To’qqizinchi yanvar
Insho
Yangi O’zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi,unda mening o’rnim
Reja:
1.Keldi ochilur cho’g’i ,o’zliging namoyon qil…
2.Mening maktab aro buldur murodim…
3.Yangi O’zbekistonni bunyod etgay Uchinchi Renessans-chun tamal toshin qo’yguvchi zotlar,biz-ustozlar!
“ Quyoshliq istasang,kasbi kamol et”
( Alisher Navoiy)
Umr... Besh kunlik dunyo. Ikki eshik orasi. Bu foniy dunyo-sinov.
Barcha mo’min -musulmon farzandlari bizga berilgan umrga-hayotga ana shunday ta`riflarni eshitib, bu fanoda hoy-u havaslarga berilmaslikka undovchi pand-nasihatlar ila voyaga yetganmiz, desam, fikrimga qo’shilasizmi,zamondosh?
Boqiy dunyoda halovat va farog’at istasang , kamtarin va xoksor bo’l,saxovatli va sertavoze bo’l, birovning haqiga ko’z olaytirma, halol rizq ila qanoatlan, harom luqmadan, ma’n etilgan ishlardan nafsingni tiy,deya ta`lim berib o’stirishgan ota-bobolarimiz. Shundanmi, mening tengdoshlarim,zamondoshlarim aksariyatimiz, o’ta sodda, kamsuqum, o’ta tortinchoq va o’ta qo’rqoq ( eng yomoni) avlod bo’lib yetishganmiz. Bunday tarbiya topishimizga sobiq sovet tuzumi , ayniqsa, mustabidona siyosat natijasida xalqning asl farzandlari jismonan yo’q qilinaverishi ham eng katta sabablardan biridir.Xullas, qarshingizda erksevar Cho’lpondan,xalqparvar Qodiriydan jo‘shib yod aytguvchi ,isyonkor Usmon Nosirni yosh qalblarga sevib o’rgatguvchi,lekin uzoq yillar ta`lim tizimi ustidagi hukmron bulutlarga qarshi bosh ko’tarib kurasholmagan zamon quli- 21 yillik pedagog siz bilan suhbat ilinjida eshik qoqib turibdi.
1999-2000 o`quv yilida FARG`ONA DAVLAT UNIVERSITETINI imtiyozli tamomlar ekanman , qarshimda ikki yo`l turar edi: 5-kurs davomida ham o`qib,ham ishlaganim- Quvasoy shahar 12-sonli o`rta maktabda faoliyatimni davom ettirish yoki …
Yoshlik shijoati bilan birga o`z-o`zimga nisbatan talabchanligim meni Quvasoy shahar xalq ta`limi bo`limi mudirasi RA`NOXON OPA XOLMATOVA qabuliga yetaklagani ,opa meni shahardagi 1-sonli iqtidorli bolalar maktabiga yo`llagani kechagidek esimda.
Mening an`anaviy avgust kengashlaridagi 1-ishtirokim ham ajoyib tarzda ,ya`ni katta tadbir sahnasida kechgan edi. O`sha yili xalq ta`limi sohasiga kirib kelayotgan barcha oliy ta`lim bitiruvchilariga o`qituvchi qasamyodini yod olish topshirildi. Barchamizni tinglab ko`rgan metodistlar meni tanlashgan, hatto bizning tayyorgarligimiz bilan shaxsan mudira – Ra`no opa Xolmatovaning o`zi shug`ullanib,qasamyodni qay darajada aytishimni ham eshitib ko`rgan edilar Quvasoy shahridagi 1-IDUM mening mahoratimni tobladi,metodik bilimlar bilan boyitdi..
Shunday qilib kuyib-yonib , sevib-sevinib jajji qorako’zlarimga til ilmi,adabiyot saboqlarini bera boshladim.Lekin har yili barcha kasbdoshlarimni qiynaydian paxta mavsumi , hukmron tabaqalarning hokimona bepisand munosabatlari har safar bosh ko’tarib chiqqaniimda bir so’zni aytib menga zarba bermoqchi bo’lar edilar:
-Nega o’qituvchi bo’lding?
-Endi bizdan emas, shu kasbni tanlaganing uchun o’zingdan xafa bo’l !!
Yangi O’zbekiston men kabi necha yillar majburiy mehnatga jalb etilib kelgan, huquqlari toptlgan, o’zi nihoyat darajada kamsitib kelingan biz kabi ko’p yillik pedagoglar uchun yangi nafaslar, yangi havolar, yangi orzular,yangi g’oyalar,yangi ilhomlar,yangi marralar va`da etmoqda.
Paxta terimi-yu chopig’i, yaganasi-yu boshqa zil-zambil majburiyatlardan xalos bo’la boshlaganimizga ko’p bo’lmadi,lekin shaxsan o’z faoliyatimdan kelib chiqadigan bo’lsam, “ Respublika miqyosida seminar o’tmaysizmi, menga desa, toifa oshirishingizga buning hech daxli yo’q, buning hammasi pul bilan bo’ladi”,deguvchilarning davri o’tgani haqiqat. Navbatdan tashqari attestatsiyalarda o’tgan yili va bu yil qatnashib, oliy toifali o’qituvchi maqomiga erishdim.Bizga shunday imtiyozlarni taqdim etgan va yuksak ehtirom ko’rsatib bizni hurmatlayotgan Prezidentimizning 2020-yil so’ngidagi Oliy Majlisga murojaatnomasi matnini har kun takror va takror o`qib , o’zim uchun yangi marralar olmoqdaman, Murojaatnomada ta`lim va o’qituvchi obro’si, vazifasi, layoqati, ta`lim sifatiga juda katta urg’u berilayotgani mening qalbimni togdek ko’tarish bilan birga, bundan buyon yana ham fidokorroq, yana ham ijodkorroq, yana ham mas`uliyatliroq, yana ham zehnliroq, yana ham mehnatkashroq bo’lishga undamoqda meni. Men o’z ilmim, salohiyatim bilan , o’z kasbimga ishonchim,e`tiqodim bilan Vatanim bag’rini gullatishga , ta`lim oluvchilarim ongini, ma`naviyatini yuksaltirishga , har bir darsim bir-birini takrorlamas darajada yangicha metodlar, yangi ko’rgazmalar bilan boy tarzda sifatli bo’lishiga intilib, kuch-g’ayratim jo’shib ketmoqda.
Shamni ko’r,shamdek bo’l,
Yonib jism-u tan,
O’zgalar umriga
Bo’lmoqda malham, deb yozgan edi bir shoir.
Men esa nainki sham, balki quyosh yanglig’ nur, mehr taratguvchi bir Muallim bo’lib, Vatanim bag’rini gullatib, mehrim bilan obod qilib, korrupsiya atalmish VATAN xoinini kuydirib, kul qilmoqni istayman.
Navoiy bobomiz aytganlaridek,kasbdoshlarimga da`vatim ham ushbudir:
“ Quyoshliq ustasang, kasbi kamol et”
Do'stlaringiz bilan baham: |