Men Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur kabi sarkardalar
Avlodiman
Reja:
Kirish. Vatan ta’rifida
Asosiy qism:
1.Jaloliddin Manguberdi-xalq qahramoni.
2. Amir Temur – buyuk sarkarda.T
3. Vatanim sarhadlari mard o’g’lonlar himoyasida.
.Xulosa. Tarixi va kelajagi buyuk yurtim.
O’z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo’q.
(I.Karimov)
Vatan… Har gal bu ulug’ so’zni aytganimzda ko’z oldimizda tug’ilib o’sgan diyorimiz, uyimiz, oilamiz gavdalanadi. Ular hayotimizda har narsadan ustun turadilar, to’g’rimi? Ha! Chunki ular bizning Vatanimiz. Vatan shunday narsaki, undan sal yiroqlashsangiz sog’inchidan qiynalasiz, uning koriga yarasangiz o’zingizni baxtiyor his etasiz, uni doimo asrashga, avaylashga harakat qilasiz, yillar sayin uni yanada yaxshi ko’rib borasiz… Shuning uchun Vatan qalbimizdagilarning eng qadrlisidir.
Bizning Vatanimiz O’zbekiston o’zining boy tarixi bilan mashhur. Mo’g’ullarga qarshi so’nggi nafasigacha kurashgan Jaloliddin Manguberdi, Movarounnahr va Xurosonni birlashtirib, yagona qudratli davlat tuzgan hamda jahon xalqlarining ham xaloskoriga aylangan Amir Temur, qolaversa, uning avlodlaridan bo’lmish Mirzo Ulug’bek, Zahiriddin Muhammad Bobur haqida kim bilmaydi deysiz?
Keling, xalqimiz qahramoni Jaloliddin Manguberdi haqida gapirsak. U Xorazmshoh bo’lib, Alouddin Muhammad shohning o’g’li bo’lgan. Yurtimizga Chingizxon ko’z olaytirayotgan bir paytda jasorat bilan unga qarshi kurashdi. O’z vatanini yovlardan himoya qilish, xalqining omonligi va ozodligini saqlab qolish uchun astoydil harakat qildi. 33 yillik umrining 11 yili urushlarda kechgan Jaloliddin Manguberdi butun xalqning mard yigitlarini Vatanni ozod qilish uchun jangga chaqirdi. Unga ko’plar xiyonat qildi, yarim yo’lda tashlab ketganlar ham bo’ldi. Garchi Jaloliddin Manguberdi ular tufayli mag’lub bo’lgan bo’lsa-da, qahramon sifatida, so’nggi nafasigacha dushmanga qarshi jang qilgan sarkarda sifatida tarixda qoldi. Jaloliddin Manguberdi ismi bilan ham bu diyor farzandlari qalbida mangu qoldi.
Dunyodagi 3 ta buyuk hukmdor haqida eshitgan bo’lsangiz kerak. Ulardan biri bizning buyuk bobomiz Amir Temurdir. O’zining tengsiz jasorati, g’alabali janglari bilan butun dunyoda nom taratgan Sohibqiron Amir Temurning tug’ilishidanoq kelajakda buyuk ishlar qilishi ma’lum edi. Ma’lumotlarga ko’ra, Amir Temurning tug’ilishi noyob hodisa – Zuxro va Mushtariy yulduzlarining bir chiziqqa to’g’ri kelib qolishiga to’g’ri kelgan ekan. U yoshligida diniy va harbiy ilm bilan jiddiy shug’ullanadi. Mo’g’ullarga qarshi kurashish uchun avval ularning ishonchiga kirgan Amir Temur bir necha yillik jang-u jadallardan so’ng mo’g’ullarni Movarounnahrdan surib chiqardi. Xurosonni ham zabt etib, qudratli Temuriylar davlatiga asos soldi. Faqat shu bilan cheklanib qolmay, boshqa xalqlarni ham dushman xavfidan qutqardi. O’zidan oltinga teng hikmatlar majmuyi – “Temur tuzuklari”ni qoldirdi. Bu asarda Sohibqironning butun umrlik ibratlari joy olgan. Hozir ham uni nafaqat o’zbek xalqi, balki, jahon xalqlari ham hurmat bilan yod etadi. Zero, uning “Kuch – birlikdadir” hikmati bizni birlikka chorlab, qalbimizda faxr tuyg’usini uyg’otadi.
Yurtning qudrati ko’p tomonlama uning Qurolli kuchlariga bog’liq. Chunki davlatning chegaralari mustahkam bo’lsagina, uning xalqi xavfsiz bo’ladi. Bizning tinchligimiz va xavfsizligimiz tun-u kun sarhadlarimizda bedor bo’lgan harbiylarimizga bog’liq. Ular shunday insonlarki, xalqning dahlsizligini saqlash uchun o’z oilasidan, uy-joyidan, rohat-farog’atli hayotidan voz kechib, o’zini yurtga fido qilgan va qilayotgan o’g’lonlardir. Ularning fidoyiligi va Vatanga muhabbati tahsinga loyiq.
Hozirgi kunda ularning mehnatlari munosib baholanib, taqdirlanmoqdalar. Kuni kecha “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” va Qurolli kuchlarimizning 30 yilligi butun mamlakatimiz bo’ylab tantanali nishonlanib, harbiylar uchun ko’plab bayram tadbirlarining tashkillanishi ham bunga misol bo’ladi.
Vatanimiz himoyachilar nafaqat harbiylar, balki Ichki Ishlar xodimlari hamdir. Chunki ular ham yurt tinchligi uchun tun-u kun xizmatdalar. Ular xalqning ichki farovonligini saqlab, ichki xavflarni bartaraf etadilar.
Agar tariximiz va kelajagimiz haqida gapiraversak, suhbatimiz hech qachon ado bo’lmaydi. Shuning uchun gapning iddaosi agar biz tariximizdan ibrat olib, kelajakka intilsak, bizdan qudratli kuch bo’lmaydi. Chunki bizning tariximiz buyuk, toki buyuk tarixdan ibrat olar ekanmiz kelajagimiz yanada buyuk bo’ladi. Faqat buning uchun biz yoshlar ishtiyoq bilan harakat qilib, Vatanimiz kelajagini buyuk qilib qurishimiz kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |