- Gipofizning Tireotoprop gormoni qalqonsimon bezda tiroksin gormonini ishlab chiqarilishini boshqaradi;
- Gipofizning Gonodatrop gormoni erkaklar va ayollarning jinsiy bezlari funksiyasini boshqaradi. O`smirlarda balog`atga yetish belgilari paydo bo`lishida ishtirok etadi;
- Gipofizning Laktotrop gormoni ayollarda sut bezlarining funksiyasini boshqaradi;
- Gipofizning Lyuteinlovchi gormoni homilador ayollarda homilaning normal rivojlanishida muhim rol o`ynaydi.
Gipofizning oraliq bo`lagidan intermedin gormoni ajraladi. U terida pigment hosil bo`lishini boshqaradi, ya`ni terining rangi me`yorida bo`lishini ta`minlaydi.
Gipofizning orqa bo`lagidan ikkita gormon ajraladi (oksitotsin, vazopressin). Oksitotsin gormoni homilador ayollarda bachadon muskullarining qisqarishini kuchaytirib, tug`ish jarayonini osonlashtiradi. Vazopressen, ya`ni antidiuretik gormon (ADG) organizmda suv almashinuvini boshqaradi, ya`ni buyrakning egri-bugri kalavasimon kanalchalarida birlamchi siydikning 98,5-99 foizi qonga qayta so`rilishini boshqaradi. Bu gormon ajralmay qolsa, odam ko`p suv iste`mol qiladi va ko`p siydik ajratadi (bir kecha-kunduzda 5-10 litr va undan ko`p). Bunga qandsiz diabet kasalligi deyiladi. Bu odam umri bo`yi sun`iy tayyorlangan Antidiuretik gormonni (ADG) qabul qilishi lozim. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, gipofiz organizmdagi barcha ichki sekretsiya bezlarining ishini tartibga soluvchi hukmron bez bo`lishi bilan birga, uning funksiyasi markaziy nerv tizimi tomonidan, ya`ni oraliq miyada joylashgan gipotalamusdan ajraladigan neyrogormonlar orqali boshqariladi.
Epifiz bezi. Epifiz bosh miyaning asosida, ya`ni o`rta miya sohasida joylashgan bo`lib, uning massasi 0,2 gramm.Unda melatonin gormoni ishlab chiqariladi.Bu gormon gipofizning oraliq bo`lagidan ajraladigan intermedin gormoni singari, odam organizmida pigment almashinuvini boshqaradi.
Epifizdan antigonadotrop gormoni ishlab chiqariladi. Bu gormon bola 7 yoshga kirguncha ko`payib boradi va u gipofizning oraliq bo`lagidan ishlab chiqariladigan gonadotrop gormonining ta`sirini pasaytirib turadi. Antigonadotrop gormonining ta`siri bolaning 7 yoshidan keyin asta-sekin pasayib borib, balog`atga yetish davrida butunlay to`xtaydi. Agar bu bezning ta`siri balog`at yoshidan oldin to`xtasa, gipofizning gonadotrop gormonining ta`siri kuchayib ketadi va bolada muddatidan oldin balog`atga yetish belgilari paydo bo`ladi.
Qalqonsimon, qalqon oldi va ayrisimon bezlar.
Qalqonsimon bez. Bu bez bo`yinning oldi sohasida joylashgan bo`lib, hiqildoqni oldingi va yon tomonlaridan yopib turadi. Uning massasi chaqaloqda 1 gramm, 5-10 yoshli bolalarda 10 gramm kattalarda 25-30 grammgacha bo`ladi.
Qalqonsimon bez tiroksin gormonini ishlab chiqaradi.Tiroksinning 65 foizdan ko`prog`i yod moddasidan iborat. U yurak ishining gumoral yo`l bilan boshqarilishida ishtirok etadi.Tiroksin bolalarning o`sishi va rivojlanishida, oliy nerv faoliyatining normal takomillashuvida katta ahamiyatga ega.
Gipoterioz - qalqonsimon bez funksiyasining pasayishi tufayli yuzaga keladigan kasallik bo`lib, bemorning aqliy qobiliyati, ya`ni xotirasi, fikrlashi pasayadi. Bemorning terisi quruq bo`ladi, shishganga yoki semirganga o`xshaydi. Ammo, teri ostida shilimshiq modda to`plangani uchun shunday ko`rinadi.
Chaqaloq gipoterioz holatida tug`ilsa, uning aqliy va jismoniy rivojlanishi me`yorida bo`lmaydi.
Bolalar va kattalarda kasallikning yuqorida qayd etilgan belgilari sezilsa, endokrinolog shifokorga murojaat qilish zarur.
Endemik buqoq. Iste`mol qilinadigan suv tarkibida yod moddasi yetishmasligi tufayli paydo bo`ladi. Ko`pincha buloq suvidan foydalaniladigan joylarda yashovchi aholi o`rtasida uchraydi. Bu kasallikda qalqonsimon bezning hajmi kattalashib, bo`yin oldi sohasida shish (buqoq) paydo bo`ladi.
Tireotoksikoz. Qalqonsimon bez funksiyasining oshishi, ya`ni tireodin gormoni ko`p ishlab chiqarilishi natijasida yuzaga keladigan kasallik. Uni aniqlagan olimning nomi bilan Bazedov kasalligi deb ham yuritiladi. Bu kasallikda qalqonsimon bezning hajmi kattalashib, ba`zan bo`yinning oldingi sohasi bo`rtib chiqadi. Bemorda ko`zning chaqchayishi, ko`p terlash, asabiylashish, uyqusizlik, ozish, yurak o`ynashi holatlari sodir bo`ladi. Qizlar balog`atga yetishi davrida (12-15 yoshda) qalqonsimon bezning funksiyasi ma`lum darajada kuchayadi. Shuning uchun ayrim o`smir qizlarda tireotosikoz holatining yengil ko`rinishlari yuzaga kelishi mumkin, ya`ni tez jahl chiqishi, uyquning buzilishi, ishtahaning pasayishi, terlash, ayniqsa, qo`l kaftining ko`p terlashi va hokazo. Bunday vaqtda ko`proq ochiq havoda sayr qilish, aqliy mehnatni kamaytirish tavsiya etiladi. Bu holat dorisiz asta-sekin o`tib ketadi.
Qalqon oldi bezi. Bu bez to`rtta bo`lib, qalqonsimon bezning orqa yuzasiga yopishib turadi. Ularning umumiy og`irligi 100-120 mg.ni tashkil qiladi.Bu bez paratireodin gormonini ishlab chiqaradi.
Paratireodin gormoni odam organizmida kalsiy-fosfor almashinuvini tartibga solib turadi. Gormon kam ishlab chiqarilsa, nerv-muskul tizimining qo`zg`aluvchanligi ortib, odamning qovoqlari, lablari pirpirab uchadi, qo`llari qaltiraydi. Gormon juda kamayib ketsa, soch to`kiladi, suyaklar yumshab, egiluvchan, mo`rt bo`lib qoladi, nerv-muskul tizimining qo`zg`aluvchanligi ortib, odam tanasining umumiy qaltirashi, ya`ni tutqanoq (tetaniya) holati yuzaga keladi.
Ayrisimon bez. Bu bez to`sh suyagining orqa yuzasida joylashgan. Uning massasi chaqaloqlarda 12 gramm bo`lib, to balog`atga yetish davrigacha (14-15 yoshgacha) kattalashib, 30-40 grammga yetadi. So`ngra bezning hajmi asta-sekin kichiklasha boradi va u yog` moddasiga aylanadi, 25 yoshda bezning og`irligi 25 grammgacha kamayadi, 60 yoshda 15 gramm, 70 yoshda 6 gramm bo`ladi.
Ayrisimon bez timozin gormonini ishlab chiqaradi. U bolalarning o`sishiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi, jinsiy bezlar funksiyasini pasaytirib, bolaning vaqtidan ilgari balog`atga yetishini to`xtatib turadi. Bundan tashqari, timozin limfa bezlarida limfotsitlar hosil bo`lishini kuchaytirib, organizmning immunitet xususiyatini oshiradi.
Buyrak usti bezlari. Bu bezlar ikkita bo`lib, nomiga monand o`ng va chap buyraklarning ustki qismida joylashgan. Ularning birgalikdagi og`irligi 10-20 gramm. Buyrak usti bezlari ustki-po`stloq va ichki-miya qavatdan iborat.Buyrak usti bezlarining ustki-po`stloq qavatida uch guruh kortikosteroid gormonlari ishlab chiqariladi.
1.Mineralokortikoid gormoni organizmda mineral tuzlar almashinuvini boshqaradi.
2.Glyukokortikoid gormoni organizmda oqsil va uglevod almashinuvini boshqaradi. Bu gormon odamda allergiya va yallig`lanish holatlari yuzaga kelishini oldini oladi. Shu bois, ushbu gormondan sun`iy usul bilan tayyorlangan gidrokartizon va prednizalon gormonlari og`ir o`tadigan yallig`lanish va allergiya kasalliklarini davolashda qo`llanadi. 3.Androgen va esterogen gormonlari erkaklar va ayollarning jinsiy bezlari funksiyasini kuchaytiradi. Buyrak usti bezlarining ichki miya qismida noradrenalin va adrenalin gormonlari ishlab chiqariladi. Bularni ishlab chiqarilishi kamaysa, Addison (bronza) kasalligi yuzaga keladi. Bunda odam terisi bronza rangiga o`xshab qorayadi. Bemor bo`shashadi, tez charchaydi, ish bajarish qobiliyati pasayadi. Odam hayajonlansa, achchiqlansa, qo`rqsa adrenalin, noradrenalib gormonlarini ishlab chiqarilishi ko`payadi. Bunday paytda odamning arterial qon bosimi me`yoridan oshadi, yurak urishi tezlashadi, ranggi oqaradi, ya`ni stress holati yuzaga keladi.
Aralash bezlar. Bularga me`da osti va jinsiy bezlar kiradi.
Me`da osti bezi. Bu bez me`daning pastki va orqa sohasida, birinchi bel umurtqasi ro`parasida joylashgan bo`lib, uzunligi 16-20 sm, massasi 70-80 gramm.
Me`da osti bezining ichki sekretsiya faoliyatini Langergans orolchasi deb nomlangan qismidagi hujayralar bajaradi. Bu orolchada insulin gormoni ishlab chiqarilib, u bezning o`zidan to`g`ridan-to`g`ri qonga quyiladi va organizmda qand almashinuvini normallashtirib turadi. Insulin ishlab chiqarilishi kamaysa yoki butunlay to`xtasa odamda qandli diabet kasalligi yuzaga keladi. Qonda qand miqdori ko`payadi (normada 80-120 mg % bo`ladi, diabetda esa 130-150 mg % dan - 200-250 mg % gacha ko`tariladi). Normada siydikda qand bo`lmaydi. Bu kasallikda qonda qand ko`paygani uchun siydikda qand paydo bo`ladi. Qandli diabet kasalligi surunkali davom etadi. Davolash uchun sun`iy ishlab chiqarilgan insulin gormoni va boshqa preparatlar qo`llanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |