‘liq voqealarning ifodalanganligi. “Do‘nan” hikoyasida hikoyachi bola obrazi. Uning Do‘nan laqabli otga bo‘lgan muhabbati va bu muhabbat tasviri orqali bola ruhiy olamiga xos bokiralik, samimiylik, sadoqat tuyg‘ularining tasvir etilganligi. Hikoyaning tarbiyaviy ahamiyati.
7-10-mavzu. X. To‘xtaboev. “Sariq devni minib” romani. (4 soat, A2+: 6 soat). X.To‘xtaboevning hayoti va ijodi haqida qisqacha ma’lumot.
Roman qahramoni – Hoshimjon sarguzashtlarining obraz tabiati bilan uyg‘unligi. Hoshimjondagi yalqovlik va intizomsizlik qusurlarining qahramon taqdirini nojoiz yo‘llarga solib yuborganligi va bu holning ta’sirchan ifodalanishi.
Roman qahramoni tabiatidagi quvnoqlik, topqirlik, hozirjavoblik, qo‘nimsizlik singari xislatlarning asar voqealari rivojidagi o‘rni. Qalpoqcha yordamida “ulg‘aygan” va turli ixtisoslikni “egallagan” Hoshimjonning har safar chuv tushishi sabablari, qahramon tabiatining yoqimli va noxush jihatlari hamda ular o‘rtasidagi aloqadorlik. Asar tilining o‘ziga xosligi.
11-13-mavzu. Janni Rodari. “Hurishni eplolmagan kuchukcha”. (3 soat A2+:4 soat) O‘tgan asrning eng mashhur adabiy ertakchisi Janni Rodari hayoti va ijodi haqida qisqacha ma’lumot. Uning “Rim ertaklari” asari va “Uchtadan oxiri bor ertaklar” turkumi to‘g‘risida. Bir ertakning uch turli tugallanishi jahon ertakchiligi tarixidagi yangilik ekanligi va buning ma’rifiy-didaktik ahamiyati. “Hurishni eplolmagan kuchukcha” ertagining turli tugallanishlarida kuchukchaning turlicha holati tasviri va buning sabablari.
Ertakning uchinchi tugallanishidagi tabiiylik va kuchukning sevinib ketishi sabablari. Ertakning badiiy jihatlari va undan kelib chiqadigan ijtimoiy ma’no. Ertakning to‘rtinchi va hokazo tugallanishini o‘quvchilarga vazifa qilib berish mumkinligi va uni muhokama qilish.