2.2. Agrotexnik tadbirlar
O‘simliklarning sog‘lom va kasalliklarga chidamli bo‘lib o‘sishi uchun ekinzorlarda o‘tkaziladigan agrotexnik tadbirlarning ahamiyati juda kattadir.
Agrotexnik tadbirlarga seleksiya va urug‘chilik, almashlab ekish, tuproqni ekishga tayyorlash, unga to‘g‘ri ishlov berish, mineral va organik o‘g‘itlar solish, sog‘lom ko‘chatlarini ekish va boshqa tadbirlar kiradi.
Seleksiya o‘simliklarning kasalliklarga chidamliligini oshiruvchi eng asosiy tadbirlardan biridir.
Ma’lumki, kasalliklarga chidamli tur yoki shakllarni yaratish yo‘llari turlichadir. Ulardan keng tarqalgani va osonrog‘i ularni tabiatdan qidirish va tanlashdir. Kasalliklarga chidamli o‘simliklarni tanlashda yakka o‘sayotgan chidamli nusxalardan yoki infeksion fonda o‘sayotgan guruh o‘simliklar ichidan tanlash katta ahamiyatga egadir.
Duragaylash yo‘li bilan ham kasalliklarga chidamli o‘simliklarni chiqarish mumkin.
Dalalar sanitariya holatining yaxshi bo‘lishida meliorativ ishlarning ham ahamiyati beqiyos kattadir. Tuproqni sekin-asta quritish o‘simliklarning o‘sishini yaxshilaydi va chidamliligini oshiradi. Tuproqni quritishda yer osti suvlari sathi hisobga olinmasa, u salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
O‘simliklarning o‘sish jarayonini va ularning chidamliligini oshirishda tuproqqa o‘g‘it berish ham ijobiy natijalarga olib keladi. Ayniqsa qumli tuproqlarga organik o‘g‘it berish yaxshi natija beradi. Ba’zi organik moddalarga boy tuproqqa azotli o‘g‘it berish, ildiz chirish kasalligiga chidamliligini pasaytirishi mumkin. Kaliyli va fosforli o‘g‘itlar o‘simliklarning zang zamburug‘iga chidamliligini oshiradi. Mikroelementlar ham o‘simliklarning kasalliklarga chidamliligini oshiradi.
Organik moddalar tanqis bo‘lgan unumsiz tuproqlarda chuqur yumshatish tadbirlarini o‘tkazish g‘oyat foydalidir. Masalan o‘simliklarida mazkur tadbirlardan so‘ng o‘sish qobiliyati kuchayadi, kasallik va zararkunandalarga chidamliligi oshadi.
Kuzda chuqur haydash g‘oyat foydali bo‘lib, chunki bunda tuproqning yuqorigi qatlami va undagi kasallik infeksiyalari tuproqning pastki qatlamlariga tushib ketadi va o‘simliklarni zararlay olmaydi.
Tuproqlarga mineral o‘g‘it solish o‘simliklarning umumiy holatiga, fiziologik xususiyatlariga ijobiy ta’sir qiladi va ularning kasalliklarga chidamliligini oshiradi. Ammo ko‘p miqdorda berilgan azotli o‘g‘it, o‘simliklarni haddan tashqari o‘sishini kuchaytiradi, kutikulaning qalinligini kamaytiradi, zang zamburug‘iga chidamliligini pasaytiradi. Almashlab ekishni to‘g‘ri tashkil qilish zarur tadbirlardan biri hisoblanadi. Bir xil o‘simlik navini bir necha yil davomida bir joyda o‘stirish, tuproqda kasallik infeksiyasing yildan-yilga ko‘payib borishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |