LIMFA TUGUNLARI
Limfa tugunlari (noduli limphatici) periferik qon yaratuvchi va immun-himoya a’zolaridan biridir. Garchand har bir tugun unchalik katta bo’lmasa-da, lekin ularning son jihatdan ko’pligi qon yaratilishi va immunitet jarayonlarida yuqori o’rinlardan birini egallaydi. Ularning umumiy og’irligi taxminan 1,5–2 kg gacha yetishi mumkin. Limfa tugunlari limfa tomirlari bo’ylab joylashib quyidagi vazifalarni bajaradi: 1. Limfa tugunlarida T-va B-limfotsitlarning ko’payishi va ularning antigenga mos ravishda ixtisoslanishi kuzatiladi. T- va B-limfotsitlarning o’zaro hamda mikromuhit hujayralari bilan muloqotda bo’lishi ma’lum antigenlarga qarshi spetsifik antitelolar ishlab chiqarishga olib keladi.
2. Tugunlar oqib o’tayotgan to’qima suyuqligini yoki limfani barcha yot antigenlardan tozalaydi. Tugunning bu vazifasiga o’ziga xos biologic filtr sifatida qarash mumkin.
3. Tugunlar to’qima suyuqligi uchun o’ziga xos yig’uvchi a’zo yoki depo bo’lib hisoblanadi. Shuningdek, limfa tugunlarida qon orqali kelgan monotsitlarning makrofaglarga va interdigitirlovchi hujayralarga aylanishi ro’y beradi.
Taraqqiyoti. Limfa tugunlari yaxshigina rivojlangan limfa tomirlari yo’llarida paydo bo’la boshlaydi. Dastlabki limfa tugunlari homila taraqqiyotining uchinchi oyida paydo bo’ladi. Limfa tugunlarini ularning shakllanish xususiyatiga ko’ra 2 gruppaga bo`lish mumkin: 1) birinchi gruppa limfa qopchalari asosida taraqqiy qiladi: 2) ikkinchi gruppa periferik limfa tomirlari chigallari o’rnida rivojlanadi. Har ikkala holatda ham limfa tugunlarining taraqqiyoti bir xilda ko’payuvchi mezenxima hujayralari to’plamlaridan boshlanadi. Limfa tomirlari bo’lajak limfa tugunining negizini tashkil etadi. Tugun kurtagining atrofida joylashgan mezenxima hujayralaridan tugunni o’rab turuvchi kapsula va uning ichkariga kiruvchi to’sinlari hosil bo’ladi. Kurtakning chekkalarida mezenxima hujayralari birlashib qirg’oq sinusini hosil qiladi. Qirg’oq sinusidan ichkariga qarab yo’nalgan va o’zaro birlashuvchi oraliq sinuslar hosil bo’ladi. Shu vaqtning o’zida tugun kurtagining mezenxima hujayralari retikulyar hujayralarga aylanadi.
Limfa tuguni (sxema).1 – kapsula; 2 – trabekula; 3 – limfoid follikul; 4 – mag’iz tasmalar; 5 – kapsula osti sinusi; 6 – oraliq sinus; 7 – markaziy sinus; 8 – qon tomirlar.
Retikulyar hujayralar retikulin tolalar bilan birgalikda bo’lg’usi limfa tugunining to’rsimon tuzilishiga ega bo’lgan asosini yoki stromasini tashkil etadi. To’rsimon stromaning bo’shliqlari to’rtinchi oydan limfotsitlar bilan to’la boshlaydi. B-limfotsitlar dastlab tugunning markazida (bo’lg’usi mag’iz moddasida), so’ngra esa chekka qismida (bo’lg’usi po’stloq moddasida) paydo bo’ladi. T- limfotsitlar esa po’stloq va mag’iz moddalar orasidagi chegara zonada joylashadi. Bu davrga kelib tugun kurtagida mikromuhit yaratuvchi makrofaglar, interdigitirlovchi va dendritli hujayralar ham hosil bo’ladi. Embrion taraqqiyotining oltinchi oyiga kelib limfa tugunlari qon yaratuvchi va immun-himoya a’zolari sifatida shakllanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |