2-§. Neft va gazni suv orqali tashishni tashkil qilish
Bu transport orqali asosan neft va uning mahsulotlari tashilib, ular dengiz va daryo tankerlari, kemalar va barjalarda amalga oshiriladi. Suv yo‘llari bo‘lgan mintaqalarda bu transport orqali umumiy tashiladigan neft va neft mahsulotlarining 13 %ni tashiladi. Suv transporti temiryo‘l transportiga qaraganda ko‘pgina afzalliklarga ega. Masalan, tashilayotgan mahsulotning massa birligiga sarflanadigan yoqilg‘i miqdorining kamligi, xizmat qiluvchi ishchilar sonining ozligi va boshqalar. Mahsulotlarni tashishda daryo va dengiz tanker va barjalaridan foydalaniladi. Dengiz tankerlarining yuk ko‘taruvchanlik qobiliyati 4 ming tonnadan 50 ming tonnagacha bo‘lib, daryo tankerlariniki 500 tonnadan 5 ming tonnagacha bo‘ladi. Sudrab harakatga keltiriladigan barjalarning umumiy yuk tashish quvvati 1000–12000 tonnagacha bo‘ladi. Tashiladigan mahsulotlar miqdorining ortishi tufayli yuk ko‘taruvchanlik qobiliyati yuqori bo‘lgan supertankerlar qurila boshlangan. Masalan, 1975- yili yuk ko‘taruvchanlik qobiliyati 150 ming tonna bo‘lgan «Qrim» supertankeri qurilgan. Uning uzunligi 300 metr, eni 45 metr va suvga cho‘kishi 17 metrga teng. Hozirgi kunda yuk ko‘taruvchanlik qobiliyati 450 ming tonna va 1 mln tonnagacha bo‘lgan dengiz va okean gigant tankerlari mavjud. Yuk ko‘taruvchanlik qobiliyati 450 ming tonna bo‘lgan gigant tankerning uzunligi 380 metr, eni 62 metr, balandligi 36 metrga teng. Tankerlar uzunligi bo‘yicha 3 qismga bo‘linadi: bosh, o‘rta va burun bo‘limlari. Neft va neft mahsulotlari tankerlarning o‘rta qismida tashiladi. U tankerning bosh va burun bo‘limlaridan «kafedrom» yordamida ajratib qo‘yilgan. «Kafedrom» – bu ikki qavatli to‘siq bo‘lib, to‘siqlar o‘rtasi suv bilan to‘ldirilgan bo‘ladi. Burun qismida asosan quruq yuklar tashiladi. Tankerlardan yuklarni tushirish va ularga ortish ishlari maxsus joylar (gavanlar)da amalga oshiriladi. Neft mahsulotlarini tushirish va haydash uchun tankerlarda ishlab chiqarish qobiliyati soatiga 2000 m3 mahsulotni tushira oladigan nasoslar guruhi o‘rnatilgan bo‘ladi.
Suv orqali suyultirilgan gazlarni tashish dengiz va daryo transportlarida, ya’ni rezervuarlar bilan jihozlangan tankerlarda amalga oshiriladi. Rezervuarlarning turiga ko‘ra tankerlar: bosim ostida ishlovchi, rezervuarlar bilan jihozlangan tankerlar (propan uchun 1,6 MPa) ga va issiqlik izolatsiyasi bilan o‘ralgan, past bosimli rezervuarlar o‘rnatilgan tankerlarga bo‘linadi. Keyingi holatda suyultirilgan gaz atmosfera bosimiga yaqin bo‘lgan bosimda lekin past haroratda tashiladi. Masalan, propan – 45°C da, etilen – 103°C da, suyultirilgan tabiiy gaz
– 162°C da tashiladi. Bosim ostidagi yarim izotermik holatda bo‘lgan gazlar hajmi 2000 m3 gacha bo‘lgan tankerlarda tashiladi. Bu holda gazlar tik va yotiq silindrik va sferik ko‘rinishdagi rezervuarlarda tashiladi. Tik o‘rnatilgan silindrik ko‘rinishdagi rezervuarlarda tashiladigan suyultirilgan gazning bosimi 1,6 MPa gacha bo‘ladi. Yotiq va sferik ko‘rinishdagi rezervuarlarda suyultirilgan gazlar yarim izotermik sharoitda tashiladi. Bu sharoitda, ya’ni sovitish tizimi bo‘lgan sharoitda gazlarni ortish va tushirish uchun ishlatiladigan nasoslar sovitish tizimiga ulangan bo‘ladi. Izotermik tankerlarning hajmi 10 ming m3 gacha bo‘ladi. Suyultirilgan gazlar, daryo orqali o‘zi yuradigan hamda tortib yuriladigan barjalarda tashiladi. Ularning yuk ko‘taruvchanlik qobiliyatlari 60, 100, 200 va 300 tonnagacha bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |