2. Til ijtimoiy hodisa sifatida.
Agar inson farzandlarida insoniy xususiyatlar namoyon bo`lmay yoki chuqur o`rnashmay turib, hayvonlar yashaydigan sharoitga tushib qolsa, hayvon hayotiga xos ko`nikmalarni o`ziga qabul qilib, insoniy xislatlardan qaytarib bo`lmas darajada judo bo`ladi.
XX asr boshlarida Hindistonda ro`y bergan voqea bu mavzuga yaxshi dalil bo`la oladi. U yerda bo`rilar to`dasi orasida ikki qizchaga duch kelingan. Qizchalardan biri 2, boshqasi 7-8 yashar bo`lgan. Ular bo`rilarga xos xatti-harakatlar qilishgan, lekin gapirishni bilishmagan. Hindistonlik psixolog olim bu ikki go`dakni dastlab uyda, keyinchalik kattasini (kichigi ko`p vaqt o`tmay, kasallanib vafot etgan) bolalar uyida tarbiyalagan. Bu qiz yana 10 yil atrofida umr ko`rdi, ammo til va yurish - turishda aytarlik muvaffaqiyatga erisha olmadi. Bu yillar mobaynida u 45 ga yaqin so`zni o`rgandi, lekin ulardan gap tuza olmadi.
Bu qiziq!
Til ko‘p qirrali murakkab hodisa. Tilning bu xususiyati olimlar tomonidan unga berilgan turlicha ta’riflarda ham ko‘zga tashlanadi:
"Til tafakkurni ifoda qiluvchi ishoralar majmuidir"(F.De Sossyur).
"Til - odam ongining ishtirokisiz, uning tashqi dunyoga nisbatan bo‘lgan mexanik harakatidir» (L.Blumfild).
"Til fikrni ifoda qilishga mo‘ljallangan, talaffuz qilinadigan, chegaralangan tovushlar majmuidir" (B.Grosse).
Ushbu fikrlar, garchi bir-birini to‘ldirsa ham, ularning birortasi tilning to‘liq ta’rifi bo‘la olmaydi, chunki ular tilning ijtimoiy mohiyatini ochib berolmaydi. Shuni ham aytib o‘tish zarurki, til ijtimoiy jihatdan shunchaki aloqa vositasi bo‘libgina qolmay, o‘ziga xos xususiyatlarga ham ega.
Til haqiqatan ham ishoralar tizimi, biroq u nihoyatda keng qamrovli bo‘lib, barcha ishoralar o‘rnida qo‘llana oladi. Tilni inson o‘z faoliyatining barcha sohalarida bemalol ishlata oladi. Tilning ham og‘zaki (tovush tili sifatida), ham yozma (yozma nutq) shakllarga egaligi tilning ishlatilish ko‘lamini nihoyatda kengaytirib yuborgan. Boshqa aloqa vositalarining ishlatilish ko‘lami cheklangan, masalan, ko‘cha harakati belgilari asosan haydovchilar va yo‘lovchilarga xizmat qiladi, boshqa yerda ishlatilmaydi. Demak, til o‘ziga xos ishoralar sistemasi, ya’ni semiologik sistema tarzida jamiyatdagi eng muhim aloqa quroli, jamiyat tafakkurining taraqqiy etishini ta’minlovchi, avloddan avlodga madaniy-tarixiy me’ros va an’analarni yetkazuvchi vosita xizmatini o‘taydi. Shu bilan birga shuni ham qayd qilish kerakki, jamiyat bo‘lmasa, til bo‘lmaydi, jamiyat tilni kundalik hayotida qo‘llamasa, u til rivojlanmaydi. Demak, til va jamiyat doimo bir-birini taqozo etadi, lekin har biri o‘z qonuniyatlari asosida rivojlanadi. Kishilik jamiyatiing tarixiy taraqqiyoti davomida jamiyatining asosiy aloqa vositasi sanalgan til va uning xususiyatlari borasida har xil qarashlar vujudga kelgan.
Uzoq vaqtlargacha ba’zi olimlar tilni hayvon, o‘simlik kabi tabiatdagi tirik (tabiiy) organizm deb tushunganlar. Ularning fikricha, til tirik organizm singari, tabiat qonunlariga itoat qilgan holda tug‘iladi, o‘sadi va taraqqiy qiladi, so‘ng eskirib, o‘ladi. Tilni bunday tushunish ayniqsa XIX asrning o`rtalarida, tabiiy fanlarning, ayniqsa, darvinizmning muvaffaqiyatlari inson va unga xos xususiyatlrni o`rganuvchi ko`p sonli kishilarni o`ziga jalb qilgan paytda avj oldi.
Insonning tabiiy-biologik xususiyatlari kishilik jamiyatidan tashqari, jamiyatga bog‘liq bo‘lmagan holda, masalan, yangi tug‘ilgan go‘dak hayotining takomili (nafas olishi, ko‘rishi, ovqat yeyishi, asta-sekin yurib ketishi va hokazolar) tabiat qonunlariga muvofiq holda taraqqiy etaveradi, o‘saveradi. Ammo insonlarning so‘zlashi, fikrlay bilishi uchun jamiyat, kishilik jamiyatinng bo‘lishi shart.
Shuni e’tirof etish zarurki, kishining tabiiy-biologik xususiyatlari nasldan naslga o‘tishi mumkin, biroq bolaning tili - so‘zlash xususiyati nasldan naslga o‘tmaydi, o‘zbeklar orasida yashagan boshqa millat vakillari o‘zbeklardek yashashi, o‘zbek tilida so‘zlashi mumkin, biroq uning yuz ko‘rinishi o‘zbeklarnikiga o‘xshamasligi aniq.
Ko‘rinadiki, til tabiiy-biologik hodisa bo‘lmay, kishilik jamiyatining eng muhim aloqa vositasi sifatida jamiyatga xizmat qiluvchi sinfga bog‘liq bo‘lmagan ijtimoiy hodisadir. Shunga ko‘ra quyidagi xulosalarni qilish mumkin:
- til muayyan jamiyatda shakllanadi, taraqqiy etadi va shu jamiyat uchun xizmat kiladi;
- til tabiiy-biologik emas, ijtimoiy hodisadir;
- til kishilarning tabiiy-irqiy belgilariga aloqador bo‘lmaydi;
- til jamiyatning ma’lum bir guruh tomonidan emas, balki butun jamiyat a’zolari tomonidan yaratilgan ijtimoiy hodisa sanaladi.
Til ma’lum bir tabaqa, guruhlar uchun xizmat qilmaydi, jamiyat a’zolari uchun baravar xizmat qiladi. Tilning yashashi va rivojlanishi ham jamiyat bilan uzviy bog‘liq: jamiyat bor joydagina til bo‘ladi, til bor joyda esa jamiyat bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |