Geologik o`rganish uchun berib qo`yish Qonunning 25-moddasida belgilangan tartibda tasdiqlangan yer qa`rini geologik o`rganish loyiha — sxema hujjatlariga binoan amalga oshiriladi. Yer qa`rini geologik jihatdan o`rganishga doir ekologik ekspertiza talab qilmaydigan ishlar ro`yxati Тabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi tomonidan tasdiqlanadi. Yer qa`ri uchastkalaridan foydalanish huquqi maxsus litsenziyalar asosida amalga oshiriladi. Uning uchun yer osti mineral boyliklardan foydalanish maqsadi, kon joylashgan maydon, texnogen hosilalardan foydalanish bilan bog`liq bo`lgan korxona loyihalari, qazib olish bilan bog`liq bo`lmagan inshootlarni qurish va ulardan foydalanish, zararli moddalar, radioaktiv chiqindilarni va ishlab chiqarish chiqitlarini joylashtirish huquqlari bo`lishi lozim. Yuridik va jismoniy shaxslarga yer osti boyliklaridan foydalanishning bir yo`la bir necha turi uchun litsenziyalar berilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan litsenziya Yer kodeksining 17-moddasiga muvofiq yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar uchun yer uchastkasini ajratishga asos bo`la oladi. Kon ajratmalari Sanoatda va konchilikda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish agentligi tomonidan beriladi. Foydali qazilma konlarini tajriba-sanoat yo`sinida ishlatish (neft va gaz konlari bundan mustasno), yer osti chuchuk suvlarini chiqarib olish, nodir tosh xom ashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa kolleksiyabop geologik materiallarni to`plash uchun litsenziyaga muvofiq berib qo`yiladigan yer osti boyliklari uchastkalariga kon ajratmasi talab qilinmaydi.
Geologiya va qidiruv ishlari moliyaviy ta`minlagan yuridik va jismoniy shaxslar qidirib topilgan konni ishlatish uchun litsenziyalar olishda mutlaq huquqqa egadirlar. Xo`jalik va ro`zg`or ehtiyojlari uchun foydalanishga yer osti boyliklarini berib qo`yish Yer osti boyliklari to`g`risidagi qonunning 31-moddasi bilan alohida belgilab qo`yilgan. Unga binoan mahalliy xo`jalik ahamiyati uchun zarur mineral xom ashyo va yer osti suvlarini qazib olish, yer osti inshootlarini qurish maqsadida Vazirlar Mahkamasining maxsus litsenziyasisiz, lekin qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirish mumkin. Yer osti boyliklaridan foydalanish uchun tayyorlangan loyihalar Тabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasining ekspertizasidan o`tishi lozim. Aholi punktlarida, shahar atrofidagi yashil zonalarda, sanoat, transport, aloqa ob`yektlari, yer osti mineral suvlarini chiqarib olish zonalarida va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar doirasida yer qa`rining ayrim uchastkalaridan foydalanish cheklab yoki taqiqlab qo`yilishi mumkin. Yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar Yer osti boyliklari to`g`risidagi qonunning 32—33-moddalariga muvofiq bir qator huquqlar va majburiyatlarga egadirlar. Yer osti boyliklaridan foydalanish huquqini cheklash, to`xtatib turish va tugatish Yer osti boyliklari to`g`risidagi qonunning 34-moddasida ko`rsatilgan hollarda va Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |