BOSHLANG‘ICH TA’LIM SAVODXONLIGINI OSHIRISHDA O‘QUV-TARBIYA JARAYONINI AKT ORQALI TASHKIL ETISH Andijon viloyati, Andijon tumani 44-umumta’lim maktabi boshlang’ich sinf o’qituvchisi Abdurahmonova Dilafruz Muxtarovna O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»ning amaldagi tadbiqi bugungi kunda ta’lim tizimini yanada takomillashtirish va jahon andozalariga mos ravishda rivojlantira borishni taqozo etmoqda. Tabiiyki, ushbu vazifani muvaffaqiyatli amalga oshirish ko‘p jihatdan barcha turdagi ta’lim muassasalarida ta’limni zamonaviy axborot texnologiyalarining tadbiq etilishi va ulardan samarali foydalanishi bilan bog‘liq.
Umumta’lim maktablari o‘quv-tarbiya jarayonini kompyuterlashtirish, axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal etish uchun 2019- yil 9-sentabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligini tashkil etish to‘g‘risida PF-5815 farmonida, shu bilan birga, iqtidorli yoshlar bilan ishlashning yagona va samarali tizimini yaratish, yosh avlodning iqtidori va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun bunday yoshlarning tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori darajada munosib ifoda eta oladigan talab yuqori bo‘lgan yosh mutaxassislarni tayyorlash asosiy vazifamiz ekaniligini ta’kidlab o‘tdi.
Demak, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quv-tarbiyaviy jarayoniga ilg‘or ta’lim shakllari, pedagogik texnologiyalar va axborot yangiliklarini joriy etish keng yo‘lga qo‘yildi. Shu qatorda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham ta’lim sifatini yaxshilash, uni zamonaviy pedagogik texnologiyalardan unumli foydalangan holatda tashkil etishga hozirgi kunda astoydil e’tibor qaratilmoqda. O‘quv-tarbiya jarayoniga elektron vositalarini tadbiq etish, kompyuter imkoniyatlaridan foydalanish ishlari respublikamizning umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sezilarli darajada ommalashib bormoqda. Chunki boshlang‘ich sinflarning o‘quv-tarbiya jarayonida zamonaviy texnologiyalarning tadbiq etilishi o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi bilan birga mantiqiy fikrlashini, faol bilim olishini ta’minlaydi, ularning individual va intellektual salohiyatini rivojlantirishga imkon yaratadi. Buning uchun fan o‘qituvchilari va har bir o‘quvchiga barilgan vazifani bajarish uchun kompyuterdan foydalanilsa o‘quvchi o‘qiydi, ko‘radi, eshitadi va matn bilan ishlashni uddalay olishi va o‘quv predmetlarini kompyuter yordamida o‘zlashtirish imkoniyatlariga ega bo‘lishi talab etiladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ko‘pgina fanlarni o‘qitish jarayonida ko‘rgazmali vositalarga asosiy e’tibor qaratiladi. Chunki o‘quv materiallarining tabiiy, jonli va eng muhimi qiziqarli namoyish etilishi o‘quvchining bilim olishini yengillashtiradi, o‘rganilgan bilimni uzoq muddat xotirada saqlab qolish va amaliyotda foydalanishga imkon yaratadi.
Xalqaro baholash tizimiga faol qatnashish uchun bolaning matematik savodxonligini oshirishda elektron vositalardan unumli foydalanish ayniqsa boshlang‘ich ta’lim dasrlarining samarasini oshirishning dolzarb muammosi hisoblanadi. Chunki darslardagi barcha mavzularni to‘liqroq yoritish uchun bir qancha, rasmli jadvallar, yoki slaydlar ega bo‘lish talab etiladi. Lekin umumiy o‘rta ta’lim maktablari boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilarining bu borada imkoniyatlari cheklangan. Bundan tashqari har bir mashg‘ulot uchun o‘quv materiallari tayyorlash va ulardan dars jarayonida foydalanish ko‘p mehnat va vaqtni talab etadi. O‘quv jarayoni zamonaviy axborot vositalari yordamida tashkil etilishi o‘quvchilarning o‘quv predmetiga qiziqishini, ta’lim samarasini oshiradi. Bunday intilish o‘qib, o‘rganayotgan o‘quvchi yoshlarni yetuk, intelektual salohiyatli bo‘lib yetishishini ta’minlaydi.
Boshlang‘ich ta’lim fanlarni o‘qitish jarayonida texnik vositalar ancha ilgari foydalanib kelingan. Respublikamizning ko‘pgina umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tajribali o‘qituvchilar tomonidan texnik vositalarni tadbiq etishi orqali ta’limning samaradorligini oshirishga erishayotganligini ta’kidlab o‘tish lozim. Lekin zamonaviy axborot texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanishi va texnik vositalarga talab va ehtiyojning ortib borishi bilan mazkur texnologik vositalarni ishlab chiqish va ulardan dars jarayonida foydalanish sifat jihatidan ancha orqada qolmoqda.
Ta’lim jarayonida elektron vositalardan foydalanish muammolarini tadqiq etish, ta’limning zamonaviy vositalarini yaratish, ularni ilmiy asoslab berish borasida bir qancha olimlarimiz muvaffaqiyatli ish olib borishmoqda. Nufuzli olimlarning tadqiqot ishlarida ta’limni yangi uslub va vositalar yordamida tashkil etish, uni texnologiyalashtirish va didaktik asoslarini ishlab chiqish to‘g‘risidagi fikr va mulohazalari o‘z aksini topgan.
So‘nggi yillarda fan texnikaning yanada rivojlanishi ta’sirida ta’lim tizimiga kompyuterlashgan texnologik vositalarni tadbiq etish, o‘quv fanlarini bevosita informatika va axborot texnologiyasi elementlari bilan bog‘lashga intilish tobora kuchayib bormoqda.
So‘nggi yillarda yangi axborot texnologiyalarini ishlab chiqish borasidagi ko‘pchilik ilmiy izlanishlarning asosiy maqsadi ta’lim jarayonida kompyuter imkoniyatlaridan foydalanish orqali o‘quv mashg‘ulotlarining samaradorligini oshirishdan iborat.
Respublikamizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining tajribali o‘qituvchilari tomonidan ham o‘quvchilar bilimini baholash va rag‘batlantirishni kompyuter yordamida amalga oshirish borasida bir qancha materiallar tayyorlangan. Bu kabi materiallar o‘quv mashg‘ulotlarining samarasini oshirishi tabiiy albatta. Boshlang‘ich ta’lim fanlarini kompyuter yordamida o‘rganish, elektron vositalar orqali o‘quvchilar bilimini baholash va rag‘batlantirish ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Ishlab chiqilgan ko‘pchilik elektron vositalar zamonaviy talablarga javob bermaydi. Bundan tashqari umumiy o‘rta maktablarining ko‘pchilik boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari yetarli kompyuter savodxonligiga ega emaslar. Boshlang‘ich ta’lim darslarida foydalanish uchun mo‘ljallangan ko‘pchilik elektron vositalar tizimga solinmagan, ularni yaratishda o‘quvchilarning yoshi, tayyorgarlik darajasi, ta’limning uzviylik va boshqa psixologik va pedagogik omillar hisobga olinmagan, ulardan foydalanishning pedagogik va psixologik jihatlari ochib berilmagan.
Xulosa qilib aytganda, boshlang‘ich sinflarda o‘qish, matematika savodxonligini oshirish va xalqaro baholash darajasiga yetkazish uchun o‘quv-tarbiya jarayonini kompyuterlash o‘quvchilarning bilish faoliyatini, ta’limning samarasini oshirish mumkin, agarda quyidagilarga amal qilinsa:
- mashg‘ulotlarni rejalashtirish va ularga tayyorgarlik ko‘rish davomida boshlang‘ich ta’limda o‘rganiladigan mavzularning mazmuni va xususiyatlarini bola mantiqiy fikirlashini e’tiborga olinsa;
- o‘qitishning barcha pog‘onasida boshlang‘ich ta’lim darslari mavzulari mazmuniga mos keladigan fanlar bilan integratsiyalashtirilsa o‘qitishning texnik vositalardan foydalanilsa;
- fundamental mavzular bo‘yicha kompyuterlashgan o‘quv dasturlari yaratilsa;
- o‘quv dasturlaridan foydalanishning eng maqbul metodlari, shakllari va usullari tajriba sinov orqali asoslab berilsa. Biz ko‘zlagan maqsadga erishishimiz mumkin.