Uyushgan jinoyatchilikning oldini olishdagi profilaktik
chora-tadbirlar tizimi
Uyushgan jinoyatchilik o‘ziga xos ijtimoiy voqelik sifatida mavjud va u yangi jamiyat qurishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Uyushgan jinoyatchilik jamiyatda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga qarama-qarshi tarzda o‘z tusini o‘zgartirish xususiyatiga egaligini albatta e’tiborga olmoq darkor. Shunga ko‘ra, olib boriladigan barcha umumiy va maxsus ta’sir choralarining qo‘llanishida buni e’tiborga olish lozim.
Oddiy qilib aytganda, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda jamiyatning ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan tarzda umumiy kurash olib borishi talab etiladi. Xususan, ushbu kurashni tashkil etishda sotsiologiya, iqtisodiyot va psixologiya sohasidagi olimlarning uyushgan jinoyatchilikdek salbiy holat yuzasidan olib borgan tadqiqotlarining xulosalariga tayanish katta ahamiyatga ega. Chunki jamiyat hayotidagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy kamchiliklar, aytib o‘tilganidek, uyushgan jinoyatchilikni yuzaga keltiradi va uning rivojlanishini «oziqlantiruvchi» sharoit bo‘lib hisoblanadi.
Ushbu ijtimoiy illatga qarshi olib boriladigan kurash strategiyasi bilan bog‘liq profilaktika, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlarning amalga oshirilishini rejalashtirishga alohida e’tibor qaratilishini talab etadi. Bu kabi tadbirlarning amalga oshirilishini ta’minlash esa mavjud xufiyona iqtisodiyot va iqtisodiyot bilan bog‘liq barcha jinoyatlarni atroflicha tahlil etish bilan uzviy bog‘liqdir.
Shuningdek, hozirgi kunda jamiyatning ijtimoiy tizimini ilmiy jihatdan baholash, aholining turli qatlamlari va guruhlariga nisbatan differensial siyosat yuritishni yo‘lga qo‘yish talab etiladi.
Shunga ko‘ra, quyidagi toifadagi shaxslarga alohida e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiqdir:
shubhali tarzda daromad topayotgan va ko‘p miqdordagi mulk va moliyaviy mablag‘larga ega shaxslarni;
kam daromadli, umuman moddiy ta’minotga ega bo‘lmaganlar;
jinoiy va ma’naviy buzuq yo‘lga kirganlar (jinoyatni kasb qilib olganlar, bir necha bor sudlanganlar, ichkilikbozlar, giyohvandlar, toksiko- maniyaga yo‘liqqanlar, o‘zgalar hisobiga kun ko‘ruvchilar, daydilar kabi).
Eng muhimi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi qaratilgan kurashni tako- millashtirish uchun, birinchi navbatda, ushbu faoliyat yo‘nalishini muvofiq- lashtiruvchi huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish talab etiladi. Hozirgi kunda korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik va operativ qidiruv faoliyati to‘g‘risidagi qonunlarni yaratish dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib hisoblanadi. Shu bois, bu borada zarur ishlar amalga oshirilmoqda.
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni takomillashtirish uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish bilan bir qatorda, ushbu kurash faoliyatining ta’minoti ham alohida ahamiyatga ega (ya’ni, yuqori malakali mutaxassislar, moddiy-texnikaviy ta’minot kabilar).
Chunki zarur ta’minot ishlarining amalga oshirilishi qo‘yilgan vazifa- larning bajarilishini kafolatlaydi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida qayta tashkil etilgan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash xizmatlari faoliyatining tashkiliy asoslarini ko‘rsatish mumkin. Qisqa vaqt ichida ushbu xizmat sohasidagi boshqarma va bo‘limlar zarur zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlandi hamda xorij tajribalari asosida tayyorlangan mutaxassislarga ega.
Yuqorida ko‘rib chiqqanimizdek, uyushgan jinoyatchilik muntazam ravishda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining faoliyatlari yuzasidan doimiy ravishda o‘z manfaatlari uchun kuzatuv ishlarini olib boradilar. Demak, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari va jinoyatchilikka qarshi kurashayotgan jamoatchilik vakillarining huquqiy jihatdan himoyasini ta’minlash ham katta ahamiyatga egadir. Bu, albatta, muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan muammodir va bu muammoni yechish bo‘yicha zarur normativ asoslar yaratilgan.
Ammo ushbu holat yuzasidan bir qator masalalar o‘zining nazariy yechimini ham kutayotganligi kriminologik tadqiqotlarda alohida o‘rin egallamoqda. Jumladan, xodimlarning xavfsizliklarini ta’minlash va jinoyatchilarning turli salbiy gap-so‘zlarni tarqatishi va shu orqali xodimlarni o‘zlarining jinoiy saflariga tortishlarining oldini olish uchun jinoiy unsurlar qiladigan har qanday g‘arazli ishlar to‘g‘risida axborotlar to‘plash tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.
Shu bilan birga, xodimning o‘z vazifalarini bajarishidagi har qanday to‘siqni yuzaga keltirishdagi xatti-harakatlarni, kim tomonidan amalga oshirilgan bo‘lmasin, qonun asosida ko‘rib chiqilishini ta’minlash lozimdir.
Sanab o‘tilganlar huquqni muhofaza qilish organlari va ularning xodimlarini muhofaza qilish mexanizmining ayrim jihatlari, xolos. Eng muhimi, xodimning uyushgan jinoyatchilik va ularning jinoiy faoliyatlarida qo‘llani- ladigan usul hamda vositalarni bilishi maqsadga muvofiqdir. Shu o‘rinda ma’lumotlar o‘z vaqtida, aniq va kerakli bo‘lishi lozimligiga alohida e’tibor qaratilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |