- Hozirda butun dunyo tajribasida oʻqituvchi emas, oʻquvchi markazda degan yondashuv samarali tizim sifatida eʼtirof etilmoqda. Unga koʻra, oʻquvchi maʼlumotni koʻproq mustaqil ishlash natijasida olishi, oʻqituvchi esa sinfda koordinator boʻlishi yaʼni oʻquvchini yoʻnaltirib faoliyatini korreksiyalab borishi, jarayonlarni nazorat qilib, ularni baholashi kerak. Trening orqali bu jarayon aniq misollar va raqamlar bilan keltirildi. Masalan, Blyum taksonomiyasi oʻquvchini oʻquv materialini qabul qilish, esda saqlab qolish, uni tushunish, qoʻllash, tahlil qilish va baholashgacha boʻlgan jarayonni oʻz ichiga oladi. Trening bizga Blyum taksonomiyasini taʼlim jarayoniga tatbiq qilishni usullari hamda undan masofaviy taʼlimni tashkil etishda qanday foydalanish mumkinligini oʻrgatdi.
Ilgari surilgan dars taqsimotiga koʻra, 10% oʻquvchi tomonidan maʼlumot olishga, 20% mavzuni muhokama qilishga, 70% olingan maʼlumotlar ustida ishlab, yangi narsalar yaratish va uni baholash jarayonlariga ajratiladi. 10/20/70 strukturasini amaliyotga tatbiq etish, masofaviy taʼlim jarayonida samarali natija berishiga ishonaman. Buning uchun, biz koʻp eʼtibor qaratmaydigan jihat, yaʼni maʼlumot ustida muhokama olib borish ustida koʻproq ishlashimiz kerak. Buni telegram yoki boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi botlar, taʼlim platformalaridagi forumlar orqali amalga oshirish mumkin. Masalan, oʻqituvchi tomonidan telegram guruhga maxsus bot ulab qoʻyilsa, guruhga tashlangan maʼlumot yuzasidan kommentariy yozish imkoniyati boʻladi va oʻquvchilarga mavzuni oʻsha yerda muhokama qilish sharoitini yaratadi.
Respublika taʼlim markazi Aniq va tabiiy fanlar boʻlimi boshligʻi Zamira Sangirova:
- Hozirgi jarayonda, aksariyat hollarda televideniye orqali maʼlumot taqdim qilinsa, telegram orqali qayta aloqa yoʻlga qoʻyilib, topshiriqlar qabul qilib olinmoqda. Trening yangiligi, aynan maʼlumot berish va oʻquvchi oʻzlashtirilgan maʼlumotni aniqlab olish oʻrtasida muhokama uchun sharoit yaratilishi kerakligini ilgari surilganida boʻldi. Qolaversa, treningda taqdim etilgan va asosan oʻquvchilarning mustaqil va amaliy ishlashiga yoʻnaltirilgan dars rejasi ham mutaxassis sifatida menda katta qiziqish uygʻotdi. Bu kabi dars rejalarini ishlab chiqish oʻqituvchi, oʻquvchi va ota-onalar uchun juda ham foydali hamda tushunarli boʻladi. Aniq va tabiiy fanlar yoʻnalishida ham bunday rejalarni ishlab chiqishni maqsad qildim.
Toshkent shahar Yunusobod tumani 9-IDUM fizika fani oʻqituvchisi Umida Alimuhamedova :
- Dars taqsimotida oʻquvchining oʻzi olgan bilimlarini 70% amalda qoʻllash uchun mustaqil ishlashga ajratilishi ayniqsa, fizika fanida juda muhim. Biroq, bizni sharoitda asosiy axborot oʻqituvchi tomonidan berilgani bois, bolalarda mustaqil ishlash koʻnikmasi shakllanmagan. Shu bois, avval oʻquvchilarda avval mustaqil ishlash koʻnikmalarini shakllantirishga eʼtibor qaratish lozim va bu albatta, oʻqituvchini mahoratiga bogʻliq. Shaxsiy tajribamda oʻquvchilarni mustaqil ishlashiga stimul berish uchun STEAM yoʻnalishida eng yaxshi bajarilgan loyihalarni namuna qilib, qaysi qonunlar asosida ishlashini koʻrsataman. Bu oʻquvchida “men ham bajara olamanmi?” degan fikrni uygʻotadi va ularni harakatga undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |