Tariqat shayxlariga, xususan Shayx Ashraf Ali Tahonaviyga bog'lanishi. Shayx Muhammad Shafi' rahimahulloh yoshligidan ustozlaridan foyda olishga, buyuk shayxlar suhbatidan istifoda qilishga haris edi. U doim buyuk da'vatchi, «shayxul Hind» mavlono Mahmud Hasan Devbandiy majlislariga hozir bo'lar, uning irfon bulog'idan qonib ichar edi. Shayx Mahmud Hasan Malta oroliga surgun qilingach «hakimul ummat» Tahonaviyga murojaat qildi. Mahmud Hasan Devbandiy Devbandga qaytgach 1339 hijriy sanada u zotga bay'at qildi. Toki shayx Devbandiy vafot etgunga qadar uni lozim tutdi. U zot vafot etgach ikkinchi marta shayx Tahonaviyga murojaat qildi va uning qo'lida 1346 sanada bay'atni yangiladi. Shayx Tahonaviyni o'n olti yil lozim tutdi. Tahonaviy uni yaxshi ko'rar va yaqin as'hoblaridan hisoblar edi. Muhim diniy ishlarda u bilan maslahat qilar edi. Tahonaviy shayx Muhammad Shafi'ga bir nechta kitoblarini yozishda ko'makchi bo'lib o'zining serfayz maslahatlarini bergan edi. U shayx Tahonaviyni 1362 hijriy sanagacha lozim tutdi. 1349 sanada shayx Tahonaviy unga irshod berib tariqatdagi xalifalaridan qildi.
Fatvoga e’tiborlari. Shayx Muhammad Shafi' rahimahulloh Devbandda dars bergan zamonidan boshlab fatvoga alohida e'tibor qaratdi. U ustozi bo'lmish fatvo hay'ati raisi shayx, muftiy Azizur Rahmonga yordamlashib turar edi. Ustoz Azizur Rahmon vafot qilgach bu o'rin bo'shab qoldi. Boshqa ustozlar bu mansabga shayx Muhammad Shafi'ni munosib ko'rishdi. U 1350- 1362 sanalar oralig'ida shu mansabda xizmat qildi. Keyin 1367 hijriy, 1948 melodiy sanada Pokistonga hijrat qildi. U yerda Karochi dorul ulumiga asos soldi. U xalq diniy universitetidir. Bugungi kunda u Pokistondagi eng katta diniy ilmlar markazi hisoblanadi.
Asarlar. Shayx Muhammad Shafi' ummat uchun foydali tafsir, hadis, fiqh, tasavvuf, adabiyot, aqoid, ijtimoiy odob va boshqa mavzularga oid ko'p asarlar qoldirgan. Quyida u zotning ba'zi muhim asarlarini bayon qilib o'tamiz:
1. Maoriful qur'on. Bu urdu tilida yozilgan tafsirdir. U sakkiz mujalladdan iborat bo'lib unda qur'oni karim ma'nolari juda go'zal uslubda sharhlangan.
2. Javohirul fiqh. Bu kitob ko'p so'raladigan savollar mazusini o'z ichiga olgan fiqhiy risolalar majmuasi bo'lib, unda qirqdan ortiq mavzular muolaja qilingan.
3. Xatmun nubuvva. Bu kitob Qodiyoniylarga raddiyadir.
4. Siyratu xotamil anbiyo. Bu asar Rasuli akram sallolloh alayhi va sallamning siyratlarini jamlovchi qisqa asardir.
5. Al-olotul jadida. Bu kitob zamonaviy ixtirolar hukmini bayon qiladi.
6. Ahkomul aroziy.
7. Imdodul muftiyn. Bu kitob Devbandda yashagan paytda chiqargan fatvolari majmuasidir.
8. At-tasrih bima tavotara fiy nuzulil Masih. Bu kitob shayxning ustozi Anvarshoh Kashmiriyning buyrug'i bilan yozilgan arab tilidagi mo'jaz kitobdir. Bunda Iso alayhis salom haqlaridagi hadislar jamlangan.
9. Hadiyyatil mahdiyyin fiy oyoti xotamin nabiyyin. Bu kitob kazzob Qodiyoniylarga raddiya o'laroq yozilgan kitobdir. Buni ham Anvarshoh Kashmiriyning buyrug'i bilan yozgan.