Paporotniklar tartibi — Filicales
Filicales Pleropsidaning makrofilliya ro`y-rost ko`rinib turadigan tipik vakilidir. Ularning barglari yaxshi taraqqiy qilib, murakkab tuzilgan bo`ladi, poyasi birmuncha kalta bo`lib, bo`g`im oraliqlari uncha bilinmaydi. Sporangiylarida bir qavat devor bor, ko`pincha maxsus halqa ham bo`ladi. Gametofitlari yashil, plastinkasimon bo`lib, yer ustida o`sadi. Bu tartib ikkita kenja tartibga bo`linadi:
1) asl paporotniklar — Filices,
2) suv paporotniklari — Hydropterides.
Asl paporotniklar kenja tartibi — Filices
Bu kenja tartibga erkak paporotnik Dryopteris (Aspidium) filixrnas vakil bo`la oladi. Bu o`simlik murakkab tuzilgan serbar barg dastalari hosil qiladi, ular ildizpoya uchidan chiqadi.
Ildizpoya gorizontal holda yer yuzasiga yaqin o`sadi va qora-qo`ng`ir rangli katta, ammo yo`g`on yog`ochsimon poyadan iborat bo`ladi. Ildizpoyani o`tgan yillardan qolgan barg bandlarining asoslari zich qoplab turadi, shunga ko`ra, u yanada yo`g`on bo`lib qoladi. Dryopteris barglari har yili kuzda tushib ketadi, ulardan barg bandlarining yer osti qismigina qoladi. Har yili bahorda ildizpoyaning uchidagi o`sish nuqtasidan bir to`p yangi barglar chiqadi. Yerdan o`sib chiqqan yosh barglari xuddi shiliqqurtga o`xshab o`ralib turadi va jigar rang tangachasimon po`stlar bilan qalin qoplangan bo`ladi. Barg juda sekin o`sadi va uch yilda yer betiga chiqib, yetiladi. Yetilgan barg murakkab, qo`shpatsimon bo`lib, bo`yi 1 m ga yetadi. Ildizpoyadan bir talay ingichka ildizlar chiqadi. Dryopteris poyasining anatomik tuzilishi ancha murakkab. Poya asosan parenximatik to`qimalardan tuzilgan bo`lib, uning ichida suv naylari bog`lamlari bor. Poyaning ko`ndalang kesmasida suv naylari bog`lamlari to`garak bo`lib joy oladi va kontsentrik tipda tuzilgan bo`ladi, ya`ni bog`lamning markazini ksilema egallagan bo`lib, uni hamma tomondan floema o`rab turadi; floemadan keyin peritsikl, undan keyin endoderma keladi. Peritsikl bilan endoderma bir qavat hujayralardan tuzilgan bo`lib, bog`lamni asosiy parenximadan ajratib turadi. Suv naylari bog`lamlari poya bo`ylab borar ekan, doim bir-biri bilan birlashib, keyin yana ajralib boradi. Shunga ko`ra, tutash o`tkazuvchi sistema vujudga keladi, bu sistema rombsimon yirik-yirik ko`zli tsilindrik to`r ko`rinishida bo`ladi (diktiosteliya). To`rning har bir ko`zi qarshisida barg turadi, ko`znint chetlaridan esa barg bandiga mayda suv naylari bog`lamlari (barg izlari) o`tadi. Dryopterisning ildizlari bilan barglarining tuzilishida hech qanday xarakterli xususiyat yo`q, bargida palisad parenxima bo`lmaydi.
Yozning o`rtalarida Dryopteris bargining pastki yuzasida hamma o`simlikda ko`rilganidek, jinssiz yo`l bilan ko`payish organi bo`lmish sporangiylar hosil bo`ladi, sporangiylar hamisha to`p-to`p bo`lib joy oladi, shu to`plari soruslar deb ataladi. Soruslar bargining o`rta tomiri bo`ylab ikki qator bo`lib joy oladi. Har bir sorus ustidan yupqa parda — indusiy bilan o`ralib turadi, shunga ko`ra sorus oddiy ko`z bilan qaralganda buyraksimon do`mboqchaga o`xshab ko`rinadi. Sorus ko`ndalang qilib kesib qaralsa, bargning pastki tomonida ancha qalin o`simta — platsenta borligi ko`rinadi. Platsenta induziy oyoqchasiga aylanadi. Induziyning o`zi kesmalarda soyabonga o`xshab ko`rinadi. Platsentada bir talay sporangiylar bo`ladi. Sporangiy ikki yoni siqilgan yumaloq qutichaga o`xshaydi, ya`ni ikki tomoni qavariq yasmiq shaklida bo`ladi, u uzun va ingichka oyoqchada turadi. Sporangiyning devorchasi bir qavatli bo`lib, boshidan-oyog`igacha deyarli yupqa po`stli hujayralardan tuzilgan. Sporangiy qirrasi bo`ylab bir qavat hujayrachalar ketadi, ular devorlarining juda qalin tortib, qo`ng`ir-tilla rang tusda bo`lishi bilan ajralib turadi. Halqa deb shuni aytiladi. Halqani hosil qiluvchi hujayralarning ichki va radial devorchalarigina qalinlashgan bo`lib, tashqi devorchalari yupqaligicha qoladi. Dryopterisning halqasi tutash emas, ya`ni bu halqa sporangiy aylanasining taxminan ⅓ qismini o`rab turadi. Halqa birdan tugab, yupqa devorli hujayralarga aylanadi. Keyinchalik sporangiy yoriladigan va og`izcha (stomium) deb ataladigan joy shu yerda bo`ladi. Sporangiy bo`shlig`i sporalar bilan to`la turadi. Spora bir hujayrali bo`lib, qalin, qora parda bilan o`ralgan. Halqa sporangiyning ochilib, sporalar sochilishiga yordam beradigan moslamadir. Sporalar pishib yetilganida sporangiy qurib, halqa hujayralardagi suv tashqi yupqa devorlar orqali bug`lanadi, shunda tashqi devorlar ichkariga, hujayra bo`shlig`iga botadi. Suv yana bug`lanar ekan, radial devorchalar bir-biriga yaqinlashadi. Suv zarralari o`rtasida yopishish kuchi ta`sir qilganligidan shunday bo`ladi. Natijada xalqa to`g`rilanib, yoyilishga harakat qiladi va suv qanchalik ko`p bug`lansa, uning o`sha harakati shunchalik zo`rayadi. Natijada og`izchaning yupqa devorlari chidash berolmay ko`ndalangiga yoriladi. Halqa teskari tomonga buraladi va birdan zarb bilan oldingi holiga qaytadi. Shu harakat natijasida sporangiydagi sporalar zo`r bilan sochiladi. Dryopteris sporalari qulay sharoitga tushganidan keyin unib, gametofitga aylanadi. Gametofit yuraksimon shakldagi kichkina (eni 2-4 mm), yupqa yashil plastinkadir. Bu plastinka xlorofill donachalariga boy hujayralardan tuzilgan. Hujayralar gametofitning boshidan-oyog`igacha deyarli bir qavat bo`lib turadi va o`rta qismidagina bir necha qavat bo`lib joy oladi, shu o`rta qismning pastki tomonidan bir talay rizoidlar chiqib, gametofitni yerga biriktirib turadi. Jinsiy organlari — anteridiylar bilan arxegoniylar gametofitniig pastki yuzasida paydo bo`ladi, shu bilan birga anteridiylar, asosan, gametofitning orqa qismidan, arxegoniylar oldingi qismidan vujudga keladi. Anteridiy bir qavat parda bilan o`ralgan dumaloq tana bo`lib, ichida spermatozoidlar hosil qiladigan spermatogen hujayralar turadi. Anteridiy yomg`ir yoqqanida yoki ko`p shudring tushganida ochilib, uchidan yoriladi, spermatozoidlar hosil bo`lgan shu yoriqdan suvga tushadi. Spermatozoid shtoporga o`xshab buralgan tanacha bo`lib, oldingi uchida joylashtan bir tutam xivchinlari bor, shu xivchinlari yordami bilan suvda harakat hiladi. Spermatozoidning orqa uchida, tiniq pufakcha — spermagen hujayrasi plazmasining qoldig`i bor. Arxegoniylar odatdagicha tuzilgan. Ular o`zlarining qorin qismi bilan gametofit to`qimasiga botgan bo`lib, kalta bo`yin qismi tashqarigagina chiqib turadi. Qorin qismida tuxum hujayrasi, uning ustida qorin kanal hujayrasi bor, arxegoniyning bo`ynini bo`yin kanal hujayralari egallagan, bu hujayralar ko`pincha bir-biriga qo`shilishgan bo`ladi. Pishib yetilgan arxegoniy uchidan yoriladi, ayni vaqtda kanal hujayralari shilimshiqqa aylanadi. Spermatozoid shu shilimshiq orqali tuxum hujayraga o`tadi va uni otalantiradi. Otalangan tuxum hujayradan embrion paydo bo`ladi. Yetilgan o`simlikda qanday qismlar bo`lsa, embrionda ham shunday qismlar bor, ya`ni unda ildiz, poya, barg (urug`pallasi) va bundan tashqari embrionni gametofitga birlashtirib turuvchi maxsus organ — oyoqcha ham bo`ladi. Asta-sekin o`sib chikqan ildiz tuproqqa kirib boradi; shu bilan bir vaqtda undan yuqoriga qarab poya va birinchi barg chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |