2.HOMILANI ANIQLASH JARAYONI VA PERINATAL DAVRDA SODIR BO`LADIGAN O`ZGARISHLAR.
Xomilador ayollarni tekshirishning o'ziga xos xususiyati bor. Suhbatlashish (anamnez to'plash) yo'li bilan olinadigan ma`lumotlar homiladorlikda, tug`ishda yoki homila taraqqiyotida ro'y berishi mumkin bo'lgan kasalliklarni oldindan taxmin kilishga asos bo'ladi. Bu esa profilaktika va davolash choralarini o'z vaqtida ko'rishga va homiladorni muntazam kuzatib borishga imkon beradi.
Homiladorlikni aniqlash vaqtida uning muddatini, tug`ishning taxminiy vaqtini ham belgilashga to'g`ri keladi. Bundan tashqari, har tomonlama klinik tekshirish, fizik–kimyoviy laboratoriya va boshqa tekshiruvlar o'tkazish yo'li bilan organizmning umumiy holati, homiladorlikning kechishi kuzatiladi.
YUqorida ko'rsatib o'tilgan ma`lumotlarni olish va ularga diagnoz qo'yish uchun quyidagi anamnez sxemasidan foydalanish mumkin:
Familiyasi, ismi, otasining ismi.
Turar joyi, bolalik va o'smirlikda yashagan sharoiti.
Yoshi.
Ma`lumki, agar qiz bola balog`atga etmay (17 yoshgacha) yoki yoshi ancha o'tib (30-35 yosh) turmushga chiqib, birinchi marotaba homilador bo'lsa, ularda 18-25 yoshgacha bo'lgan ayollarga nisbatan homiladorlik, tug`ish va chilla davri ancha og`ir, patologik holatda kechishi mumkin.
Homilador ayolning qanday geografik sharoitda va qanday iqlim muhitida yashagani ham katta ahamiyatga ega bo'ladi. Agar iloji bo'lsa, uning necha yoshda yura boshlaganini, bolaligida qanday o'sganligini bilish ham juda muhimdir.
Bolalikda va katta bo'lgandan keyin boshidan kechirgan kasalliklari homiladorlik va tug`ish jarayonining kechishini aniqlashda yordam beradi. Masalan, ayol yoshligida raxit bilan og`rigan bo'lsa, uning organizmi tuzilishida ayrim o'zgarishlar – bo'yi kichkina, bosh suyagi to'rt burchak, ko'krak qafasi ichiga botgan va boshqalar kuzatilishi mumkin. Xususan chanoq suyagidagi raxitga xos o'zgarishlar tug`ish vaqtida bir qancha og`ir holatlarni paydo qilishi mumkin.
YOshlikda boshdan kechirilgan tepki (parotit), qizamiq, suvchechak va boshqa yuqumli kasalliklar jinsiy organlar taraqqiyotiga ta`sir etishi mumkin. Keyingi paytlarda ayniqsa yuqumli kasalliklar (brutsellez, toksoplazmoz, zaxm, gripp, so'zak va boshqalar) homilaning chala yoki o'lik tug`ilishiga sabab bo'lishi mumkinligi aniqlangan. Avvalgi homiladorlik yoki tug`ish vaqtida qilingan operatsiyalar ham navbatdagi tug`ishda turli patologik holatlarga sabab bo'lishi mumkin.
Oilaviy kasalliklar (homilador oilasidagi yoki uning erida bo'lgan kasalliklar – sil, zaxm, ro'xiy xastaliklar va boshqalar hamda alkogolizm, narkomaniya, kashandalik homilaning chala, o'lik yoki nuqsonli tug`ilishiga sabab bo'lishi mumkin.
Xayz funktsiyasini ham aniqlash muhim ahamiyatga ega. Xayzni necha yoshdan ko'ra boshlagan, dastlab normal kela boshlaganmi yoki to'xtab – to'xtab kelganmi, keyin necha yoshda normallashganini bilish kerak. Agar qiz xayzni kech ko'rgan va u anchagacha normal holatda bo'lmagan bo'lsa, bu uning o'z vaqtida balog`atga etmaganidan dalolat beradi.
Xayz tsiklining o'zgarishi ham homiladorlik va tug`ish jarayonining kechishiga ta`sir ko'rsatishi mumkin.
Xayzning oy sari takrorlanishi (21-28-35 kun) qanday, xayz ko'rganda og`riq bo'lish-bo'lmasligini ham so'rash kerak. Ma`lumki, jinsiy organlar kasalliklarida yoki ichki sekretsiya bezlari faoliyati buzilishi natijasida xayz juda kech (17-18 yoshdan) kelishi mumkin, odatda O'zbekistonda yashaydigan qizlarda esa 12-13 yoshdan boshlanadi.
Ichki sekretsiya bezlari faoliyati buzilganda tug`ish og`irlashadi, tug`ish davrida birlamchi va ikkilamchi sustliklar paydo bo'ladi. CHilla davrida bachadon yaxshi qisqarmaydi, qon ketadi. Turmushga chiqqandan so'ng uzoq vaqt davomida bo'yida bo'lmaslik jinsiy organlarning to'la etilmaganligidan dalolat berishi mumkin. Bu ayolning bo'yida bo'lganda ham turli qiyinchiliklar vujudga kelishi mumkin.
Jinsiy hayot boshlangandan, tuqqandan va abortdan keyin xayz ko'rishning o'zgargan – o'zgarmaganligini aniqlamoq kerak, xayz funktsiyasining bu davrlarda o'zgarishi ichki jinsiy organlarda yallig`lanish jarayoni borligini ko'rsatishi mumkin.
Ayol bilan suhbatlashganda homilaning nechanchi ekanligini, oldingi homiladorliklar va tug`ish qanday o'tganligi, avvalgi homiladorlikdagi gipertenziv holatlar, ichki organlar (buyrak, jigar, yurak qon-tomir sistemalari) kasalliklarini va ilgarigi tug`ishlarda yuz bergan boshqa kasalliklarni yoki o'zgarishlarni aniqlash kerak. Tug`ruqdagi patologik holatlar (vaqtdan oldin suv ketishi, tug`ruq dardlari sustligi, homilaning noto'g`ri yotishi, chanoqning tor bo'lishi), akusherlik qisqichlari qo'yish yoki kesarcha kesish usuli bilan homilani tug`dirish zaruriyati borligini ko'rsatadi. Homilaning muddatdan ilgari tug`ilishi va bola tushishi kabi holatlar bu ayolda biror kasallik (bachadon shilliq qavatining yallig`langanligi, bachadon shishi va boshqalar), turli yuqumli kasalliklar borligidan yoki infantilizmdan darak beradi.
SHuni unutmaslik kerakki, o'z-o'zidan bola tushishi yoki sun`iy yul bilan qilingan abort jinsiy organlarda yallig`lanish jarayonini paydo qilishi oqibatida homiladorlik va tug`ish vaqtida turli patologik holatlarga sabab bo'lishi mumkin.
Avvalgi homiladorlik va tug`ish yaxshi o'tgan bo'lsa, bu ayolning sog`lom ekanligini ko'rsatadi va navbatdagi homiladorlikning muvaffaqiyatli o'tishini oldindan bilishga imkon beradi. Aksincha, ilgarigi tug`ishda qilingan operatsiya, tug`ilgan bolaning tezda o'lganligi yoki o'lik tug`ilganligi bu homiladorlikda ham qo'shimcha kasallik va og`ir holatlar ro'y berishi mumkinligini va homiladorni alohida ahamiyat bilan kuzatib borish lozimligini ko'rsatadi.
Homiladorlik va tug`ish vaqtidagi kasalliklar yoki qo'shimcha patologik holatlar avvalgi tug`ishdan keyin, chilla davrida ro'y bergan kasalliklar natijasida bo'lishi mumkin. SHunga ko'ra avvalgi homiladorlikda chilla davrida ayol kasallik bilan og`riganmi – yo'qmi buni bilish zarur.
Homilador ayoldan erining sog`ligi haqida so'raladi, chunki uning ilgari va hozir sil, so'zak va boshqa kasalliklar bilan og`rigan bo'lishi homilador ayol va homila sog`ligiga xavf soladi.
Anamnezida homilador ayol yashaydigan uy va ishxonaning sanitariya – gigiena sharoitlari, uning ovqati, qancha uxlashi va dam olishi to'la aniqlanadi. Homilador ayolning turmush va mehnat sharoititning homila taraqqiyotida, tug`ilishida va chilla davrining kechishida ahamiyati katta bo'ladi.
Anamnez sinchiklab yig`iladi va olingan ma`lumotlar homiladorlik varaqasiga to'la yozib qo'yiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |