Xamsanavislik tarixiga bir nazar Alisher Navoiy “Xamsa”sining yaratilishi “Hayrat ul-abror” dostoni
Reja:
1. "Xamsa"so’zining lug’aviy va istilohdagi ma`nolari. Xamsanavislikning yuzaga kelishi.
2. Alisher Navoiyning xamsanavislik va xamsanavislarga munosabati.
3. "Hayrat ul-abror" dostonining yaratilishi, kompozitsiyasi.
4. Maqolot va hikoyatlarning mavzuviy tasnifi va tahlili.
"Xamsa" so’zining lug’aviy va istilohdagi ma`nolari. Xamsanavislikning yuzaga kelishi.
“Xamsa” so’zi arabcha xamsun – besh sanoq sonidan yasalgan bo’lib, beshlik, ya’ni besh qismdan iborat butunlik degan ma’noni ifodalaydi. Adabiyotshunoslik atamasi sifatida “xamsa” beshta dostonni o’z ichiga oladigan bir butun yaxlit asar ma’nosini ifoda etadi.
Mumtoz adabiyotda «xamsa» so’zi bir necha ma’nolarda ishlatilganligini ko’rishimiz mumkin. Xususan, Alisher Navoiy dostonlarida:
1. «Saloti xamsa» (besh vaqt namoz) yoki shoir ta’biri bilan aytganda «panj ganj»:
Xamsa salotingga chu navbat bo’lub,
Panjai islomg’a quvvat bo’lub…
Faqr aro ul panja qabul etti ranj,
Lek haqiqatda erur panj ganj(7-tom, 42).
2. Islomning beshta rukni - «xamsi muborak»:
Besh yasamish tangri taborak ani,
Desa bo’lur xamsi muborak ani(7-tom, 111).
Navoiy she’riyatida ham «Xamsa» o’rni-o’rni bilan tilga olinadi. Xususan, «Navodi run-nihoya» devonidagi beshinchi na’t g’azalida shunday bayt mavjud:
Bo’lmag’ay erdi muyassar «Xamsa», ya’ni panj ganj,
Qilmasa erdi madad holimg’a besh oliy abo.
Mazkur g’azal «Xazoyin ul-ma’oniy»ga ham kiritilgan. Unda «besh oliy abo» (besh oliy ota) jumlasi «besh oli abo» (ota oilasining besh a’zosi) tarzda keltirilgan. «Besh oli abo» manbalarda Muhammad (a.s.), qizlari Fotima, kuyovlari Ali hamda ikki nabiralari Imom Hasan va Imom Husayn deb tilga olinadi.
Xamsanavislik adabiy an’ana sifatida XII asr ozarboyjon shoiri Nizomiy Ganjaviy (1142-1209) dan boshlangan edi. U keyinchalik «Panj ganj» deb nomlangan «Maxzan ul-asror» (1176), «Xusrav va Shirin» (1181-82), «Layli va Majnun» (1188), «Haft paykar» (1196), «Iskandarnoma» (1206) kabi dostonlar turkumini yaratdi. Nizomiy o’z dostonlarini uzoq vaqt davomida yozgan. Uning o’zi bu dostonlarni umumiy holda «Panj ganj» yoki «Xamsa» nomi bilan atamagan. Nizomiydan so’ng uning dostonlari dastlab «Panj ganj», keyinchalik «Xamsa» tarzida umumiy bir nom bilan atalgan.
Nizomiy an’analarini birinchi bo’lib izchil tarzda davom ettirgan so’z san’atkori XIII asr oxiri XIV asr boshlarida Hindistonda yashagan shoir Amir Xusrav Dehlaviy bo’ldi. U 1298-1301 yillarda Nizomiy dostonlariga javob tarzida «Shirin va Xusrav» (1298), «Layli va Majnun» (1298), «Matla’ ul-anvor» (1299), «Oinai Iskandariy» (1299) va «Hasht bihisht» (1301) dostonlarini yaratdi. Ana shu tariqa xamsanavislik sharq xalqlari adabiy hayotida mustahkam an’anaga aylana boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |