[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.28.00.00 Investitsiyalar va xorijdan mablag‘ jalb qilish (shuningdek, 07.05.04.00, 09.12.03.00, 10.01.05.00larga qarang) / 07.28.04.00 Chet el investitsiyalari (shuningdek qaralsin 10.01.05.00);
2.10.00.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona ishi / 10.01.00.00 Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi umumiy qoidalar / 10.01.05.00 Chet el investitsiyalari (shuningdek, 07.28.04.00 ga qarang)]
[
TSZ:
1.Moliya / Investitsiyalar;
2.Tashqi iqtisodiy faoliyat. Bojxona / Chet el investitsiyalari. Konsessiya shartnomalari. Xorijdan mablag‘ jalb qilish. Erkin iqtisodiy zonalar]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish faoliyati samaradorligini oshirish, xorijiy investorlarni mamlakatimiz imkoniyatlari va salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va o‘zlashtirish sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni yaxshilash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining quyidagilar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini faollashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
kimyo va neft-gaz sanoati, mashinasozlik sohasidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar, bank-sug‘urta tashkilotlari ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish;
to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun tayyor investitsiya takliflarini ishlab chiqish;
investitsiya va biznes forumlar, taqdimotlar (“Road Show”) va marketing kampaniyalari imkoniyatlaridan keng foydalanish;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni tashkil etish.
2. Quyidagilar:
Investorlarga, shu jumladan xorijiy investorlarga sotish uchun taklif qilinadigan xo‘jalik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi davlat aksiyalar (ulushlar) paketlari ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;
Belgilangan tartibda sotiladigan davlat aktivlari ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;
Xorijiy investorlarga taklif qilinadigan investitsiya takliflari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;
2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etishi uchun tavsiya qilinadigan xalqaro iqtisodiy va investitsiyaviy forumlar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi (A.N. Aripov) ikki hafta muddatda investorlarga sotiladigan xo‘jalik jamiyatlari davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini baholash va savdoga qo‘yish grafiklarini tasdiqlasin.
Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasiga xo‘jalik jamiyatlari davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini xorijiy investorlarga sotish shartlari va usullariga o‘zgartirish kiritish huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2019-yil kuz faslida Toshkent shahrida Toshkent xalqaro investitsiya forumini (keyingi o‘rinlarda — Xalqaro investitsiya forumi) o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
5. Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda — Tashkiliy qo‘mita) 5-ilovaga muvofiq tuzilsin.
Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Tashkiliy qo‘mitaga (Aripov):
zarur hollarda, Xalqaro investitsiya forumini moliyaviy, yuridik va axborot jihatdan ta’minlash uchun yetakchi xorijiy kompaniyalarni jalb qilish;
Xalqaro investitsiya forumi dasturi va uni o‘tkazishning aniq sanasi, shuningdek, unga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha xarajatlar smetasini tasdiqlash;
istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha dastlabki TIA va boshqa loyiha hujjatlarini loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda ishlab chiqishni ta’minlash huquqi berilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi istiqbolli investitsiya loyihalarini Tashkiliy qo‘mitaga taqdim qilgan holda tadbirkorlik subyektlarining Xalqaro investitsiya forumida faol ishtirok etishlarini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi:
2019-yil davomida muntazam ravishda yirik xalqaro biznes va moliyaviy xablarga maqsadli auditoriya uchun mo‘ljallangan taqdimotlar bilan tashrif buyurgan holda “Road Show” dasturlarini ishlab chiqsin va taqdim etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida investitsiyaviy rezidentlik to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
ikki oy muddatda marketingning eng yangi texnologiyalaridan foydalanish, mamlakatning yagona integratsiyalashgan brendini yaratish va ilgari surish hamda strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha xalqaro maslahatchilarni jalb qilish orqali xalqaro biznes arenada O‘zbekistonning ijobiy imidjini ilgari surish bo‘yicha “Invest in Uzbekistan” — yagona, muvofiqlashtirilgan axborot kampaniyasini ishlab chiqsin.
9. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga — vazirlik va idoralarning Xalqaro investitsiya forumi doirasida xorijiy investorlarga taklif qilinadigan investitsiya loyihalarini tayyorlash bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan;
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri A.X. Kamilov va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari zimmasiga — Xalqaro investitsiya forumida qatnashishi uchun potensial investorlar va xorijiy mamlakatlarning ishbilarmon tuzilmalari vakillarini taklif qilish va ularning faol ishtirokini ta’minlash yuzasidan;
tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari zimmasiga — tegishli sohalarda istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish va Tashkiliy qo‘mitaga taqdim qilish yuzasidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga — Xalqaro investitsiya forumida tegishli hududlarning faol ishtirokini ta’minlash, uning investitsiyaviy salohiyatini taqdim qilish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
xorijiy mamlakatlarda “Road Show”da ishtirok etadigan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi vakillariga ko‘maklashsin;
Xalqaro investitsiya forumining xorijiy ishtirokchilari uchun O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining viza talablariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalarini belgilangan tartibda konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin;
Xalqaro investitsiya forumining o‘tkazilishini O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali keng yoritishni ta’minlasin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har bir yer uchastkasi va xorijiy investorlarga foydalanishga tayyor holda taklif qilinadigan bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari, shu jumladan maxsus turistik zonalar hududlarida joylashgan obyektlar bo‘yicha investitsiya loyihalari materiallarining ingliz va rus tillaridagi taqdimot katalogini har oy tayyorlasin va kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:
2019-yil 1-iyulga qadar xorijiy investorlar uchun iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaviy talab va potensial loyihalar, zarur taqdimot materiallarini tayyorlasin;
2019-yil davomida mamlakatda keng miqyosli islohotlarning amalga oshirilayotganligi, investitsiya kiritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ishbilarmonlik muhitining yaxshilanganligi to‘g‘risida, eng avvalo, xorijiy ishbilarmonlar, tadbirkorlar, potensial investorlar, davlat va jamoat arboblari orasida targ‘ibot va keng xabardor qilish masalalari bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Xalqaro investitsiya forumi doirasida, amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya loyihalarining dolzarb jihatlariga bag‘ishlangan, shu jumladan tarmoq vazirlik va idoralari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mutaxassislar va tadbirkorlar, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining ishtirokida brifinglar, matbuot anjumanlari, davra suhbatlarini o‘tkazsin;
Internet tarmoqlarida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tarmoq islohotlari, har bir amalga oshiriladigan investitsiya loyihasining asosiy parametrlari, loyihalarni amalga oshirish kafolatlari, ularning raqobatdagi ustunliklari va boshqalar to‘g‘risida batafsil va tushunarli rasmiylashtirilgan axborot resurslarini tayyorlash borasidagi ishlarning muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Xalqaro investitsiya forumini o‘tkazish kunlarida xorijiy ishtirokchilarning tegishli hududlarda joylashgan madaniy-tarixiy obyektlarga tashrifini yuqori darajada tashkil etish choralarini ko‘rsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar Xalqaro investitsiya forumi va “Road Show”ni o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi vakillarining xalqaro investitsiya va biznes forumlarda ishtirokiga oid tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 2019-yilda ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga mazkur qarorning 7-ilovasida nazarda tutilgan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining to‘laqonli bajarilishi uchun zarur bo‘lgan moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-sentabrdagi PQ-3953-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxati quyidagi mazmundagi 31 va 32-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“31. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy bo‘linmalariga, shu jumladan xorijiy tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xususiylashtiriladigan yoki xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlariga davlat ulushi sifatida o‘tkaziladigan davlat aktivlarini baholash xizmatlari.
32. Davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish hamda mahalliy va xorijiy fond birjalarida IPO (SPO) bo‘yicha emissiyalarni joylashtirish uchun jalb qilinadigan investitsiya vositachilari, maslahatchilari, shu jumladan xorijiy maslahatchilarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy bo‘linmalariga ko‘rsatadigan xizmatlari”.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.M. G‘aniyev va J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.