Oʻsimliklarning ildizdan oziqlanishi Oʻsimliklarni havodan oziqlanishini, ya’ni fotosintez jarayonini boshqarish ancha qiyin muammolardan biridir. Buning aksincha, oʻsimliklarni ildizdan oziqlanishini boshqarish mumkin. Juda kam hollarda tuproqda oʻsimliklar uchun zarur elementlarning barchasi jamlangan boʻladi. Koʻpincha 2-3 ta, ayrim hollarda undan ham koʻp oziq elementlar tanqisligi seziladi, qaysiki insonni oʻsimliklarning oziqlanishi jarayoniga bevosita aralashishini taqazo qiladi. Oʻsimliklar uchun zarur, lekin tuproqda kam yoki qiyin oʻzlashtiriladigan holatda uchraydigan elementlar mineral oʻgʻit sifatida kiritiladi va inson shu yoʻl bilan tabiatda moddalar aylanishida ishtirok etadi. Oʻsimliklarning ildizdan oziqlanishi mineral oziqlanish deb ham yuritiladi. Bu tushuncha bir-biri bilan uzviy bogʻlangan quyidagi jarayonlarni oʻz ichiga oladi. 1. Oʻsimliklarning ildiz tizimi tuproqning oʻzlashtirishga layoqatli oziq moddalar zaxirasi toʻplangan qatlamda rivojlanib (xemotropizm), oʻz nordon ajratmalari bilan tuproq qattiq fazasiga ta’sir qiladi, singdirish kompleksi (TSK) tomonidan almashinib singdirilgan oziq ionlarini eritmaga siqib chiqaradi va suvda qiyin eriydigan birikmalarni qisman eritadi. 2. Ildiz yuzasidagi bir qator fermentlar tuproqning mineral va organik moddalarini parchalash (gidroliz)da ishtirok etadi. 3. Ildiz tizimining faol yuzasi bilan muloqotda boʻladigan tuproq eritmasi tarkibidagi ayrim tuzlar diffuziya yoʻli bilan yutiladi. 4. Diffuziya va ionlarning almashinuvchan adsorbsiyasi natijasida xoʻjayra qobigʻi hamda protoplazma membranasiga soʻrilgan tuzlar ildiz tukchalari tomonidan yutiladi. 5. Singdirilgan ionlar protoplazma ichida akkumulyasiyalanadi va ildizda ketadigan sintezlanish jarayonlarida ishtirok etadi. 6. Barg va ildizda sintezlanadigan organik moddalar oʻzaro almashinadi. 7. Ildiz orqali yutilgan mineral moddalar ksilema boʻylab oʻsimlikning yer usti qismiga qarab harakatlanadi va bunda mineral hamda organik moddalarning bir qismi tuproqqa ajraladi. 8. Yutilgan ayrim moddalar qari barglardan yosh barglarga, vegetativ organlardan reproduktiv organlarga oqib oʻtish yoʻli bilan oʻsimlik tanasida qayta oʻzlashtiriladi - reutilizasiya. Oʻsimlikning ildiz tizimi, yer usti qismi va tuproq oʻrtasidagi oʻzaro munosabatni quyidagicha ifodalash mumkin: