Bitiruvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifat darajasi 35 ball. Davlat inspeksiyasi har yili 31-dekabrga qadar 11-sinfni bitirib, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlarida qatnashgan o‘quvchilar soni va ular to‘plagan ballar yig‘indisi hamda talabalikka qabul qilinganlar soni haqidagi ma’lumotlarni tumanlar (shaharlar) va umumta’lim muassasalari kesimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazidan va O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy o‘quv yurtlarining filiallaridan so‘rov asosida oladi.
Bu indikator o‘z navbatida ikkita qismga bo‘linadi.
Bitiruvchilarning ta’lim tayyorgarlik darajasi ko‘rsatkichi (11-sinf bitiruvchilari tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirishda to‘plagan ballari) – 20 ball;
Bitiruvchilarning ta’lim sifati darajasi (11-sinf bitiruvchilari orasidan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganlar salmog‘i asosida) – 15 ball.
Umumta’lim muassasasi 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi ko‘rsatkichi – 25 ball.Umumta’lim muassasasi 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi Davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkaziladigan nazorat ishlari orqali aniqlanadi;
Umumta’lim muassasasining oliy va birinchi toifali pedagog xodimlari ulushi (oliy va birinchi malaka toifali pedagog xodimlar sonini aniqlash asosida) – 20 ball. Umumta’lim muassasasidagi oliy va birinchi malaka toifali pedagog xodimlar soni tegishliligiga ko‘ra tasarrufida umumta’lim muassasasi bo‘lgan vazirlik va idora yoki ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi;
Ijtimoiy so‘rov natijalari – 20 ball.Umumta’lim muassasasining rahbar va pedagog xodimlari faoliyati hamda pedagog xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va u yerdagi o‘qitish muhitining holati Davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan o‘quvchilar va pedagog xodimlar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish orqali aniqlanadi.
Umumiy reytingni aniqlash quyidagi hisoblash metodikasi asosida amalga oshiriladi:
tegishli formula asosida reytingda ishtirok etayotgan barcha umumta’lim muassasalarining ballari har bir ko‘rsatkich bo‘yicha alohida hisoblanadi;
har bir ko‘rsatkich bo‘yicha eng katta ballga ega bo‘lgan umumta’lim muassasasiga mazkur ko‘rsatkich uchun belgilangan eng yuqori ball beriladi;
qolgan barcha umumta’lim muassasalarining ballari eng yuqori ballga ega bo‘lgan umumta’lim muassasasining balliga nisbatan hisoblab chiqariladi;
har bir ko‘rsatkich bo‘yicha hisoblangan ballar yig‘indisi asosida umumta’lim muassasasining reytingi belgilanadi.
Ikkinchi indikatorda 9-sinf o‘quvchilari bilim darajasi ko‘rsatkichi uchun ona tili fanidan diktant va matematika fanidan yozma ish o‘tkaziladi.
Matematika fanidan o‘tkaziladigan yozma ish savollari Davlat ta’lim standartlariga mos, matematika darsligining nazorat ishi o‘tkaziladigan kunga qadar o‘tilgan mavzular kesimida turli qiyinlikdagi 5 ta masaladan iborat bo‘ladi.
2019-yil umumta’lim muassasalari milliy reytingi doirasida matematika fani bo‘yicha savollar bazasi ma’lum bir mavzularni o‘z ichiga oldi.