Milliy musiqa va qo’shiqchilik. Mustaqillik yillarida milliy musiqa va qo’shiqchilik san’ati rivojlandi. Respublika madaniyat ishlari vazirligi, 1992 yilda tashkil etilgan «Xalq ijodi va madaniy-ma’rifiy ishlar respublika markazi», uning viloyatlardagi bo’limlari musiqa va qo’shiqchilik san’atini, havaskorlik va folklor jamoalari faoliyatini rivojlantirish, unutilgan xalq ohanglarini tiklash maqsadida turli xil ko’rik tanlovlar, festivallar tashkil etmoqdalar. 1992 yilda Toshkentda «Asrlarga tengdosh navolar» va «Boqiy ovozlar», Xorazm viloyatida folklor jamoalari, askiya, qiziqchi va masxarabozlarning, Qo’qonda katta ashula, lapar va yalla ijrochilarining ko’rik-tanlovlari o’tkazildi. 1994 yil may oyida Parijda bo’lib o’tgan «Sharq musiqasi» festivalida Munojot Yo’lchieva va Shavkat Mirzaevlar ishtirok etib, o’zbek milliy qo’shiqchilik san’atini jahonga namoyish etdilar.
Kino san’ati. Mustaqillik yillarida kino san’ati rivoj topdi. 1996 yilda «O’zbekfilm» tasarrufida 8 ta kinostudiya, 30ga yaqin mustaqil ijodiy studiyalar faoliyat yuritdi. 1996 yilda tashkil etilgan «O’zbekkino» davlat aktsionerlik kompaniyasi, uning davlat tomonidan moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlanishi kino san’atining rivojida muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1991-2002 yillarda 60 ga yaqin badiiy filmlar yaratildi. «Temir xotin», «Dallol», «Sharif va Ma’rif», «Tilla bola», «Buyuk Amir Temur», «Yulduzingni ber, osmon», «Kenja singil» va boshqa filmlarda milliylik va zamonaviylik uyg’unligi yaqqol namoyon bo’ldi. 1997 yil 22-29 may kunlari XII Xalqaro Toshkent kinofestivali bo’lib o’tdi. Unda 32 ta davlat va 8 ta xalqaro tashkilotdan vakillar, kino san’ati ustalari qatnashdi. «Buyuk Amir Temur» filmi ijodkori R.Ibrohimovga festival bosh sovrini – «Neksiya» avtomobili berildi.
Teatr. Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar jarayonida teatr san’ati ham rivojlandi.
1993 yilda foydalanishga topshirilgan «Turkiston» saroyi Vatanimiz va xorijlik teatr arboblarining, ijodiy guruhlarning sahna asarlari namoyish etiladigan dargohga aylandi. Andijonda jamoatchilik asosida faoliyat ko’rsatayotgan yoshlar teatri, Abbos Bakirov nomli yoshlar va bolalar teatriga aylantirildi.
Respublika Prezidentining 1995 yil 20 oktyabrdagi «O’zbekistonda teatr va musiqa san’atini yanada rivojlantirishni qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi, 1998 yil 26 martdagi «O’zbekiston teatr san’atini rivojlantirish to’g’risida»gi farmonlari asosida teatrlar davlat byudjeti hisobiga qo’llab-quvvatlandi. Farmonga binoan Madaniyat ishlari vazirligi tizimida va teatr ijodiy xodimlari uyushmasi qoshida 1998 yilda «O’zbekteatr» ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. Birlashma teatr jamoalariga xalqimizning boy ma’naviy olamini, uning madaniy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hissini uyg’otuvchi spektakllar yaratishda, iste’dodli yoshlarni teatrga jalb qilishda, teatrlarning moddiy-texnikaviy bazasini mustahkamlashda, ijodiy xodimlarni ijtimoiy himoya qilishda ko’maklashdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |