Bog'liq Yer osti boyliklarini ekologik-huquqiy muhofaza qilish
- yer qa`rini to`la-to`kis o`rganish, yer osti boyliklaridan oqilona va kompleks foydalanish hamda ularni muhofaza qilish;
- konlarning foydali qazilmalar mo`l uchastkalarini tanlab ishlatish, mineral xom ashyo qazib olish va uni qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdagidan ortiq nobudgarchiligiga yo`l qo`ymaslik;
- yer osti boyliklaridan foydalanish bilan bog`liq ishlarning zararli ta`siridan atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish;
- yer osti boyliklaridan foydalanish chog`ida buzilgan yer uchastkalarini ulardan keyinchalik boshqa maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish;
- ichimlik suvi sifatida foydalaniladigan suv to`plash va yer osti suvlari to`planadigan maydonlarda tog`-kon sanoati va maishiy chiqindilarning yig`ilib qolishiga yo`l qo`ymaslik;
- alohida ilmiy va madaniy qimmatga molik yer osti boyliklari uchastkalarini davlat qo`riqxonalari va yoxud tabiat yoki madaniyat yodgorliklariga mo`ljallab ajratib olish;
- chet ellik investorlar yer osti boyliklaridan foydalanish davomida atrof-muhitni muhofaza qilish va ishlarni ekologik jihatdan bexatar olib borishlari hamda yer usti yoxud yer osti uchastkalarini bosqichma-bosqich bexatar qilib qaytarib berishlari va qonun-hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa ekologik-huquqiy chora-tadbirlarni olib borish.
Yer osti boyliklaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishdagi ekologik-huquqiy talablar bevosita yoki bilvosita Chet el investitsiyalari, Mulkchilik, Suv va suvdan foydalanish, O`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risidagi qonunlar, Yer kodeksi, Soliq kodeksi hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Konchilik tashlanmalarini foydali qazilma konlari ishlab chiqish uchun berish tartibi to`g`risida», «Qazib olingan va qazib olish jarayonida yo`qotilgan foydali qazilmalarning zaxiralarini yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar hisobidan o`chirish tartibi to`g`risida», «Foydali qazilmalarni ishlab chiqish paytida yer osti boyliklarini muhofaza qilishning yagona qoidalari»ga bag`ishlangan qarorlarda aks ettirilgan. Amaldagi me`yoriy hujjatlarda aks ettirilgan yer ostidagi boyliklardan foydalanishdagi ekologik-huquqiy talablarning mohiyati va vazifalariga ko`ra 4 guruhga ajratish mumkin:
1) yer osti boyliklarini to`liq va kompleks holda o`rganish orqali ularni ishlatish yoki konservatsiya qilish orqali muhofazalash;
2) mineral xom ashyolarni qidirish, qazib olish va rekultivatsiya qilishni faqatgina ixtisoslashtirilgan davlat organlari nazoratida olib borish va ularni amalga oshirish davomida atrof tabiiy muhitning boshqa ob`yektlariga zarar yetkazmaslik;
3) ishlatilgan konlarni yoki ularni ekspluatatsiya qilish davomida yer uchastkalarini o`z vaqtida rekultivatsiya qilib borish;
4) noyob turdagi mineral boyliklarni va ularning komplekslarini alohida muhofaza qilish tartibini o`rnatish.