2. XOTIRANING NERV-FIZIOLOGIK ASOSLARI
Esda olib qolish nerv tizimining, miyaning egiluvchan, ya'ni o'zgaruvchanlik, qo'zg'atuvchilar ta'sirida o'zida go'yo bir iz tarzida qoldirish, saqlash imkoniyati tufayli yuzaga keladi. Har qanday kishining miyasi egiluvchanlik xususiyatiga ega bo'lib, lekin uning darajasi har xil bo'ladi. Shaxs xotirasining sifati miyaning faolligi va turli faoliyatga to'g'ridan - to'g'ri bog'liq ravishda rivojlanadi. Atrofni o'rab olgan borliqni faol biluvchi kishi o'z miyasi faoliyatini beto'xtov kuchaytiradi. SHu bilan birga uning egiluvchanlik darajasini oshiradi. Miya egiluvchanligi vaqtincha pasayishiga, xotira samarasining susayishiga, ba'zi paytda odamning toliqishi sabab bo'ladi. Dam olgandan so'ng yana tiklanadi. Odatda miya egiluvchanligi yosh o'tishi bilan susayadi. Masalan, keksa kishilar gaplaridan adashib ketadi. Ilgari gapirgan gaplari esidan chiqib yana o'sha gapni gapiradilar. Miya egiluvchanligining ko'rsatkichi bosh miya po'stlog'ida muvaqqat nerv aloqalarini tezlikda vujudga kelishi, davomli saqlanishi va ularning tez, oson jonlantirishi hisoblanadi. Muvaqqat nerv aloqalari assotsiatsiyalarni hosil qiluvchi fiziologik mexanizmdir. ASSOTSIATSIYA bizning xotiramizda mustahkamlangan va ongimizda qayd qilingan ayrim voqea - hodisalarning o'zaro bog'lanishidir, biror buyumni esda olib qolish uni boshqa buyumlar bilan bog'lash orqali amalga oshiriladi. “Muvaqqat nerv bog'lanishlar - deb yozadi. I. P. Pavlov,- hayvonot olamida va bizning o'zimizda ham bo'ladigan eng umumiy fiziologik hodisadir. SHu bilan birga u psixik hodisa hamdir: Turli -tuman harakat, taassurot bo'lmasa harflar, so'zlar va fikrlar o'rtasida paydo bo'ladigan bog'lanishlarni psixologlar assotsiatsiya deb ataydilar”.
Odamning xotirasi ketma - ketlik, o'xshashlik, qarama - qarshilik, ya'ni kontrastlik assotsiatsiyalarga asoslanadi. Ketma - ketlik assotsiatsiyalarning asosida narsa va hodisalarning fazoviy, vaqt munosabatlari yotadi. Masalan: Biz bir vaqtning o'zida ma'lum fazoda stol, tarelka va qoshiq, qalam va qog'oz buyumlarni idrok qilar ekanmiz, biz ana shu narsalar o'rtasida fazoviy munrosabatlarni o'z ongimizda mustahkam saqlab qolamiz, agar biz bu predmetlar bilan uchrashsak, u hakda eslasak, bizning ongimizda uning yonida bo'lgan boshqa predmetlar ham ko'z ongimizga keladi. SHunga o'xshash ma'lum vaqt oralig'ida, ya'ni biridan so'ng ikkinchisi keluvchi boshqa hodisalarni idrok qilar ekanmiz, masalan, yil fasllarini, biz ularni ketma - ketlikda eslaymiz. Agarda yangi bo'lgan buyum ma'lum bo'lgan buyumga o'xshasa, shu vaqtda o'xshashlik bo'yicha assotsiatsiya vujudga keladi. Masalan: tabiat manzarasini aks ettiruvchi rasmga qarab turib, uni qachondir boshqa rasmda ko'rilgan tabiat manzarasiga o'xshash ekanligini xotirlaymiz, o'xshashlik bo'yicha assotsiatsiya - badiiy usul bo'lib, adabiyotda keng
qo'llaniladi. Masalan: shoir majnuntol obrazini tasvirlar ekan, uni ta'sirchan qilish uchun ma'yus ayol obrazi bilan bog'laydi. Qarama - qarshi hodisalar kontrast assotsiatsiya tashkil qiladi. Masalan: Novcha - pakana, qora - oq, botirlik - qo'rqoqlik va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |