Biz bugungi kunda turli xil kompaniyalar o‘rtasidagi raqobat tufayli tovushni yuqori sifatli qayta ishlash va yangratish dasturlari va qurilmalaridan foydalanish imkoniyatiga egamiz.
Tovush adapteri (tovush platasi) – bu kompyuterga tovushli axborotni yozish va eshittirishga imkon beruvchi qurilmadir. Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan deyarli barcha tizimli platalar tarkibida ko‘plab foydalanuvchilarning talablarini qondira oluvchi joylashtirilgan tovush platalari mavjud (integrallashtirilgan video karta bilan aynan bir xil). Yanada kuchli tovush adapteri alohida kengaytirish platasi ko‘rinishida bo‘ladi (6.1-rasm).
Zamonaviy kompyuterlarda tovushni apparat darajasida quvvatlash quyidagi shakllardan birida amalga oshirilishi mumkin:
PCI shinasi razyomiga o‘rnatiluvchi tovush platasi;
Crystal, Analog Devices, Sigmatel, ESS va boshqa kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tizim platasidagi AC’97 mikrosxemasi;
tizimli plata mikrosxemalarining asosiy to‘plamiga integrallashtirilgan tovush qurilmasi. Bunday imkoniyatlarga ega bo‘lgan arzon mikrosxema to‘plamlariga Intel, SiS, AOpen va VIA Technologies kompaniyalarining mahsulotlari taalluqlidir.
Tovush platasini tanlashda quyidagi axborotlarni hisobga olish kerak.
Tovush adapteri razyomlari – tovush adapteri qanday bo‘lishidan qat’iy nazar tizim blokining orqa tarafida rangli razyomlar mavjud
Chiziqli chiqish (Line-out) – faol kolonkalar va naushniklar ulanadigan stereo chiqish. Bu razyom yordamida magnitofon kolonkasi yoki musiqiy markaz orqali musiqani eshittirish hamda unga yozish uchun kompyuterga har xil musiqiy jihozlarni (masalan, magnitofon yoki musiqiy markaz) ulash mumkin.
Chiziqli kirish(Line-in) – boshqa eshittirish qurilmalarini ulash uchun stereo kirishdir. U boshqa qurilmalardan kompyuterga tovushni yozish imkonini beradi. Odatda, Line-in razyomi ko‘k rangda bo‘ladi
6.2-rasm. Tizimli plataga joylashtirilgan tovush adapterining audio razyomlari.
6.3-rasm. Tovush adapterining asosiy razyomlari. Mikrofon(Mic-in) – kompyuterga eng sodda mikrofonlarni ulash va ovozni yozish (yoki boshqa tovushlarni) uchun qo‘llaniladigan monofonik razyom. Bu razyom odatda qizil yoki pushti rangda bo‘ladi.
Djoystik porti(MIDI/gameport) – o‘yin qurilmasi (djoystik) yoki sintezator klaviaturasini ulash imkonini beruvchi to‘g‘ri burchakli razyom. Ko‘pchilik oddiy tovush adapterlari bu razyomlarga ega, biroq yanada mukammal va narxi qimmat tovush adapterlarida bir nechta qo‘shimcha razyomlar ham bo‘lishi mumkin.