GEMOLIMFATIK TUGUNLARI
Ular odamda juda kam uchrab, asosan qorin aortasi va buyrak arteriyalari atrofidagi yog` to`qimasida joylashishi mumkin. Ular oddiy limfa tugunlaridan quyidagi xususiyatlari bilan farqlanadi.
1. Ular mayda bo`lib, o`lchamlari 0,1 – 0,3 sm dan oshmaydi.
2. Ularda follikullar va mag`iz tasmalari yaxshi rivojlanmagan bo`ladi.
3. Sinuslar, ayniqsa, mag`iz sinuslari keng bo`lib, o`zida ko`p miqdorda eritrotsitlarni va granulotsitlarni tutadi. Embrionda va yangi tug`ilgan chaqaloqda gemolimfatik tugunlarda qonning takomil etuvchi yosh hujayralarini (promiyelotsitlar, miyelotsitlar, normotsitlarni) ko`rish mumkin.
Gemolimfatik tugunlarni ba’zan odamlar va sutemizuvchilarda uchraydigan qo`shimcha mayda taloqlardan ham farq qilish muhimdir:
1. Gemolimfatik tugunlarda albatta olib keluvchi limfatik tomirlar bo`lib, qo`shimcha taloqlarda esa ular yo`qdir.
2. Qo`shimcha taloqlarda uchraydigan maxsus tuzilmalar (follikullar tarkibidagi markaziy arteriyalar, yirik venoz sinuslar) gemolimfatik tugunlarda bo`lmaydi.
Tugunlarning innervatsiyasi. Limfatik tugunlar retseptor va effektor nerv oxirlariga boydir. Tugunga darvoza sohasidan mag`izli va mag`izsiz nerv tolalari kiradi. Ular tugun kapsulasida, trabekulalarda, po`stloq va mag`iz moddalarida retseptor nerv oxirlarini hosil qiladi. Tugundagi effektor nerv oxirlari ikki turli, ya’ni adrenergik va xolinergik bo`ladi.Limfa tugunlari organizmning ulg`ayishi bilan bog`liq holda o`zgaradi. Bu o`zgarish organizmga tushadigan antigenlar bilan chambarchas bog`liqdir. Agar yangi tug`ilgan chaqaloq mikroblardan butunlay holi bo`lgan muhitda saqlansa (gnotobiontlar), undagi limfa tugunlari oxirigacha taraqqiy etmaydi. Follikullar va ularning ko`payishi markazlari rivojlanmay qoladi. Organizmning tashqi muhit antigenlari bilan uchrashuvi limfa tugunlarini yosh organizmda tez voyaga yetkazuvchi asosiy omillardan biri bo`lib hisoblanadi. Qarilik paytiga kelib, limfa tugunlarining faoliyati susayadi.
TALOQ (SPLEN, LIEN)Taloq immun-himoya sistemasining periferik a’zosi bo`lib, organizmda bir qancha muhim vazifalarni o`taydi.
1. Qon yaratuvchi va himoya vazifasi.Taloqda T- va V-limfotsitlarning ko`payishi hamda ularning mikromuhit hujayralari bilan hamkorlikdagi faoliyati kuzatiladi. Shu tufayli taloq hujayraviy va gumoral immunitetda aktiv ishtirok etadi. Bundan tashqari, taloqda yot zarrachalar ushlanib qolib, makrofaglar tomonidan yemiriladi. Embrion taraqqiyoti davomida taloqda granulotsitlar, eritrotsitlar va qon plastinkalari ham hosil bo`ladi. Ammo bu jarayon homila tug`ilishi paytiga kelib yo`qolib ketadi.
2. Taloqda yashash muddatini o`tagan eritrotsitlar va qon plastinkalari yemiriladi. Halok bo`lgan eritrotsitlar makrofaglar tomonidan yutilib, ulardagi gemoglobin parchalanadi. Natijada, o`zida temir saqlovchi transferrin va bilirubin moddalari hosil bo`ladi. Bilirubin qon orqali jigarga borib, u yerda o`t tarkibiga qo`shiladi. Transferrin esa suyak ko`migiga kelib, yangi hosil bo`layotgan eritrotsitlarda gemoglobin sintezi uchun ishlatiladi. Taloqning eritrotsitlarni yemirish xususiyati uni eritrotsitlar «mozori» deyilishiga sabab bo`lgan.
3. Taloqda bir qancha biologik aktiv moddalar ishlanib, ular qizil suyak ko`migida kechadigan eritropoez va trombotsitopoez jarayonlarini boshqarib turadi. Taloqning bu faoliyati juda kuchayib ketsa, qonda eritrotsitlar va trombotsitlar miqdori kamayib ketadi.
4. Taloqda ma’lum miqdorda qon zapasi saqlanib turadiva zarur bo`lganda qon aylanish doirasiga chiqariladi. Shu tufayli taloqni qon deposi ham deyish rasm bo`lgan.
Shunday qilib, taloq faol immun-himoya a’zosigina bo`lib qolmay, balki bir qancha boshqa vazifalarni ham bajaradi. Taloq olib tashlanganda (splenektomiya) organizmning himoya qobiliyati susayadi. Oxirgi yillarda turli xil kasalliklarda (zaharlanish, infeksiyalar) qonni hayvondan olingan taloq orqali o`tkazib tozalash (splenosorbsiya) usuli keng qo`llanilmoqda. Bu taloqning muhim ahamiyatini yanada bir bor tasdiqlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |