Ob`ektiv tekshirish.
Homilador ayolni ob`ektiv tekshirganda uning tana tuzilishiga ahamiyat berish zarur. Dastlab ayolning bo'yi o'lchanadi, agar bo'yi 145 sm dan past bo'lsa, unda chanoq tor bo'lishi va tug`ish jarayonida og`ir holatlar ro'y berishi mumkin.
Ayolning skelet suyaklaridagi nuqsonlarga: oyog`ining qiyshiq yoki bittasining kaltaligi, orqa umurtqaning qiyshiqligi, shakli, ko'krak qafasining ichiga botgani, bel-dumg`aza Mixaels rombi shaklidagi nuqsonlarga ahamiyat berish lozim. SHunda homiladorlik va tug`ishning qanday kechish haqida fikr yuritish mumkin.
Bel-dumg`aza rombini aniqlash uchun homilador ayolni tik turg`azib, chanoqning orqa yuzasi ko'zdan kechiriladi. Agar romb to'rtburchak shaklida bo'lsa, bu nuqsonsiz (mukammal) chanoq hisoblanadi.
Ayolning tana yuzasi (terisi) tozami, toshmalar yo'qmi, yuzida, yuqori labi ostida, sut bezi so'rg`ichi atrofida, qorin devorining oq chizig`i sohasida qoramtir dog`lar bor-yo'qligini tekshirish kerak. Sut bezlarining to'lishgan, to'lishmagani ham ko'riladi. Bu belgilar homiladorlikka xos va ayolning bo'yida bo'lganiga taxmin qilsa bo'ladi.
Homilador ayollar ichki organlarini tekshirish usuli hamma erda bir xil qabul qilingan. Bunda harorat o'lchanadi, tomir urishi sanaladi, qon bosimi aniqlanadi, teri va ko'z oqi va ko'rinadigan shilliq qavatlari (lab, og`iz, til) ko'zdan kechiriladi va hokazo.
Homiladorlik davrida organizmda jiddiy o'zgarishlar ro'y berishini nazarda tutib, ichki organlarni tekshirish juda ham zarurdir. Bu o'zgarishlar yurak, buyrak, o'pka va boshqa organlar kasalliklariga yomon ta`sir qilishi mumkin. Homilador ayoldagi kasalliklarni o'z vaqtida aniqlash kerak, shunda ayolning bo'yida bo'lish-bo'lmasligi va homilador bo'lsa, uni davom ettirish mumkin yoki mumkin emasligi aniqlanadi. Ayniqsa, homiladorlikning ikkinchi yarmida qon va siydikni, qon bosimini muntazam ravishda tekshirish tana vaznini o'lchab turish zarur.
Qorinni ko'zdan kechirganda u tik turgan oval shaklda bo'lsa, homilaning to'g`ri yotganini, ko'ndalang yoki qiyshiq tursa, homilaning ko'ndalang yoki qiyshiq yotganini, yumaloq shar shaklida bo'lsa, egizak bola yoki qog`anoq suvi ko'pligini, qorin osilgan yoki turtib chiqqan (o'tkir uchli) bo'lsa, chanoqning torligini ko'rsatadi.
Agar yuzda va oyoqlarda shish bo'lsa, buning sababini aniqlash zarur. Bu holat homiladorlikdagi gipertenziv holatlarda, yurak va buyrak kasalliklarida kuzatiladi. agar teri va ko'rinadigan shilliq qavatlar rangsiz bo'lsa, qamqonlikdan, lab va tirnoq ko'kargan bo'lsa, kislorod etishmasligi (yurak kasalligidan) darak beradi. Bundan tashqari, sut bezlarining yaxshi rivojlanmaganligi, jinsiy organlar sohasida, qo'ltiq ostida tuklarning kam bo'lishi ichki jinsiy organlarning yaxshi rivojlanmaganligini bildiradi.
Qorinni paypaslab ko'rish tashqi tekshirishning asosiy usulidir. Buning uchun oldin akusher qo'lini tozalab yuvib, bir oz isitadi, ayol tizza bo'g`imini bukkan holda chalqancha yotadi. Ko'rishdan oldin qovuq va ichaklar bo'shatiladi. Paypaslab ko'rishdan oldin suyak do'mboqlari boylamlari topiladi. Bular paypaslab ko'rishda mo'ljal bo'ladi.
Qorinni paypaslab ko'rganda bachadon tubi aniqlanadi, homilaning bachadonda yotish holatida uning kichik chanoqqa yaqin turgan qismi (boshi, dumbasi yoki ko'ndalang yotishi), uning mayda qismlari aniqlanadi. Iloji boricha yo'ldoshning bachadon devoriga yopishgan joyi aniqlanadi. Apparatlar (ultratovush, gisterograf va boshqalar) yordamida esa homila va yo'ldoshning yotishi aniqroq bilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |